Haj sharofatli, fazilatli, buyuk ibodatdir.
Alloh taolo buyurgan amallarning har birining o‘ziga xos fazilat va hikmatlari mavjud. Islomning beshinchi rukni bo‘lgan haj ibodatining ham fazilatlari bor.
Darhaqiqat, Makka shahrida Maqomi Ibrohim, Zamzam bulog‘i, Hajarul-asvad, Safo, Marva kabi osori atiqalar mavjudkim, ular uzoq o‘tmishning alomatlaridan hisoblanadi.
Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
إِنَّ أَوَّلَ بَيْتٍ وُضِعَ لِلنَّاسِ لَلَّذِي بِبَكَّةَ مُبَارَكًا وَهُدًى لِلْعَالَمِينَ
Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy – Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lmish (Ka’ba)dir.
فِيهِ آَيَاتٌ بَيِّنَاتٌ مَقَامُ إِبْرَاهِيمَ وَمَنْ دَخَلَهُ كَانَ آَمِنًا وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ اللَّهَ غَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ
Unda aniq alomatlar – «Maqomi Ibrohim» bordir. Unga (Ka’baga) kirgan kishi omonda bo‘lur. Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir. Kimda-kim (buni) inkor etsa, bas, albatta, Alloh olamlardan behojatdir. (“Oli Imron” surasi, 96-97-oyatlar)
Bu farzni ado qilgan kishiga ajr-u savoblar sobit bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz alayhissalotu vas-salomdan ko‘plab hadisi shariflar rivoyat qilingan. Jumladan:
وَعَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ - صلى الله عليه وسلم – " تَابِعُوا بَيْنَ الْحَجِّ وَ الْعُمْرَةِ فَإِنَّهُمَا يَنْفِيَانِ الْفَقْرَ والذُّنُوبَ كَمَا يِتْفِى الْكِيرُ خَبَثَ الْحَدِيدِ وَ الذََّهَّبِ وَ الْفِضَّةِ وَ لَيْسَ لِلْحَجَّةِ الْمَبْرُورَةِ ثَوَابٌ إِلاَّ الْجَنَّةُ" (سنن الترمذى).
Abdulloh ibn Mas’ud r.a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh s.a.v.: “Haj bilan umrani ketma-ket qiling. Albatta, ikkisi xuddi bosqon temir, tillo va kumushning kirini ketkazganidek, faqirlik va gunohlarni ketkazadi. Hajji mabrurning savobi faqat jannatdir”,- deganlar (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
وَعَنْ ابْنِ عُمَرَ، قَالَ : سَمِعْتُ النبي صلى الله عليه وسلم يقول: "مَا تَرْفَعُ إِبْلُ الْحَاجِّ رِجْلاً وَلاَ تَضَعُ يَدًا إلاَّ كَتَبَ اللَّهُ تَعَالَى لَهُ بِهَا حَسَنَةً ، أِوْ مَحَا عَنْهُ سَيِّئَةَ أَوْ رَفَعَهُ بِهَا دَرَجَةَ " (الشعب حسن)
Ibn Umar r.a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy s.a.v.: “Hojining ulovi oyog‘ini har ko‘tarib-qo‘yishida Alloh taolo yo ajr-savob bitadi yo biror gunohini o‘chiradi yoki bir daraja maqomini ko‘taradi”,-deganlar (Imom Bayhaqiy “Shuabul-imon”da rivoyat qilgan).
وَعَنْ أَبىِ هُرَيْرَةَ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ – صلى الله عليه وسلم – أّنَّهُ قَالَ: "أَلْحُجَّاجُ والْعُمَّارُ وَفْدُ اللَّهِ إِنْ دَعَوْهُ أَجَابَهُمْ وإٍنِ اسْتَغْفَرُوهُ غَفَرَ لَهُمْ" (سنن ابن ماجه حسن لغيره).
Abu Hurayra r.a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh s.a.v.: “Hojilar va umra ziyoratchilari Allohning mehmonlaridir, duo qilsalar, ijobat qilur, istig‘for aytsalar, mag‘firat qilur”, - deganlar (Abu Moja rivoyati).
وَعَنْ عَائِشَةَ رّضِىَ اللَّهُ عَنْهَا ، أَنَّ رَسُولَ اللًّهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ لَهَا فِي عُمْرَتِهَا : "إِنَّ لَكِ مِنَ الأَجْرِ عَلى قَدْرِ نَصَبِكِ ونَفَقَتِكِ" (المستدرك للحاكم صحيح)
Oisha r.a. Umra ibodatini ado etganida Rasululloh s.a.v. unga qarata: “Senga (Umra davomidagi) qiyinchiliging va nafaqang miqdoricha ajr bo‘lur”,- deganlar.
وَعَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ السَّاعِدِىِّ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ – صلى الله عليه وسلم – قَالَ :"مَا مَنْ مُلَبٍّ يُلَبِّى إِلاَّ لَبَّى مَا عَنْ يَمِينِهِ وَ شِمَالِهِ مِنْ حَجَرٍ أَوْ شَجَرٍ أَوْ مَدَرٍ حَتَّى تَنْقَطِعُ الأَرْضُ مِنْ هَا هَنَا وَهَا هُنَا" (سنن ابن ماجه صحيح)
Sahl ibn Sa’d as-So’idiy r. a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh s.a.v.: “Har bir talbiya aytuvchining o‘ng va so‘l tomonidagi to mashriqu mag‘ribgacha bo‘lgan tosh, daraxt, tuproqlar talbiya aytur”, -deganlar.
وَعَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: "سَمِعْتُ النَّبىَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ:"مَنْ حَجَّ لِلَّهِ فَلَمْ يَرْفُثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ " (متفق عليه)
Abu Hurayra r.a. dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy s.a.v.: “Kim Alloh uchun haj ibodatini nojo‘ya so‘z so‘zlamay, fisqu-fujur qilmay ado etsa, onasidan tug‘ilgan kunidagidek (gunohlardan poklanib) qaytadi”,- deganlar.
Bu hadislarning barchasi Haj va Umra ibodatini ado etishning fazli nechog‘lik ulkan ekani va ushbu ibodatini ixlos ila, to‘la-to‘kis ado etgan har bir ziyoratchiga mazkur ajr-savoblar umid qilinishi ta’kidlanmoqda.
عن أنس بن مالك قال : قال رسول الله صلى الله عليه و سلم : " صلاة الرجل في بيته بصلاة وصلاته في مسجد القبائل بخمس وعشرين صلاة وصلاته في المسجد الذي يجمع فيه بخسمائة صلاة وصلاته في المسجد الأقصى بخمسين ألف صلاة وصلاته في مسجدي بخمسين ألف صلاة وصلاته في المسجد الحرام بمائة ألف صلاة " . رواه ابن ماجه
Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Kishining uyida o‘qigan namozi bir barobar, masjidda o‘qigan namozi yigirma besh barobar, juma o‘qiladigan jome’ masjidda o‘qigan namozi besh yuz barobar, Masjid ul-Aqso (Quddusi sharif)da o‘qigan namozi ellik ming barobar, mening masjidim (Masjid un-nabaviy)da o‘qigan namozi ellik ming barobar, Masjid ul-Harom (Makka)da o‘qigan namozi esa yuz ming barobar savobi ko‘pdir”. (Ibn Moja rivoyati).
Shu o‘rinda Payg‘ambarimiz alayhissalomning mazkur hadislaridan biz musulmonlar muborak safar davomida berilgan ulug‘ ilohiy imkoniyatdan, g‘animat damlardan unumli foydalanishimiz zaruratini tushinib olishimiz muhimdir.
Masalan: bir kishi o‘rtacha umri davomida balog‘atga yetganidan umrining oxirigacha 65 yil ibodat qiladigan bo‘lsa,
1 kunda - 5 mahal,
1 oyda - 30 x 5 = 150 mahal,
1 yilda - 365 x 5 = 1825 mahal,
65 yilda - 65 x 1825 = 118 625 mahal namoz o‘qishi kelib chiqadi.
Masalan, haramda o‘qilgan namozni muqoyasa qilib aytgan hadislarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz a.s.: “Masjid ul-Haromda o‘qigan namozi... yuz ming barobar savobi ko‘pdir,”– deganlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, kishining Masjid ul-Haromda bir marta o‘qigan namozi yuz ming barobar, besh marta o‘qigan namozining ajru-savobi besh yuz ming barobar ko‘p bo‘lishi, bu bilan hoji yoki ziyoratchi kishi o‘rtacha umri bo‘yi o‘qiydigan namozlari yig‘indisidan ham ko‘p ajrga ega bo‘lishi mumkinligi kelib chiqadi.
Ulamolarning fikricha, bu yerdagi har bir yaxshi so‘z, har bir yaxshi amalning ajri-savobi ham yuz ming barobar ko‘pdir. Bunday buyuk imkoniyat va fursatni g‘animat bilishimiz zarur.
Xabar berganimizdek, Jidda shahrida Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi va Musulmon olami uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan «Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda din peshvolarining roli» mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qatnashdi.
Shuningdek, anjumanda Masjid al-Harom imomi Shayx Solih bin Humayd, Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi Bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano, Musulmon olami uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad Abdulkarim al-Iso, Misr muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, taniqli ulamolar, yetuk faqihlar, muftiylari hamda tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
Ilmiy ma’ruzalar va muhokamalarda bir qator muhim jihatlar va amaliy tavsiyalar ilgari surildi. Jumladan:
– zo‘ravonlikni qat’iy qoralash: Ayollarga nisbatan har qanday jismoniy, ruhiy, iqtisodiy yoki kiber tajovuz Islom shariatining inson qadr-qimmati, rahmat va adolatga asoslangan bosh maqsadlariga zid va zulm ekani fiqhiy jihatdan asoslandi;
– diniy tamoyillarni targ‘ib etish: oila boshlig‘i bo‘lgan erning asosiy vazifalari ayolni nafaqa bilan ta’minlash, himoyalash va unga g‘amxo‘rlik qilish ekani qayd etildi. Ayolning ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki kafolatlangani ta’kidlanib, zararli illatlarga barham berish lozimligi aytildi;
– oilani mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash: yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish, nikohlanuvchilarni tibbiy-psixologik ko‘rikdan o‘tkazish tizimini kuchaytirish hamda imom-xatiblar ishtirokida oilaviy maslahatxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish tavsiya etildi;
– himoya va ko‘mak tizimini joriy etish: jabr ko‘rgan ayollarga tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarini kengaytirish, xavfsiz boshpanalar va «ishonch telefonlari» tizimini samarali joriy etish zarurligi belgilandi;
– xalqaro va mahalliy hamkorlik: davlat idoralari, diniy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda ilg‘or tajribalarni almashish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati