Abu Dovud Sulaymon ibn Ash’as ibn Is'hoq al-Azdiy Sijistoniy hujjat bilan hukm qiluvchi, huffozlarning sayyidi, hadislarni tahlil etuvchi «Kitobi Sahih» deb tan olingan olti muhaddisning biridurlar. Nisbatlari Basra qishloqlarining biri bo‘lgan Sijistongadir.
Bu zot 202 hijriy sana Basrada tavallud topdilar. Hadislarni to‘plashda Iroq, Xuroson, Shom, Misr, Arabiston Jazirasi kabi yurtlardagi ulamolar huzurida bo‘lib chiqdilar. 221 hijriy sanada Kufaga safar qildilar va ana shu yerdagi kishilardan ham hadislarni eshitib rivoyat qildilar.
Ulamolar bu zotda bo‘lgan sifatlarni ko‘p zikr qilishadi. Amr ibn Ali Bohiliy: «Imom Abu Dovud duosi ijobat bo‘luvchi kishilardan edilar»-deb aytadi. Muhammad ibn Sa’d Zuhariy: «Bu zot obid, taqvoli, fozil, solih, pok kishilardan edilar»-deb aytadi. Abu Hotim ar-Roziy: Bu zotdek tazarru’li va bu kishidek hujjati ishonchli kishini ko‘rmaganman» - degan.
Abu Dovudning «Sunan» kitoblari to‘g‘risida ham ulamolar g‘oyatda maqtov fikrlar bildirishgan: Zakariyo Soniy aytadi: «Qur’on Islomning asli, «Sunani Abu Dovud» Islomning ahdidir». Ulug‘ zotlardan Xattobiy: «Bu kitob ikkita sahih kitobdan ko‘ra faqihroq va hadis ilmida buning singari kitob tasnif etilmagan» -deb aytadi.
Imom Abu Dovud hammasi bo‘lib 50000 hadis rivoyat qilib, bulardan 4800-ta sahih hadisni «Sunan» kitoblariga kiritdilar. Imom Abu Dovudning «Sunan» kitoblariga ko‘plab sharh va muxtasarlar yozildi.
Bu zot hadislarni Muslim ibn Ibrohim, Sulaymon ibn Xarb, Abu Umar Havziy, Abu Valid Tayolisiy, Abu Muammar al-Muaqqad, Abdulloh ibn Maslama al-Qa’nabiy, Ahmad ibn Hanbal, Usmon ibn Shayba, Amr ibn Avn, Hishom ibn Ammor Dimashqiy, Rabiy’ ibn Nofi’ Halabiy, Ahmad ibn Solih Misriy va boshqa bir nechta jamoat kishilardan eshitdilar.
Imom Abu Dovuddan Termiziy, Nasaiy, o‘g‘illari Abdulloh, Ahmad ibn Muhammad ibn Horun, Ali ibn Husayn ibn Abd, Muhammad ibn Muhammad ad-Davriy, Ismoil ibn Muhamad Saffor, Ahmad ibn Salmon Najjor va boshqa bir necha kishilar rivoyat qilishdi.
Imom Abu Dovud hijratning 275 yili, Shavvol oyining 16-kunida Basrada vafot etdilar.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mushriklar hujumiga duch keldilar. Masjidi Haramda namoz o‘qiyotganlarida mushriklar bostirib kirib, u zotning jonlariga qasd qilmoqchi bo‘lishdi. Bo‘yinlariga arqon solib, bo‘g‘moqchi bo‘lishdi. Bu holni ko‘rgan Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu mushriklarning yoniga borib, ularga qarata: «Bir odamni "Robbim Alloh" degani uchun o‘ldirmoqchimisiz?» deb xitob qildilar. U zot o‘zlarini o‘rtaga qo‘yib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni qutqarish fikrida edilar. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu muvaffaqiyat qozondilar, mushriklar Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamni o‘z holiga qo‘yib, ularga qarshi chiqayotgan hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuga yuzlanishdi. Yolg‘iz o‘zlari ularga qarshi chiqdilar. Umrida biror inson bilan janjallashmagan hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu atrofini qurshagan mushriklarning tarsakilari, musht va tepkilariga o‘zlarini tutib berdilar. Bu ham Rasulullohga bo‘lgan muhabbatdan boshqa narsa emas edi.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi