Minoga kelgach tosh otish boshlanadi. Hayitning 1 – kuni yetti dona tosh otiladi. Toshni Muzdalifadan yo xohlagan boshqa joydan terib olsa bo‘ladi. Tosh hajmi no‘xatdek bo‘ladi. Tosh oldin otilgan bo‘lmasligi kerak. Tosh otish Ibrohim (a.s) dan qolgan bo‘lib, u zot o‘g‘lini qurbonlikka so‘yishga olib ketayotganlarida shayton ig‘vo qilmoqchi bo‘lganda, Ibrohim a.s. uni tosh otib quvgan.
Hayitning 1 – kuni Jamratul aqobada tosh otiladi. U jamratul kubro, jamratul uxro deb ham ataladi. Tosh aqobadan besh gaz uzoqlikdan turib, barmoqlarning uchi bilan otiladi. Har bir tosh “Allohu akbar” deb otiladi. Tosh agar maxsus joyga tushmasa, qayta otish vojib bo‘ladi. Birinchi toshni otgan zahoti “talbiya”ni to‘xtatadi. Tosh otish vaqti subhi sodiqdan, keyingi kunning subhigachadir. Tosh otgan zahoti u yerdan ketish kerak bo‘ladi. Keyingi kun subhigacha otilmasa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Kechasi otish makruh. Ammo ayollar, qarilar, kasallar kechasi otgani afzal. Tosh otayotgan joy 2 qavatli bo‘lib, qaysidan otsa ham bo‘laveradi.
Uzrli kishilarni toshini boshqa otsa ham bo‘ladi, faqat avval o‘zinikini otishi shart. Tosh otilgach, ifrod hajni niyat qilgan kishi soch oldiradi. Lekin u agar qurbonlik qilmoqchi bo‘lsa, avval qurbonlik qilib keyin sochini oldiradi. Qiron, Tamattu’dagilar shunday qilishi shart. Endi ehromda man qilingan ishlarning ayollardan boshqasi halol bo‘ladi.
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV