Hind bint Suhayl ibn Mug‘ira yoki Hind binti Abu Umoma (r.a.). Kunyasi Ummu Salama. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning ayollaridan biri, “Mo‘minlarning onasi” degan rutbaning sohibasi.
Otasi Suhayl ibn Mug‘ira ibn Abdulloh ibn Umar ibn Maxzum ibn Yaqaza ibn Murra.
Onasi Otika bint Omir ibn Robi’a ibn Molik ibn Xuzayma ibn Alqama ibn Firos ibn G‘anm ibn Kinona.
Ummu Salama (r.a.) boy-badavlat sharoitda, aql-zakovatli, es-hushli va farosatu nazokatda tengi yo‘q qizlardan bo‘lib o‘sdilar. O‘ta zehnli, oqila va ilmga haris bo‘lganlari sababli Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ga turmushga chiqqanlaridan so‘ng, ulardan turli masalalarni so‘rashdan zerikmas edilar. Ular savollarni asosan ayollar nuqtayi nazaridan berar edilar, bu esa o‘z navbatida shariatga bir qancha yengillik hukmlari kirib qolishiga ham sabab bo‘lgan. Hind bint Abu Umoma (Ummu Salama) fasohat, she’r va adabiyotda ham mohir bo‘lganlar.
Ummu Salama (r.a.)ning birinchi turmush o‘rtoqlari Abu Salama laqabli Abdulloh ibn Abdul-Asad bo‘lgan. U kishi hijriy uchinchi yilda vafot etgan. Shundan so‘ng Ummu Salamaga Abu Bakr, Umar kabi mashhur sahobalardan sovchi kelgan. Ammo, oxiri Ummu Salama (r.a.)ga Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlari uylanganlar.
Ummu Salama (r.a.)ning to‘rt farzandlari bo‘lib, barchasi Abu Salamadan bo‘lgan. Ular: Zaynab, Salama, Umar va Durra.
Hind bint Suhayl (r.a.)ning eri Abdulloh ibn Abdul-Asadning onasi Barra bint Abdulmuttalib o‘sha vaqtdagi ko‘zga ko‘ringan oiladan edi. Barraning jiyani Muhammad ibn Abdulloh (sollallohu alayhi vasallam)ning payg‘ambar bo‘lgani haqidagi xabarni eshitib, Hindning eri Abdulloh ibn Abdul-Asadning tinchi buzilib, tog‘asining o‘g‘li targ‘ib qilayotgan yangi dinga juda ham qiziqib qoladi. Buning ustiga ular emikdosh aka-uka ham edilar. U harakat qilib, o‘n kishidan keyin o‘n birinchi musulmon bo‘ldi. Shundan so‘ng Ummu Salama (r.a.) ham islomni qabul qilgan.
Habashiston hijrati e’lon qilingach Ummu Salama (r.a.) Abdulloh ibn Abdul-Asad bilan birga yo‘lga chiqishadi. U yerda ular bir qiz va bir o‘g‘il farzand ko‘rdilar. Qizlariga Zaynab, o‘g‘illariga Salama deb ism qo‘ydilar. O‘g‘il farzandli bo‘lganlaridan so‘ng ularni Ummu Salama, erlarini esa Abu Salama deb nomlaydigan bo‘ldilar, natijada kunyalari ismlaridan ko‘ra mashhur bo‘lib ketdi.
Hind bint Abu Umoma (r.a.) Abdulloh ibn Abdul-Asad bilan birga Madinaga ham hijrat qilganlar. Ular Madinaga hijrat qilgan birinchi ayol hisoblanadilar.
Badr va Uhud urushlarida Hind bint Abu Umomaning eri Abdulloh ibn Abdul-Asad ham ishtirok etgan. Uhud jangida Abu Salama bilagidan yaralanadi va mazkur jarohat sababli vafot etadi.
Abdulloh ibn Abdul-Asad (r.a.)ning vafotidan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bu fidokor sahobiyani o‘ziga yarasha taqdirlashga qaror qildilar. Idda muddati tugagach, Ummu Salama Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) turmushga chiqdilar va u zotning zavjalaridan biri bo‘lib, mo‘minlarning onasi degan unvonga ega bo‘ldilar.
Ummu Salama (r.a.) Payg‘ambar (alayhis-salom) vafotlaridan keyin doimo ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Faqat hazrati Ali (r.a.)ning davrlaridagina u kishini yoqlab, bir marta oldilariga o‘g‘illari Umarni olib keldilar va: “Ey mo‘minlarning amiri, agar Allohga osiy bo‘lishdan qo‘rqmaganimda va sizning qabul qilmasligingizni bilmaganimda, albatta, siz bilan birga chiqqan bo‘lar edim. Allohga qasamki, o‘g‘lim men uchun o‘zimdan ham aziz. U siz bilan chiqib, urushlaringizda qatnashadi”, dedilar.
U kishi hadis rivoyat qilishda ayollar orasida Oisha (r.a.)dan keyingi o‘rinda turadilar. Xonadonlarida vahiy nozil bo‘lishiga shohid bo‘lganlar. Ulardan jami 378 hadis rivoyat qilingan. Imom Buxoriy va Imom Muslimlar birgalikda Ummu Salam (r.a.)dan 29 hadis keltirganlar, shundan 13 tasi har ikki imomda ham kelgan, 3 tasi faqat Imom Buxoriyda, 13 tasi faqat Imom Muslimda kelgan.
Buyuk sahobiya hijriy 59 yoki 62 yili, 84 yoshlarida vafot etdilar. Ular mo‘minlarning onalaridan eng oxiri vafot etgani hisoblanadilar. Vasiyatlariga muvofiq janozalarini Abu Hurayra (r.a.) o‘qib, o‘g‘illari Salama va Umar (r.a.) hamda yana ba’zi mahramlar qabrga qo‘ygan.
“101 sahobiy” kitobi asosida N.Saidakbarova tayyorladi
Alhamdulillah – Qur’oni karimdagi birinchi kalima va Odam alayhissalom aytgan ilk so‘z.
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu – sahobalardan Islomga eng birinchi kirgan hur erkak.
Hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu – yosh bolalardan Islomga birinchi kirgan.
Xadicha bint Xuvaylid roziyallohu anho – ayollardan Islomga birinchi kirgan.
Bilol ibn Abu Raboh roziyallohu anhu – qullardan Islomga birinchi kirgan.
Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu – ozod qilingan qullardan Islomga birinchi kirgan.
Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu – birinchi bo‘lib Qur’onni jamlagan.
Hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu – Payg‘ambar alayhissalomdan keyin birinchi bo‘lib namoz o‘qigan.
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu – hijratdan so‘ng muhojirlardan dunyoga kelgan birinchi farzand.
Abdulloh Ibn Mas’ud roziyallohu anhu – Qur’oni karimni Makkada birinchi bo‘lib oshkora tilovat qilgan.
Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhu: “Nabiy alayhissalomning aytgan so‘zlaridan eng birinchi eshitganim: «Ey insonlar! Salomni yoyinglar! Ochlarni to‘ydiringlar! Silai rahm qilinglar! Insonlar uxlayotgan vaqtlarida, tunda turib namoz o‘qinglar! Shunda jannatga salomat holatda kirasizlar», degan so‘zlar bo‘ldi”.
As’ad ibn Zurora roziyallohu anhu – Rasululloh alayhissalom janozasini o‘qigan va Baqi’ qabristoniga dafn etilgan birinchi musulmon.
Bilol roziyallohu anhu – birinchi bo‘lib azon aytgan.
Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu – birinchi bo‘lib dengiz qo‘shinini tuzgan.
Qatoda ibn No‘mon roziyallohu anhu – Madinaga Qur’oni karimdan to‘liq bir sura (“Maryam” surasi)ni yodlab olib kelgan birinchi kishi.
Ummu Sulaym roziyallohu anho – Islomni qabul qilgan birinchi ansoriy ayol.
Davron NURMUHAMMAD