Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Ummu Kulsum binti Uqba

01.08.2016   10186   7 min.
Ummu Kulsum binti Uqba

Bu fazilatli sahobiyaning to‘liq ismlari Ummu Kulsum binti Uqba ibn Abu Muayt Abon ibn Zakvon ibn Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanof ibn Qusay al-Umaviy raziyallohu anhodirlar.

  Alloh taolo O‘z kalomida o‘likdan tirikni chiqarishini, tirikdan esa o‘likni chiqarishini va’da qilgan.  Ya’ni, goho noqobil ota-onadan solih farzandlar, goho esa solih ota-onadan noqobil farzandlar dunyoga keladi. Ne saodatkim, Ummu Kulsum raziyallohu anho dunyoda imon lazzatini totmay yashagan Uqba ibn Abu Muaytning soliha qizi edilar.

  Uqba ibn Abu Muaytning ismi hech qachon yaxshi so‘zlar va maqtovlar bilan eslanmaydi.  Buning sababi bor. U Allohning diniga va Payg‘ambariga qarshi chiquvchi, imkon topdi deguncha oyoqosti qilishga urinuvchi kimsa edi. Ayniqsa Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga ozori qattiq kishilardan biri edi. U Sarvari koinot Ka’ba oldida sajda qilayotganlarida muborak bo‘yinlarini bosib turgan, boshqa safar namoz o‘qiyotganlarida to‘satdan kelib kiyimi bilan bo‘g‘gan, tuyaning qog‘anoqini (ichki a’zosi) yelkalarining o‘rtasiga tashlab, hamtovoqlari bilan miriqib kulgan badbaxt – Uqba ibn Abu Muayt edi. Lekin Allohning irodasi ila Uqbaning honadonida, tarbiyasida katta bo‘lgan qizaloq katta bo‘lgan sari otasiga o‘xshamas, uning badxulqini esa sira hazm qilolmas edi. Dili yorug‘lik tomon intilar, hamma qilgan ishni qilgisi kelmas, turli “olihalar”dan bezor bo‘lgan edi. U misoli tubanlik sahrosida unib-o‘sgan muattar gulga o‘xshardi...

Ummu Kulsum qalbi izlab yurgan osoyishtalik lahzalari yetib keldi. U imon halovatini, lazzatini tuydi. O‘zini eng baxtli inson deya his qildi. Shukronalar aytib Yaratganga bosh egdi...

 Kunlar kelib musulmonlar Makkani tark etib, Madina sari ketar bo‘lganlarida Ummu Kulsum ular bilan yo‘lga chiqolmadi, to‘g‘rirog‘i chiqa olmasdi. Uni qattiqqo‘l akalari bor edi. Lekin, Islom ne’matini qadrlagan va dinning sharafi ostida o‘z qadrini ham bilgan bu fidokor ayol yolg‘iz o‘zi safar tadorigini ko‘rdi. Uyidagilariga Madinaga ketayotganini sezdirmaslik uchun yaqin bir yerga ketayotgandek tutdi o‘zini.  Alloh va Rosulining muhabbatini eng yaxshi hamroh bilib, Madina sari qadamini tezlatdi. Yo‘lda xuzoalik bir kishi kimligini, qayerga ketayotgani so‘radi. Ummu Kulsum raziyallohu anho Rasululloh sallallohu alayhi vasallam huzurlariga borishni juda-juda istayotganini, biroq yo‘lni bilmasligini aytganda haligi xuzoalik: “Men seni kuzatib qo‘yaman!” dedi. So‘ng bir tuya keltirib, Ummu Kulsumni mindirdi-da, yo‘l boshlab ketdi. Yo‘l bo‘yi bir og‘iz gapirmas, indamay ketar edi. Qachon tuyani cho‘ktirsa, bir chetga borib turar, Ummu Kulsum raziyallohu anho pastga tushar edilar. U esa uzoqroqdagi daraxt soyasida dam olardi. Yana tuyaga minsalar, yuzini chetga burib turar, o‘girilib qaramasdi.  Shu tarzda Madinaga ham yetib keldilar. Ummu Kulsum bu xuzoalikning yaxshiligini sira unutmadilar. Haqqiga duo qildilar.

Madina... Ha, bu Madina! Payg‘ambar qo‘nim topgan, do‘stlari kelib tushgan diyor. Yetti yil deganda Rasulullohni ko‘radi. Yetti yil deganda firoq oloviga suv sepadi. Sarosima xayollarni, dildagi alamlarni quvib chiqaradi... Mayli yetti yil keyin ularga yetishgan bo‘lsada, endi ortga qaytmaydi. Garchi “Hudaybiyya” sulhi tuzilgan bo‘lsa ham, garchi Makkadan kelgan musulmonlar Madinadan yana Makkaga qaytarilib yuborilayotgan bo‘lsa ham, Madinada qoladi. Qattiq iltimos qiladi. Zaifligini, alamlarga sabri dosh berolmasligini tushuntiradi... keyin Mumtahana surasidagi quyidagi oyatlar nozil bo‘ldi:

Ey, mo‘minlar! Qachonki, sizlarga (Makka kofirlari tomonidan) mo‘mina ayollar hijrat qilib kelsalar, ularni imtihon qilib ko‘ringiz! Alloh ularning imonlarini (bor yoki yo‘qligini) yaxshiroq biluvchidir. Bas, agar ularning (haqiqatan) mo‘mina ayollar ekanini bilsangiz, u holda ularni kofirlarga qaytarmangiz! Bular (ular) uchun halol emas va ular bular uchun halol emasdir.” (Mumtahana, 10)

Bu qanday bir baxt. O‘zi haqida oyat tushsa-ya!

Ummu Kulsumning hali boshlari ochiq, Makkada oila qurmagan edilar. Birinchilardan bo‘lib Zayd ibn Horisa sovchi qo‘ydilar va nikohlariga oldilar. Oradan bir muddat o‘tib taloq qildilar. So‘ng Abdurrahmon ibn Avf uylandilar. Ular Ibrohim va Hamid ismli ikki o‘g‘il ko‘rdilar. Abdurrahmon ibn Avf vafot etgach, Amr ib Oss raziyallohu anhu o‘z xonadonlariga beka qildilar. Umrlarining oxirigacha Amrning rafiqasi bo‘lib qoldilar. Taqdir hukmi ularni Ali raziyallohu anhu xalifalik qilgan yillarda ayirdi. Amr suyukli umr yo‘ldoshini  foniy dunyodan boqiy dunyoga kuzatarkan: “Alvido, Ummu Kulsum...” deya ko‘zlari namlanib qolgan edi.

Xadichai Kubro ayol qizlar o‘rta maxsus

Islom bilim yurti o‘qituvchisi 

Saidakbarova Nilufar

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayx hazratlarining kitoblari Masjidi Nabaviyda

28.08.2026   22799   1 min.
Shayx hazratlarining kitoblari Masjidi Nabaviyda

Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.

2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.

Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.

Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:

– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.

@islomuz

Shayx hazratlarining kitoblari Masjidi Nabaviyda Shayx hazratlarining kitoblari Masjidi Nabaviyda Shayx hazratlarining kitoblari Masjidi Nabaviyda
O'zbekiston yangiliklari