Hind bint Suhayl ibn Mug‘ira yoki Hind binti Abu Umoma (r.a.). Kunyasi Ummu Salama. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning ayollaridan biri, “Mo‘minlarning onasi” degan rutbaning sohibasi.
Otasi Suhayl ibn Mug‘ira ibn Abdulloh ibn Umar ibn Maxzum ibn Yaqaza ibn Murra.
Onasi Otika bint Omir ibn Robi’a ibn Molik ibn Xuzayma ibn Alqama ibn Firos ibn G‘anm ibn Kinona.
Ummu Salama (r.a.) boy-badavlat sharoitda, aql-zakovatli, es-hushli va farosatu nazokatda tengi yo‘q qizlardan bo‘lib o‘sdilar. O‘ta zehnli, oqila va ilmga haris bo‘lganlari sababli Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ga turmushga chiqqanlaridan so‘ng, ulardan turli masalalarni so‘rashdan zerikmas edilar. Ular savollarni asosan ayollar nuqtayi nazaridan berar edilar, bu esa o‘z navbatida shariatga bir qancha yengillik hukmlari kirib qolishiga ham sabab bo‘lgan. Hind bint Abu Umoma (Ummu Salama) fasohat, she’r va adabiyotda ham mohir bo‘lganlar.
Ummu Salama (r.a.)ning birinchi turmush o‘rtoqlari Abu Salama laqabli Abdulloh ibn Abdul-Asad bo‘lgan. U kishi hijriy uchinchi yilda vafot etgan. Shundan so‘ng Ummu Salamaga Abu Bakr, Umar kabi mashhur sahobalardan sovchi kelgan. Ammo, oxiri Ummu Salama (r.a.)ga Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlari uylanganlar.
Ummu Salama (r.a.)ning to‘rt farzandlari bo‘lib, barchasi Abu Salamadan bo‘lgan. Ular: Zaynab, Salama, Umar va Durra.
Hind bint Suhayl (r.a.)ning eri Abdulloh ibn Abdul-Asadning onasi Barra bint Abdulmuttalib o‘sha vaqtdagi ko‘zga ko‘ringan oiladan edi. Barraning jiyani Muhammad ibn Abdulloh (sollallohu alayhi vasallam)ning payg‘ambar bo‘lgani haqidagi xabarni eshitib, Hindning eri Abdulloh ibn Abdul-Asadning tinchi buzilib, tog‘asining o‘g‘li targ‘ib qilayotgan yangi dinga juda ham qiziqib qoladi. Buning ustiga ular emikdosh aka-uka ham edilar. U harakat qilib, o‘n kishidan keyin o‘n birinchi musulmon bo‘ldi. Shundan so‘ng Ummu Salama (r.a.) ham islomni qabul qilgan.
Habashiston hijrati e’lon qilingach Ummu Salama (r.a.) Abdulloh ibn Abdul-Asad bilan birga yo‘lga chiqishadi. U yerda ular bir qiz va bir o‘g‘il farzand ko‘rdilar. Qizlariga Zaynab, o‘g‘illariga Salama deb ism qo‘ydilar. O‘g‘il farzandli bo‘lganlaridan so‘ng ularni Ummu Salama, erlarini esa Abu Salama deb nomlaydigan bo‘ldilar, natijada kunyalari ismlaridan ko‘ra mashhur bo‘lib ketdi.
Hind bint Abu Umoma (r.a.) Abdulloh ibn Abdul-Asad bilan birga Madinaga ham hijrat qilganlar. Ular Madinaga hijrat qilgan birinchi ayol hisoblanadilar.
Badr va Uhud urushlarida Hind bint Abu Umomaning eri Abdulloh ibn Abdul-Asad ham ishtirok etgan. Uhud jangida Abu Salama bilagidan yaralanadi va mazkur jarohat sababli vafot etadi.
Abdulloh ibn Abdul-Asad (r.a.)ning vafotidan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bu fidokor sahobiyani o‘ziga yarasha taqdirlashga qaror qildilar. Idda muddati tugagach, Ummu Salama Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) turmushga chiqdilar va u zotning zavjalaridan biri bo‘lib, mo‘minlarning onasi degan unvonga ega bo‘ldilar.
Ummu Salama (r.a.) Payg‘ambar (alayhis-salom) vafotlaridan keyin doimo ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Faqat hazrati Ali (r.a.)ning davrlaridagina u kishini yoqlab, bir marta oldilariga o‘g‘illari Umarni olib keldilar va: “Ey mo‘minlarning amiri, agar Allohga osiy bo‘lishdan qo‘rqmaganimda va sizning qabul qilmasligingizni bilmaganimda, albatta, siz bilan birga chiqqan bo‘lar edim. Allohga qasamki, o‘g‘lim men uchun o‘zimdan ham aziz. U siz bilan chiqib, urushlaringizda qatnashadi”, dedilar.
U kishi hadis rivoyat qilishda ayollar orasida Oisha (r.a.)dan keyingi o‘rinda turadilar. Xonadonlarida vahiy nozil bo‘lishiga shohid bo‘lganlar. Ulardan jami 378 hadis rivoyat qilingan. Imom Buxoriy va Imom Muslimlar birgalikda Ummu Salam (r.a.)dan 29 hadis keltirganlar, shundan 13 tasi har ikki imomda ham kelgan, 3 tasi faqat Imom Buxoriyda, 13 tasi faqat Imom Muslimda kelgan.
Buyuk sahobiya hijriy 59 yoki 62 yili, 84 yoshlarida vafot etdilar. Ular mo‘minlarning onalaridan eng oxiri vafot etgani hisoblanadilar. Vasiyatlariga muvofiq janozalarini Abu Hurayra (r.a.) o‘qib, o‘g‘illari Salama va Umar (r.a.) hamda yana ba’zi mahramlar qabrga qo‘ygan.
“101 sahobiy” kitobi asosida N.Saidakbarova tayyorladi
Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vazirining o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiyning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan siyosiy muloqot, madaniy diplomatiya va iqtisodiy hamkorlikning amaliy davomidir. Tashrif davomida tarixiy meros, sivilizatsiyalar muloqoti va zamonaviy taraqqiyot konsepsiyalarini uyg‘unlashtirgan Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishgan delegatsiya O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosi bugungi tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik strategiyasining muhim qismiga aylanayotganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vazirining o‘rinbosari, Tashqi ishlar va xorijdagi vatandoshlar vaziri Ayman as-Safadiy boshchiligidagi rasmiy delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari Markaz muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishtirilib, uning konsepsiyasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mehmonlarda eng katta qiziqish uyg‘otgan ekspozitsiyalardan biri Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan bo‘lim bo‘ldi. Qadimgi savdo yo‘llari xaritalari, Sharq va G‘arbni bog‘lagan karvon yo‘llari, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy va madaniy almashinuv jarayonlarini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar yuzasidan delegatsiya a’zolari mutaxassislarga ko‘plab savollar bilan murojaat qildi.
Amir Temur va Temuriylar davriga bag‘ishlangan bo‘lim ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, mashhur xattot Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan ulkan Qur’on qo‘lyozmasi, Bibixonim tarixi hamda Temuriylar davrining yuksak madaniy muhitini aks ettiruvchi eksponatlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Delegatsiya, shuningdek, Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori ekspozitsiyasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi zamonaviy tashqi siyosati va global hamkorliklariga bag‘ishlangan interaktiv xaritaga ham alohida e’tibor qaratdi. Turli davlatlar bilan shakllangan strategik sheriklik va diplomatik munosabatlarni aks ettiruvchi raqamli ekspozitsiyalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori ekspozitsiyasida tashkil etilgan sport bo‘limi esa tashrifning eng samimiy lahzalaridan biriga aylandi. O‘zbekiston sportchilarining Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqidagi ma’lumotlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Suhbat davomida sportning xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim vosita ekani alohida qayd etildi.
Ayman as-Safadiy, Iordaniya tashqi ishlar vaziri:
– O‘tgan yili Janobi Oliylari Qirol Abdulloh II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifidan so‘ng bu yerga kelish men uchun alohida mamnuniyatdir. O‘sha tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan muhim voqea bo‘ldi. Bizni qardoshlik rishtalari, mushtarak tarix va o‘zaro ishonch birlashtirib turadi. Bugun esa ushbu hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida izchil ish olib boryapmiz.
Bugungi O‘zbekiston keng qamrovli islohotlar va jadal taraqqiyot bosqichini boshdan kechirmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu taraqqiyotning ma’naviy asoslarini mustahkamlaydigan, milliy merosni ilmiy asosda saqlash va uni xalqaro hamjamiyatga taqdim etishga xizmat qiladigan muhim muassasadir.
Boy tarixni kelajak taraqqiyoti bilan bog‘lay olgan bunday maskan har qanday xalq uchun bebaho boylikdir. Ishonamanki, ana shu mustahkam tarixiy poydevor O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun aniq maqsad va ravshan istiqbolga egamiz. Oldimizda hali foydalanilmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Joriy yil yakunida O‘zbekiston Prezidentining Ammon shahriga tashrifini katta mamnuniyat bilan kutmoqdamiz. Ishonchim komilki, bu uchrashuv strategik sherikligimizni yanada mustahkamlab, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi, — dedi Iordaniya tashqi ishlar vaziri.
Tashrif yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov delegatsiya a’zolariga Markazning esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shuningdek, Ayman as-Safadiy Markazning «Faxriy mehmonlar» kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi. Ushbu qayd O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, umumiy ma’naviy qadriyatlar hamda strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan umumiy intilishlarning ramziy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati