Minoga kelgach tosh otish boshlanadi. Hayitning 1 – kuni yetti dona tosh otiladi. Toshni Muzdalifadan yo xohlagan boshqa joydan terib olsa bo‘ladi. Tosh hajmi no‘xatdek bo‘ladi. Tosh oldin otilgan bo‘lmasligi kerak. Tosh otish Ibrohim (a.s) dan qolgan bo‘lib, u zot o‘g‘lini qurbonlikka so‘yishga olib ketayotganlarida shayton ig‘vo qilmoqchi bo‘lganda, Ibrohim a.s. uni tosh otib quvgan.
Hayitning 1 – kuni Jamratul aqobada tosh otiladi. U jamratul kubro, jamratul uxro deb ham ataladi. Tosh aqobadan besh gaz uzoqlikdan turib, barmoqlarning uchi bilan otiladi. Har bir tosh “Allohu akbar” deb otiladi. Tosh agar maxsus joyga tushmasa, qayta otish vojib bo‘ladi. Birinchi toshni otgan zahoti “talbiya”ni to‘xtatadi. Tosh otish vaqti subhi sodiqdan, keyingi kunning subhigachadir. Tosh otgan zahoti u yerdan ketish kerak bo‘ladi. Keyingi kun subhigacha otilmasa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Kechasi otish makruh. Ammo ayollar, qarilar, kasallar kechasi otgani afzal. Tosh otayotgan joy 2 qavatli bo‘lib, qaysidan otsa ham bo‘laveradi.
Uzrli kishilarni toshini boshqa otsa ham bo‘ladi, faqat avval o‘zinikini otishi shart. Tosh otilgach, ifrod hajni niyat qilgan kishi soch oldiradi. Lekin u agar qurbonlik qilmoqchi bo‘lsa, avval qurbonlik qilib keyin sochini oldiradi. Qiron, Tamattu’dagilar shunday qilishi shart. Endi ehromda man qilingan ishlarning ayollardan boshqasi halol bo‘ladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ba’zan “Qur’onni o‘pish bid’at, salafi solihlardan bunday qilganlari rivoyat qilinmagan, bunday qilish gunoh” degan so‘zlarni eshitib qolamiz. Bu masalaning shar’iy hukmi qanday? Haqiqatan ham Qur’onni o‘pish bid’at va gunohmi yoki shar’an joiz bo‘lgan mandub ishmi?
Hanafiy, shofe’iy, hanbaliy mazhabining jumhur fuqaholari bunday deyishadi: “Mus'haf (Qur’on)ni o‘pish joizdir. Shofe’iylar esa bu mustahab amal”, deb aytishgan.
Qur’onni ulug‘lashdagi asl qoida va komil ehtirom uni xushu’ va tadabbur ila doimiy tarzda tilovat qilish, unga amal qilishdir!
Qur’onni o‘pish amali ila Mus'hafni ulug‘lash, ehtirom va muhabbatni qasd etilsa joiz va mustahabdir.
Qur’onni o‘pish bid’at deydiganlar bu so‘zlariga ibn Hanbal rahimahullohning “Jamodot (jonsiz narsalar)ni to shu ishga shar’iy dalil bo‘lmaguncha o‘pish harom” degan qavlini dalil o‘laroq keltiradilar.
Ibn Hanbal rahimahullohning ushbu fatvosi to‘g‘ri. Ammo bu qavl Hajarul asvad haqida aytilgan. Shuningdek, Qur’onni o‘pishga sahobiylar amalidan hujjatlar bor.
Usmon va Aliy roziyallohu anhumo Qur’onni o‘par edilar. Agar bu ish harom bo‘lsa bu sahobalar bu ishni aslo qilmagan bo‘lar edi.
Ba’zilar: “Qur’onni yuzga surtish bid’at”, deyishadi.
Biz bunga ushbu dalilni keltiramiz:
Misr fatvo hay’atidan Qur’onni o‘pish hukmi haqida so‘ralganida ular bunday javob berishgan edi: “Ulamolar Qur’onning sha’nini ulug‘lash, hurmatini qadrlash qasdi ila o‘pish joizdir. Zotan, Qur’on Allohning kitobi va sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ato etilgan ulkan mo‘jizadir. Qur’onni o‘pish biron bir zarari bo‘lmagan yaxshi ishdir”, deganlar.
Hanafiy ulamolardan Muhammad Haskafiy “Durrul muxtor” kitobida bunday deydi: “Qunya” kitobida Qur’onni o‘pish bid’at deyilgan. Ammo, Umar roziyallohu anhuning har kun ertalab Qur’onni olib o‘pib: “Robbimning ahdi, Robbim azza va jallaning risolasi”, deb aytgani rivoyat qilingan.
Usmon roziyallohu anhu Qur’onni o‘par va yuziga surtar edi.
Shuningdek, Imom Navaviy “Tibyon” asarida buday aytgan: “Doramiy “Musnadi”da Abu Mulaykadan keltirishicha, Ikrima roziyallohu anhu Qur’onni yuziga qo‘yib, “Robbim kalomi, Robbim kalomi”, der edi”.
Ibn Hajar Haytamiy Shofe’iy “Tuhfatul muhtoj fiy sharhil manhaj” kitobi (1/155) da bunday keltirgan: “Imom Subkiy Qur’onni o‘pish joiz ekaniga Hajarul asvadni, olim, solih va ota-onaning qo‘lini o‘pish joizligini qiyosan keltiradi. Zotan bu ishlarning eng afzali Qur’onni o‘pish ekani ma’lum”.
Demak, Qur’onni o‘pish mustahab amal va bu ishni sahobalar roziyallohu anhum qilishgan. Kimdir Qur’onni ehtirom ma’nosida o‘psa joiz amal. Mabodo o‘pmasa ham hech bir zarari yo‘q.
Ammo, Qur’onni o‘pish, yuzga surib ehtirom qilish bid’at deyishning o‘zi bid’atdir.
Zamirbek YO‘LDOSHЕV,
Yangiqo‘rg‘on tumani “Poromon” jome masjidi imom-xatibi