Umra ibodatini mukammal ado qilish uchun kishi o‘zini har tomonlama tayyorlaydi. Barcha amallar niyatga bog‘liq bo‘lgani uchun, ibodatda yagona maqsad Alloh taoloning roziligini istash bo‘lishi kerak.
Agar dunyo noz – ne’matlariga erishmoqchi, “hoji” yoki “umraga borgan” nomlarini qozonmoqchi, “ho‘ja ko‘rsin” yoki asosiy maqsadi o‘zga yurtlarni sayr qilib, bir yo‘la umrani ado etib kelmoqchi bo‘lsa, umra ibodati qabul bo‘lmaydi. Alloh taolo buyuradi:
“Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting!”. Baqara surasi, 196.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan naql qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Umra keyingi umragacha qilgan gunohlariga kafforatdir...”. Sahihi Buxoriy, 1773.
Ato roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Ibn Abbos roziyallohu anhu aytdilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ansoriy ayolga: “....Ramazon oyi kelsa u oyda umra qilgin, chunki ramazon oyidagi umra haj qilgan bilan barobar savobga egadir”-dedilar. Termiziy rivoyati.
Mazhabimiz xulosasiga ko‘ra umra sunnati muakkadadir. U buyuk ziyoratdir! Zero, musulmon kishi bunda butun qalbi, ruhi va badani ila Alloh taolo uchun eng suyukli bo‘lgan joyni ziyorat qiladi. Bu omonlik diyorida ko‘ngillar xotirjam bo‘ladi, ko‘zlar esa uni ko‘rishlikka oshiq bo‘ladi. Bu diyor musulmonlar qalbidan ulkan o‘rin egallagan Makka va Madinadir.
Hammamizga ma’lumki, umra qilishni qasd qilgan har bir musulmon ulug‘ ibodatni to‘la-to‘kis ado etishni istaydi. O‘z-o‘zidan biz uchun bu nafaqat ibodat, balki uzoq masofali safar hamdir. Shu sababli, umra qilishni qasd qilgan har bir kishi umra qonun – qoidalari bilan bir qatorda safar qoidalari va odoblarini yaxshilab o‘rganishi lozimdir. Ular quyidagilardir:
“Astavdi’ukumulllohal-laziy la tazi’u vada’iuhu (ma’nosi: “Sizlarni Unga topshirilgan omonatlar zoye bo‘lmaydigan Zot Allohga omonat topshirdim”)”. Ibni Moja rivoyati;
Ibni umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarga chiqib tuyalariga o‘rnashsalar Allohga hamd (Alhamdulillah), tasbeh (Subhanalloh) va uch marotaba takbir (Allohu akbar)ni aytib shunday derdilar: “Subhanallaziy saxxoro lana haza va ma kunna lahu muqriniyn. Va inna ila Robbina munqolibun. Allohumma inna nas’aluka fiy safarina haza al-birro vat-taqva va minal amali ma tarzo. Allhumma havvin safarona haza vatvi anna bu’dahu. Allohumma antas-sohibu fis-safari val xolifatu fil ahli. Allohumma inniy a’uzu bika min va’sais-safar va kaabatil manzor va suil munqolab fil ahli val mali val valad” (ma’nosi: “Bizlarga bu (ulov)ni bo‘ysundirib qo‘ygan zotga tasbeh aytamiz. Bizlar o‘zimiz bunga qodir emas edik. Albatta, bizlar (barchamiz) Rabbimiz (huzuri)ga qaytuvchidirmiz. Yo, Alloh! Biz Sendan ushbu safarimizda yaxshilik, taqvo va O‘zing rozi bo‘ladigan amalni so‘raymiz. Yo, Alloh! Ushbu safarimizni yengillashtir va uzog‘ini yaqin qil. Yo, Alloh! Sen safarda hamroh va ahli-oilaga kafildirsan. Yo, Alloh! Men Sendan safar qiyinchiliklari, g‘amga soluvchi manzara hamda ahli-oila, mol va farzandga yomon holda qaytishdan panoh tilayman”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytganlarida esa: “Ayibuna taibuna abiduna lirobbina hamiduna” (ma’nosi: “Yo, Alloh! Qaytishimizni tavba qiluvchi, ibodat qiluvchi va hamd aytuvchi holda qilgin”), jumlasini qo‘shib qo‘yardilar. Muslim rivoyati.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon ulovga minmoqchi bo‘lsalar oyoqlarini uzangiga qo‘yishlari bilan: “Bismilloh”, – der ekanlar. Egarga o‘rnashib olganlaridan keyin: “Alhamdu lillahi ala kulli hal. Subhanallaziy saxxoro lana haza, vama kunna lahu muqriniyn. Va inna ila Robbina lamunqolibun”, – deb qo‘yar ekanlar. Ulovga miniladigan hayvonlardan tashqari zamonaviy yo‘l vositalari ham kiradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Uchta duo borki, shaksiz mustajobdir. Mazlumning, musofirning va ota-onaning farzandiga qilgan duosi”. Termiziy rivoyati.
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu aytdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:“Mening ushbu masjidimda o‘qilgan namoz undan boshqa masjidlarda o‘qilgan mingta namozdan afzaldir. Faqatgina masjidul harom bundan mustasnodir. Masjidul haromda o‘qilgan namoz mening masjidimda o‘qilgan yuzta namozdan afzaldir”. Imom Ahmad rivoyati.
Alloh taolo umra ziyoratiga otlangan vatandoshlarimizning safarlarini bexatar, ibodatlarini o‘z dagohida qabul qilsin!
Jahongir Ubaydulloh,
T
O‘zbekiston musulmonlari idorasida "Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish" mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish markazi mutaxassisi Asomiddin Ibragimov bugungi kundagi yuqumli kasalliklarning xavfi, ulardan himoyalanish usullari haqida ma’ruza qilib berdi.
Islom dini ta’limotlarida ham inson salomatligiga sabab bo‘luvchi narsalarga buyurilgan. O‘z navbatida, salomatlikka zarar yetkazuvchi narsalardan saqlanish targ‘ib qilingan.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Allohdan yaqiynni va mustahkam sog‘likni so‘ranglar. Zero, odamlarga yaqiyn va mustahkam sog‘likdan ko‘ra yaxshi narsa berilmagan», deganlarini eshitdim” (Imom Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisi sharifga ko‘ra esa, avval tuyani bog‘lab, ya’ni sababni yuzaga chiqarib, so‘ngra Allohga tavakkal qilishga chaqirilganmiz. Shunga binoan salomatligimiz borasida qayg‘urib, uning ehtiyotini qilish mandub amallar sirasidan.
– Ayni paytda yurtimizda 27 turdagi yuqumli kasallik nomi ma’lum bo‘lib, ularning aksariga qarshi davo choralari bor, – dedi shifokor A.Ibragimov. – Hozircha butkul tuzatish imkoni bo‘lmagan ayrim kasallik turlarining viruslarini kamaytirish va muzlatib qo‘yish amaliyoti qo‘llanadi. Davlatimiz tomonidan keyingi paytlarda gepatit S va boshqa shu turdagi kasalliklarga qarshi bepul dori vositalari ham tarqatilmoqda. Lekin eng yaxshisi, kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olishdir. Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish shuning uchun ham juda muhim sanaladi. Zero, Yaratganning bizga beradigan har qanday in’omi salomatlik ne’mati bilan birga tatiydi.
Qiziqarli o‘tgan davra suhbatida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati