Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2025   |   25 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
21 Iyun, 2025, 25 Zulhijja, 1446

Hajning fazilati

29.07.2016   12674   7 min.
Hajning fazilati

Haj  sharofatli, fazilatli, buyuk ibodatdir.

 Alloh taolo buyurgan  amallarning har birining o‘ziga xos fazilat va hikmatlari mavjud. Islomning beshinchi rukni bo‘lgan haj ibodatining ham fazilatlari bor.

 Darhaqiqat, Makka shahrida Maqomi Ibrohim, Zamzam bulog‘i, Hajarul-asvad, Safo, Marva kabi osori atiqalar mavjudkim, ular uzoq o‘tmishning alomatlaridan hisoblanadi.

 Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

    إِنَّ أَوَّلَ بَيْتٍ وُضِعَ لِلنَّاسِ لَلَّذِي بِبَكَّةَ مُبَارَكًا وَهُدًى لِلْعَالَمِينَ

 Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy – Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lmish (Ka’ba)dir.

  فِيهِ آَيَاتٌ بَيِّنَاتٌ مَقَامُ إِبْرَاهِيمَ وَمَنْ دَخَلَهُ كَانَ آَمِنًا وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ اللَّهَ غَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ

 Unda aniq alomatlar – «Maqomi Ibrohim» bordir. Unga (Ka’baga) kirgan kishi omonda bo‘lur. Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir. Kimda-kim (buni) inkor etsa, bas, albatta, Alloh olamlardan behojatdir.  (“Oli Imron”  surasi, 96-97-oyatlar)

 Bu farzni ado qilgan kishiga ajr-u savoblar sobit bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz alayhissalotu vas-salomdan ko‘plab hadisi shariflar rivoyat qilingan. Jumladan:

 وَعَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ - صلى الله عليه وسلم – " تَابِعُوا بَيْنَ الْحَجِّ وَ الْعُمْرَةِ فَإِنَّهُمَا يَنْفِيَانِ الْفَقْرَ والذُّنُوبَ كَمَا يِتْفِى الْكِيرُ خَبَثَ الْحَدِيدِ وَ الذََّهَّبِ وَ الْفِضَّةِ وَ لَيْسَ لِلْحَجَّةِ الْمَبْرُورَةِ ثَوَابٌ إِلاَّ الْجَنَّةُ" (سنن الترمذى).

Abdulloh ibn Mas’ud r.a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh s.a.v.: “Haj bilan umrani ketma-ket qiling. Albatta, ikkisi xuddi bosqon temir, tillo va kumushning kirini ketkazganidek, faqirlik va gunohlarni ketkazadi. Hajji mabrurning savobi faqat jannatdir”,- deganlar (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

 وَعَنْ ابْنِ عُمَرَ، قَالَ : سَمِعْتُ النبي صلى الله عليه وسلم يقول: "مَا تَرْفَعُ إِبْلُ الْحَاجِّ رِجْلاً وَلاَ تَضَعُ يَدًا إلاَّ كَتَبَ اللَّهُ تَعَالَى لَهُ بِهَا حَسَنَةً ، أِوْ مَحَا عَنْهُ سَيِّئَةَ أَوْ رَفَعَهُ بِهَا دَرَجَةَ " (الشعب حسن)

 Ibn Umar r.a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy s.a.v.: “Hojining ulovi oyog‘ini har ko‘tarib-qo‘yishida Alloh taolo yo ajr-savob bitadi yo biror gunohini o‘chiradi yoki bir daraja maqomini ko‘taradi”,-deganlar  (Imom Bayhaqiy “Shuabul-imon”da rivoyat qilgan).

 وَعَنْ أَبىِ هُرَيْرَةَ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ – صلى الله عليه وسلم – أّنَّهُ قَالَ: "أَلْحُجَّاجُ والْعُمَّارُ وَفْدُ اللَّهِ إِنْ دَعَوْهُ أَجَابَهُمْ وإٍنِ اسْتَغْفَرُوهُ غَفَرَ لَهُمْ" (سنن ابن ماجه حسن لغيره).

 Abu Hurayra r.a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh s.a.v.: “Hojilar va umra ziyoratchilari Allohning mehmonlaridir, duo qilsalar, ijobat qilur, istig‘for aytsalar, mag‘firat qilur”, - deganlar (Abu Moja rivoyati).

 وَعَنْ عَائِشَةَ رّضِىَ اللَّهُ عَنْهَا ، أَنَّ رَسُولَ اللًّهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ لَهَا فِي عُمْرَتِهَا : "إِنَّ لَكِ مِنَ الأَجْرِ عَلى قَدْرِ نَصَبِكِ ونَفَقَتِكِ" (المستدرك للحاكم صحيح)

 Oisha r.a. Umra ibodatini ado etganida Rasululloh s.a.v. unga qarata: “Senga (Umra davomidagi)  qiyinchiliging va nafaqang miqdoricha ajr bo‘lur”,- deganlar.

 وَعَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ السَّاعِدِىِّ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ – صلى الله عليه وسلم – قَالَ :"مَا مَنْ مُلَبٍّ يُلَبِّى إِلاَّ لَبَّى مَا عَنْ يَمِينِهِ وَ شِمَالِهِ مِنْ حَجَرٍ أَوْ شَجَرٍ أَوْ مَدَرٍ حَتَّى تَنْقَطِعُ الأَرْضُ مِنْ هَا هَنَا وَهَا هُنَا" (سنن ابن ماجه صحيح)

 Sahl ibn Sa’d as-So’idiy r. a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh s.a.v.: “Har bir talbiya aytuvchining o‘ng va so‘l tomonidagi to mashriqu mag‘ribgacha bo‘lgan tosh, daraxt, tuproqlar talbiya aytur”, -deganlar.

 وَعَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: "سَمِعْتُ النَّبىَّ  صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ:"مَنْ حَجَّ لِلَّهِ فَلَمْ يَرْفُثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ " (متفق عليه)

 Abu Hurayra r.a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy s.a.v.: “Kim Alloh uchun haj ibodatini nojo‘ya so‘z so‘zlamay, fisqu-fujur qilmay ado etsa, onasidan tug‘ilgan kunidagidek (gunohlardan poklanib)  qaytadi”,- deganlar.

 Bu hadislarning barchasi Haj va Umra ibodatini ado etishning fazli nechog‘lik ulkan ekani va ushbu ibodatini ixlos ila, to‘la-to‘kis ado etgan har bir ziyoratchiga mazkur ajr-savoblar umid qilinishi ta’kidlanmoqda.

 عن أنس بن مالك قال : قال رسول الله صلى الله عليه و سلم : " صلاة الرجل في بيته بصلاة وصلاته في مسجد القبائل بخمس وعشرين صلاة وصلاته في المسجد الذي يجمع فيه بخسمائة صلاة وصلاته في المسجد الأقصى بخمسين ألف صلاة وصلاته في مسجدي بخمسين ألف صلاة وصلاته في المسجد الحرام بمائة ألف صلاة " . رواه ابن ماجه

 Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

 “Kishining uyida o‘qigan namozi bir barobar, masjidda o‘qigan namozi yigirma besh barobar, juma o‘qiladigan jome’ masjidda o‘qigan namozi besh yuz barobar, Masjid ul-Aqso (Quddusi sharif)da o‘qigan namozi ellik ming barobar, mening masjidim (Masjid un-nabaviy)da o‘qigan namozi ellik ming barobar, Masjid ul-Harom (Makka)da o‘qigan namozi esa yuz ming barobar savobi ko‘pdir”. (Ibn Moja rivoyati).

 Shu o‘rinda Payg‘ambarimiz alayhissalomning mazkur hadislaridan biz musulmonlar muborak safar davomida berilgan ulug‘ ilohiy imkoniyatdan, g‘animat damlardan unumli foydalanishimiz zaruratini tushinib olishimiz muhimdir.

 Masalan: bir  kishi  o‘rtacha umri davomida balog‘atga yetganidan umrining oxirigacha 65 yil ibodat qiladigan bo‘lsa,

 1 kunda    - 5 mahal,

 1 oyda      - 30 x 5 = 150 mahal,

 1 yilda    - 365 x 5 = 1825 mahal,

 65 yilda  - 65 x 1825 = 118 625 mahal namoz  o‘qishi kelib chiqadi.

 Masalan, haramda o‘qilgan namozni muqoyasa qilib aytgan hadislarga  e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz a.s.: “Masjid ul-Haromda o‘qigan namozi... yuz ming barobar savobi ko‘pdir,”– deganlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, kishining Masjid ul-Haromda bir marta o‘qigan namozi yuz ming barobar,  besh  marta o‘qigan namozining ajru-savobi besh yuz ming barobar  ko‘p bo‘lishi, bu bilan hoji yoki ziyoratchi kishi o‘rtacha umri bo‘yi o‘qiydigan namozlari yig‘indisidan ham ko‘p ajrga ega bo‘lishi mumkinligi kelib chiqadi.  

 Ulamolarning fikricha, bu yerdagi har bir yaxshi so‘z, har bir yaxshi amalning  ajri-savobi ham yuz ming barobar ko‘pdir. Bunday buyuk imkoniyat va fursatni g‘animat bilishimiz zarur.  

 

Haj va umra
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   3450   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD