Bayhaqiy va Daylamiy Fotima onamizdanrivoyat qiladilar: ««Hadid», «Voqi’a» va «Ar-Rohman»ni o‘quvchi yeru osmon farishtalari ichida «Firdavsda yashovchi» deb chaqiriladi».
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu betob bo‘ldi. Uni ko‘rish uchun Usmon roziyallohu anhu keldi va: «Nima shikoyating bor?» deb ko‘ngil so‘radi. Abdulloh: «Gunohimdan shikoyat qilaman», dedi. Usmon: «Nima istaysan?» deb so‘radi. Abdulloh: «Robbimning rahmatini», dedi. Usmon: «Tabib chaqirtiraymi?» deb so‘radi. Abdulloh: «Tabibning O‘zi meni bemor qildi», dedi. Usmon: «Nima keltirishlarini buyurayin?» dedi. Abdulloh: «Hech narsa kerakmas», dedi. Usmon: «Hech bo‘lmasa sendan keyin qizlaringga...» dedi. Abdulloh: «Qizlarimning faqir bo‘lib qolishlaridan xavotir olyapsanmi? Men ularga har kuni kechqurun «Voqi’a» surasini o‘qib turishlarini buyurdim. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim «Voqi’a» surasini har kecha o‘qisa, unga hech qachon yo‘qchilik yetmaydi», deganlarini eshitganman», dedi».
«Agar nafsingda biror vasvasani sezsang,
هُوَ الْأَوَّلُ وَالْآَخِرُ وَالظَّاهِرُ وَالْبَاطِنُ وَهُوَ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ
«U Avvaldir, Oxirdir va Zohirdir va Botindir. Va U har bir narsani bilguvchidir», («Hadid» surasi, 3-oyat) degin»[1].
Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar alayhissalomga o‘qib berdim va ushbu:
لَوْ أَنْزَلْنَا هَذَا الْقُرْآَنَ عَلَى جَبَلٍ ...
«Agar ushbu Qur’onni toqqa tushirganimizda...» («Hashr» surasi, 21-oyat) oyatiga yetganimda, menga: «Qo‘lingni boshingga qo‘y! Chunki Jabroil alayhissalom buni menga olib tushganida menga: «Qo‘lingni boshingga qo‘y, chunki bu o‘limdan boshqa har qanday dardga shifodir», degan», dedilar».
[1] Abu Dovud Ibn Abbos roziyallohu anhudan mavquf holda rivoyat qilgan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV