Arofatga chiqishdan oldin g‘usl qilish sunnatdir. Arofatda turish hajning asosiy rukni bo‘lib, bu ruknsiz haj bo‘lmaydi. Arafa kuni zavoldan boshlab, Arofatda turish vaqti kiradi. Makoni, Arofat deb nomlangan mashhur joy. Arofat chegarasidan boshqa joyda tursa, haji haj bo‘lmaydi. Arofatda Arafa kuni zavoldan hayit kuni tongigacha qay holda tursa ham, bir soat tursa soqit bo‘ladi. Bu yerda ham talbiya aytib turadi. Arofatda ham duoga zo‘r berish kerak, ayniqsa Jabali rahmat ustilariga chiqib duo qilish tavsiya qilingan. Arofatda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib, qasr qilib o‘qiladi, peshin vaqtida. Haj amiri xutba o‘qiydi. Arofatda quyosh botguncha turish vojib hisoblanadi.
Da’vo: Jihodga chiqmagan erkak, erkak emas.
Raddiya: “Jihod” lug‘atda kuch va imkoniyat sarflash ma’nosini anglatadi. Bu aslida harbiy ma’noga ega bo‘lgan so‘z emas. Balki, vatanni dushmanlar tajovuzidan himoya qilish va hokazolar ham kuch va imkoniyat safarbar qilinadigan ishlardan bo‘lganligi uchun u vatan ozodligi, e’tiqod erkinligi yo‘lida kurashish ma’nosida ham qo‘llanila boshlagan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿مَن قَتَلَ نَفْسًۢا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍۢ فِى ٱلْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ ٱلنَّاسَ جَمِيعًا وَمَنْ أَحْيَاهَا فَكَأَنَّمَآ أَحْيَا ٱلنَّاسَ جَمِيعًا ۚ﴾
“Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan bo‘ladi. Kim uni tiriltirsa, xuddi hamma odamlarni tiriltirgandek bo‘ladi” (Moida surasi, 32-oyat).
Boshqa bir oyati karimada esa bitta mo‘min-musulmonni qasddan o‘ldirgan odamning jazosi do‘zaxda abadiy qolishi, Allohning g‘azab va la’natiga uchrashi aytilib, bunday yovuzlikdan qattiq ogohlantirilgan.
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Raddiya: Jihod, da’voda aytilganidek rijollik, ya’ni erkaklik bilan chegaralanib qoladigan narsagina emas. Qolaversa, jihod Islomni kuch bilan yoyish, qurol yordamida tarqatish vositasi emas. Aksincha, dushmanlikni ketkazish, zulmni bartaraf etish va zaiflarni himoya qilish yo‘lidir.
Ogoh bo‘lish lozimki, jihod mazmunidagi hadislardan buzg‘unchi va jinoiy harakatlarni asoslash, qon to‘kishni oqlash hamda musulmonlar orasida fitna chiqarish maqsadida zinhor foydalanib bo‘lmaydi.
Binobarin, Qur’on va Sunnatdagi dalillarga asosan aytishimiz mumkinki, muqaddas e’tiqodimiz bunday amallarni butunlay qoralaydi. Bu aytilgan so‘zlarga Qur’oni karim, hadisi sharif va jumhur musulmon ulamolarining qarorlaridan dalillarni bayon qilamiz:
Alloh taolo Baqara surasining 190-oyatida bunday marhamat qiladi:
﴿وَقَـٰتِلُوا فِى سَبِيلِ ٱللَّهِ ٱلَّذِينَ يُقَـٰتِلُونَكُمْ وَلَا تَعْتَدُوٓا ۚ إِنَّ ٱللَّهَ لَا يُحِبُّ ٱلْمُعْتَدِينَ﴾
“Sizga urush qilayotganlarga qarshi Allohning yo‘lida urush qiling. Va tajovuzkor bo‘lmang. Albatta, Alloh tajovuzkor bo‘lganlarni xush ko‘rmas”.
Mazkur oyati karimada urush qilgan kishilarga qarshi urush qilish va unda haddan oshib tajovuzkor bo‘lmaslik aytilmoqda. Hattoki, urush holatida ham Islom ularga zulm va zo‘ravonlik qilmaslikni buyurmoqda.
Islom dini barcha zamonlarda ham, barcha makonlarda ham va barcha holatlarda ham adolat, ezgulik tarafdori bo‘lib kelgan. Jumladan, e’tiqod masalasida ham hech bir zamonda insonlarni Islomni qabul qilishlari uchun majburlamagan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: “Allohning yo‘liga Allohning ismi ila boringlar. Alloh yo‘lida dushmanlaringizga qarshi urushasizlar. Keksa qariya, yosh bola va ayollarni o‘ldirmang. Ularni kishanband qilmanglar”.
Bu hadisi sharifda ham musulmonlar, boshqa urush olib borayotganlardan farqli o‘laroq, dushman tomonidagi qariyalar, yosh bolalar va ayollarni o‘ldirmaslik hamda ularni kishanband qilib zo‘ravonlik qilmasliklari buyurilmoqda. Agar majburlab Islomga kiritish joiz bo‘lganida, qarshi tomonning ota-onalari, ahli ayollari va farzandlarini kishanband qilib, so‘ngra maqsadlarini bayon qilsalar yaxshi imkoniyat bo‘lmasmidi?!
Vaholanki, musulmon bo‘lmaganlar tomonidan olib borilgan urushlarda bu hadisi sharifda aytilagan so‘zlarning aksini ko‘ramiz.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi