Bismillahir rohmanir rohim
Alhamdulillahi robbil a'lamin. Allohumma solli ala sayyidina Muhammad va a'la a'lihi va ashabihi ajma'iyn.
Mo''tadillik, ishlarda o'rta yo'lni tutish Islom ummatiga xos. Alloh taolo islom ummatini boshqa ummatlar ichida o'rta ummat qilgan. Bu haqda Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:
وَكَذَلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطًا لِتَكُونُوا شُهَدَاءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيدًا
ya'ni: “Shuningdek, sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh bo'lishingiz va Payg'ambarning sizlarga guvoh bo'lishi uchun “o'rta ummat” qilib qo'ydik” (Baqara surasi, 143-oyat).
Oyati karimadagi “o'rta ummat”ning ma'nosi adolatli, eng yaxshi va turli fazilatlarga ega bo'lishdir. Mana shu oyati karima dalolati bilan Islom ummati afzal ummat hisoblanadi. Bunga quyidagi oyati karima ham dalolat qilib turadi:
كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ
ya'ni: “Odamlarga chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma'ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat).
Alloh taolo o'z o'rnida Ahli sunna val jamoa (mashhur to'rt mazhab ergashuvchilari)ni boshqa islomiy firqalar ichida vasatiylik-mo''tadillik bilan ajratib qo'ydi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
لَا تَزَالُ طَائِفَةٌ مِنْ أُمَّتِي ظَاهِرِينَ عَلَى الْحَقِّ، لَا يَضُرُّهُمْ مَنْ خَذَلَهُمْ، حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللهِ وَهُمْ كَذَلِكَ
(رَوَاهُ الامام مُسْلِمٌ عَنْ ثَوْبَانَ رضِيَ اللهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Ummatimdan bir toifa haqda zohir bo'lgan hollarida davom etarlar, ularni tark qilgan kishi ularga zarar keltira olmas. Allohning amri kelgunicha ular o'sha holda bo'lurlar” (Imom Muslim rivoyatlari).
Hulosa qilib aytganda Ahli sunna val jamoa ham din ishlari: e'tiqod, ilm, amal va axloqda mo''tadildir. Sog'lom fikrli inson yaxshi anglaydiki, Islom dini ta'limotida mo''tadillik g'oyasi yotadi va unga ergashish insoniyatni hech qachon zalolatga boshlamaydi. Zero, mo''tadillik bu – haddan oshish yoki sustkashlikka yo'l qo'yish, qattiq olish yoki o'ta bo'sh qo'yib yuborish o'rtasida bo'lib, mana shu muvozanatni saqlagan kishi to'g'ri yo'ldan adashmaydi.
SALIMHON JAMOLIDDINOV
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati