«O‘zbekiston – muqaddas Vatan, ota-bobolarimiz yotgan yer, o‘zimiz yotadigan yer. Farzandlarimizni shu zaminga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalblarida shu muborak zaminning har qarichiga mehru muhabbat uyg‘otish bugungi kunning eng ustivor fazilatlaridan biriga aylanayotgani hammamizni quvontiradi».
Islom Karimov
O‘zbekiston mustaqilligining 25 yili mobaynida barcha sohalar qatori diniy sohada ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishildi. Bu davrda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida erishilgan eng katta yutuqlarimizning asosiylarini eslasak, quyidagilarni aytish mumkin:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida erishilgan eng katta yo‘nalishdagi yutuqlardan biri - bu diniy sohadagi matbuot, davriy nashr va milliy domenda yurtimiz musulmonlari uchun faoliyat olib borayotgan elektron internet saytlaridir.
Haq subhonahu va taolo Kalomi sharifida marhamat qilib, O‘zi bandalari uchun bergan ne’matlari haqida odamlarga yetkazish va bu ne’matlar shukronasini bildirish kerakligi haqida shunday bayon qiladi:
Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga)
so‘zlang! (Zuho surasi, 11 – oyat).
No‘mon ibn Bashir (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kim ozga shukr qilmasa, ko‘pga shukr qila olmaydi. Kim insonlarga shukr qilmasa, Allohga shukr qila olmaydi. Ne’matlarni gapirish shukrdir.”
Yaratgan Zot O‘zi biz bandalariga ne’matlari haqida so‘zlashimizni buyurgani va Payg‘ambarimiz s.a.v. “ne’matlar haqida gapirish shukrdir”,- deb marhamat qilganlari aynan matbuot va nashriyot sohasida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan qalamkash ijod ahliga ham taalluqlidir. Zero barchaga, xususan yurtimiz musulmonlariga mustaqillikdek buyuk ne’mat sharofati bilan erishilayotgan yutuqlar haqida yozish, gapirish va ular haqida yetkazish ijod ahlining to‘g‘ridan to‘g‘ri bajaradigan sharafli vazifasidir.
Darhaqiqat, mustaqillik sharofati bilan diniy ijod ahliga erkinlik berilib, tinchlik va ezgulik dini bo‘lgan muqaddas Islom dinining va mamlakatimiz musulmonlari hayotining barcha jabhalari haqida ijod qilishga ilhom berdi.
Jaloliddin Nuriddinov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi