Sahobalarni yaxshi ko‘rish va ularni payg‘ambarlardan keyin eng afzal insonlar bo‘lgan, deb e’tiqod qilish har bir musulmonning burchi hisoblanadi. Chunki ular muqaddas Islom dinini butun bashariyatga yetkazish yo‘lidagi barcha mashaqqatlarni zimmalariga ko‘targan hamda bu vazifani to‘la-to‘kis ado etgan zotlardir. Shuning uchun dinini ulug‘lagan har bir musulmon ularni ham ulug‘lashi lozim bo‘lib qoladi.
Sahoba so‘zi lug‘aviy jihatdan “do‘st bo‘lmoq”, “birga yurmoq” kabi ma’nolarni anglatadi.
Istilohda esa “iymon keltirgan holatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ko‘rishib, mo‘min holida vafot etgan kishi sahoba deyiladi”.
Sahobalarning fazilatlari
Sahobalar erishgan ulug‘ martabaga ulardan keyin hech bir bashar erisha olmaydi. Chunki ular fosiqlik va ulug‘likka nomunosib ishlardan pok ekanlari hatto tekshirib ham o‘tirilmaydigan darajadagi zotlar hisoblanadilar. Qur’oni karimda sahobai kiromlarga shunday xitob qilingan:
كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ
Sizlar odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldilaringiz[1].
Ya’ni, ushbu oyati karimadagi vasf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha ummatlariga taalluqli bo‘lsada, sahobai kiromlarning barchalariga mos keladigan xitob hisoblanadi.
Hadisi sharifda sahobalarning martabalari shunday bayon qilingan:
عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ « لاَ تَسُبُّوا أَصْحَابِى فَوَالَّذِى نَفْسِى بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ أَحَدَكُمْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلاَ نَصِيفَهُ » رَوَهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sahobalarimni tahqirlamanglar, jonim uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, agar sizlardan biringiz Uhud (tog‘i) mislicha oltin sarflasa ham, ulardan birortasining “mud” (544 gramga teng o‘lchov birligi)iga ham, uning (mudning) yarmiga ham erisha olmaydi”. Termiziy rivoyat qilgan.
Chunki bu zotlar payg‘ambarlarning so‘ngisiga sahoba bo‘lishdek baxtga sazovor bo‘lgan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan hidoyat nurini boshqalarga yetkazish yo‘lida molu-jonlarini fido qilgan mo‘minlardir. Keyingilar esa faqat ular yetkazgan narsalarga rioya qiladigan mo‘minlar sanaladi.
Abu Zar’a Roziy rohmatullohi alayh sahobalarni ulug‘lash lozimligini ta’kidlab shunday degan: “Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birortasini yomonotliq qilayotgan biror kimsani ko‘rsangiz bilingki u kimsa zindiq (dinsiz)dir. Chunki biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni haq deb bilamiz, (u zot olib kelgan) Qur’onni haq deb bilamiz, bizlarga esa Qur’onni ham, sunnatlarni ham sahobalar yetkazganlar. Shuning uchun ham Qur’on va sunnatni botilga chiqarmoqchi bo‘lgan kimsalargina bu ikkalasini yetkazgan zotlarni yomonotliq qilishga urinadilar. Vaholanki ularning o‘zlari guvohliklari qabul qilinmaydigan zindiqlardir”.
Sahobalarning adadi qancha bo‘lgan?
Sahobalarning adadi qancha bo‘lgani haqida tarix ulamolari aniq bir adadga ittifoq qilishmagan. Faqat ba’zi muhaqqiq olimlar ularning adadi yuz mingdan ortiq bo‘lgan, deganlar. Abu Zar’a Roziy rohmatullohi alayhdan “sahobalarning adadi bir yuz o‘n to‘rt mingta bo‘lgan”, degan qavl ham rivoyat qilingan.
Jinlar ham sahoba hisoblanadimi?
Ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib iymon keltirgan va mo‘min holida vafot etgan jinlar ham sahoba hisoblanishini aytganlar. Bu haqida Mulla Ali Qoriy rohmatullohi alayh quyidagi qavlni rivoyat qilgan: “Saxoviy: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan va u zotga imon keltirgan jinlar ham sahoba hisoblanadi, chunki Rasululloh alayhis solatu vassalomning ularga ham payg‘ambar etib yuborilganlari qat’iy ravishda aniqdir”, degan.
Badriddin Shibliy Hanafiy rohmatullohi alayhdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib u zotga iymon keltirgan jinlarning oxirgisi yuzinchi hijriy sana atrofida davrlarida vafot etgani rivoyat qilingan.
Islomni birinchi bo‘lib qabul qilgan sahobalar
Ibn Saloh rohmatullohi alayhning tahqiqlariga ko‘ra birinchi bo‘lib Islomni qabul qilgan sahoblar deganda quyidagi zotlar tushuniladi:
- Hur erkaklardan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu;
- Balog‘atga yetmagan yosh bolalar ichidan Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu;
- Ayollardan Xadija bintu Huvaylid roziyallohu anho onamiz;
- Ozod qilingan qullardan Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu;
- Qullardan Bilol roziyallohu anhu.
Faqihlik bilan mashhur bo‘lgan sahobalar
Bir qancha sahobalar fiqhiy masalalar bilimdoni sifatida mashhur bo‘lganlar. Shu ma’noda quyidagi zotlardan ko‘plab fatvolar naql qilingan:
- Umar ibn Xattob roziyallohu anhu;
- Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu;
- Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu;
- Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu;
- Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu;;
- Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu;
- Oisha roziyallohu anho.
- Eng ko‘p fatvo bergan sahoba
Eng ko‘p fatvo bergan sahoba “Qur’on tarjimoni” laqabini olgan Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo hisoblanadi. Chunki xulofoi roshidinlar va Abdulloh ibn Mas’ud singari ilmda peshqadam bo‘lgan zotlar sahobalarning ko‘pchiligi hayot bo‘lgan paytlarda vafot etib ketganlar. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo esa sahobalar kamayib ularning ilmlariga ehtiyoj kuchaygan vaqtlarda yashab o‘tgan. Shu sababli bu zotning fatvolari ko‘proq naql qilingan.
Eng ko‘p hadis rivoyat qilgan sahobalar
Quyidagi sahobalar eng ko‘p hadis rivoyat qilgan sahobalar hisoblanadi:
1. Abu Hurayra roziyallohu anhu: 5374 ta hadis rivoyat qilgan;
2. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu: 2630 ta hadis rivoyat qilgan;
3. Anas ibn Molik roziyallohu anhu: 2286 ta hadis rivoyat qilgan;
4. Oisha roziyallohu anho: 2210 ta hadis rivoyat qilgan;
5. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: 1660 ta hadis rivoyat qilgan;
6. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu: 1540 ta hadis rivoyat qilgan.
“Abodila” (Abdulloh ismli sahoba)lar
Abdulloh ismli sahobalar 300 ga yaqin bo‘lgan. Lekin hadis ilmida “Abodila”lar deganda asli ismlari Abdulloh bo‘lgan quyidagi sahobalar ko‘zda tutilgan bo‘ladi:
1. Abdulloh ibn Umar;
2. Abdulloh ibn Abbos;
3. Abdulloh ibn Zubayr;
4. Abdulloh ibn Amr ibn Os yoki Abdulloh ibn Mas’ud.
Ushbu zotlar eng oxiri vafot etgan va keyingilar ularning ilmlariga nihoyatda muhtoj bo‘lib qolgan olim sahobalar hisoblanadi. Shunga ko‘ra bu zotlar boshqalardan “Abodila”lar nomi bilan ajralib turgan. Agar bu zotlar bir fatvoga ittifoq bo‘lsalar “bu Abodilalarning so‘zi” deyilgan.
Tiriklik vaqtlaridayoq jannat bashorati berilgan sahobalar
Ba’zi sahobalarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning tiriklik vaqtlaridayoq jannatiy bo‘lishlarini xabar berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida ularning o‘ntasini nomma-nom sanaganlar. “Asharai mubashshara” (bashorat berilgan o‘n kishi) nomi bilan mashhur bo‘lgan sahobalar quyidagi zotlardir:
عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ « أَبُو بَكْرٍ فِى الْجَنَّةِ وَعُمَرُ فِى الْجَنَّةِ وَعُثْمَانُ فِى الْجَنَّةِ وَعَلِىٌّ فِى الْجَنَّةِ وَطَلْحَةُ فِى الْجَنَّةِ وَالزُّبَيْرُ فِى الْجَنَّةِ وَعَبْدُ الرَّحْمَنِ بْنُ عَوْفٍ فِى الْجَنَّةِ وَسَعْدٌ فِى الْجَنَّةِ وَسَعِيدٌ فِى الْجَنَّةِ وَأَبُو عُبَيْدَةَ بْنُ الْجَرَّاحِ فِى الْجَنَّةِ ». رَوَهُ التِّرْمِذِيُّ
Abdurahmon ibn Avf raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Abu Bakr jannatda bo‘ladi, Umar jannatda bo‘ladi, Usmon jannatda bo‘ladi, Ali jannatda bo‘ladi, Talha jannatda bo‘ladi, Zubayr jannatda bo‘ladi, Abdurahmon ibn Avf jannatda bo‘ladi, Sa’d jannatda bo‘ladi, Sa’iyd jannatda bo‘ladi, Abu Ubayda ibn Jarroh jannatda bo‘ladi”. Termiziy rivoyat qilgan.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa bir hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoga shunday deganlar:
أَمَا تَرْضَيْنَ أَنْ تَكُونِى سَيِّدَةَ نِسَاءِ أَهْلِ الْجَنَّةِ
Jannat ahli ayollarining sayyidasi bo‘lishingizga rozi bo‘lmaysizmi!
Imom Nasoiy rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nabiralari Hasan va Husayn roziyallohu anhumolar haqida shunday deganlar:
أَنَّ الْحَسَنَ وَالْحُسَيْنَ سَيِّدَا شَبَابِ أَهْلِ الْجَنَّةِ
Albatta Hasan va Husayn jannat ahli yigitlarining sayyidlaridir.
Xulosa shuki, hadisi shariflarda nomlari aytilgan sahobalarni jannatiy deb e’tiqod qilinadi. Nomlari aytilmagan sahobalar haqida esa jannatiy bo‘lishlari boshqalardan ko‘ra ko‘proq umid qilinadi.
Sahobalarning tabaqalari
Hokim Naysaburiy rohmatullohi alayh sahobalarni Islomni birinchi qabul qilganlari va ko‘plab ulug‘ ishlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida bo‘lganlari e’tiboridan o‘n ikki tabaqaga ajratganlar:
1. Oldindan Makkada Islomni qabul qilganlar tabaqasi;
2. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Islomga kelganidan keyin islomni qabul qilganlar tabaqasi.
3. Habashiston muhojirlari tabaqasi. Mazkur muhojirlar "Habashiston muhojirlari" deb ataladigan alohida bir tabaqa sanaladi;
4. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilgan birinchi aqaba bay’atiga qatnashgan sahobalar tabaqasi;
5. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilgan ikkinchi aqaba bay’atiga qatnashgan sahobalar tabaqasi;
6. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kirishlaridan oldin hijrat qilgan sahobalar tabaqasi;
7. Badrda qatnashgan sahobalar tabaqasi;
8. Badr g‘azotidan keyin hijrat qilgan sahobalar tabaqasi;
9. Hudaybiya g‘azotidagi "Bay’atur rizvon" da qatnashgan sahobalar tabaqasi;
10. Hudaybiyadan keyin hijrat qilgan sahobalar tabaqasi;
11. Fath yilida musulmon bo‘lgan sahobalar tabaqasi;
12. "Fath kuni" va "Hajjatul vado’"da yosh va go‘dak holida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib qolish baxtiga muyassar bo‘lgan sahobalar tabaqasi.
Sahobalarning eng so‘ngi vakillari va ular vafot etgan joylar
Quyidagi zotlar yoshlik paytlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib qolish baxtiga sazovor bo‘lishgan hamda uzoq umr ko‘rgan sahobalar sanaladilar:
- Abu Tufayl Omir ibn Vosila roziyallohu anhu. 110 hijriy sanada Makkada vafot etgan;
- Mahmud ibn Robi’ roziyallohu anhu. 99 hijriy sanada Madinada vafot etgan;
- Anas ibn Molik roziyallohu anhu. 93 hijriy sanada Basrada vafot etgan;
- Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhu. 86 hijriy sanada Kufada vafot etgan;
- Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu. 96 hijriy sanada Shomda vafot etgan;
- Abdulloh ibn Horis ibn Jaz’i Zubaydiy roziyallohu anhu 86 hijriy sanada Misrda vafot etgan.
Shu o‘rinda aytish mumkinki mazhabboshimiz Imomi A’zam rohmatullohi alayh ushbu sahobalardan Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Horis ibn Jaz’i Zubaydiylarni va bulardan tashqari Jobir ibn Abdulloh Oisha bintu Ajrad singlari sahobalarni ko‘rib ulardan hadis rivoyat qilganlari haqida sahih qavllar kelgan.
Payg‘ambarlar so‘ngisiga iymon keltirib u bilan birga yashashdek mislsiz saodatga yoki bir marta bo‘lsa ham u zotni ko‘rib qolishdek tengsiz baxtga sazovor bo‘lgan barcha mo‘minlarga Alloh taoloning roziligi bo‘lsin!
Alloh taolo barchalarimizni mazkur “yo‘lchi yulduz”larga iqtido qilib yashash baxtiga muvaffaq qilsin.
Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.
Abdulqodir Abdur Rahim
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Aziz mehmonlar!
O‘zbekistonning qadimiy va mehmondo‘st zaminida ilk bor o‘tkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi Xalqaro forumining ochilishi munosabati bilan sizlarni samimiy tabriklayman.
Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgan ushbu anjumanning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy ma’noga ega. Bu yirik xalqaro tadbir jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasiga, uning boy ma’naviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqish va e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda dunyo chuqur va shiddatli o‘zgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Insoniyat fan va texnologiyalar sohasida mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda, ayni vaqtda jiddiy sinov va muammolarga ham duch kelmoqda: mojarolar va o‘zaro ishonchsizlik kuchaymoqda, buzg‘unchi mafkuralar, toqatsizlik, ekstremizm, islomofobiya ko‘rinishlari keng tarqalmoqda. Madaniyatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qo‘yish, turli xalqlarning urf-odat va an’analari o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqarishga urinishlar avj olmoqda.
Bunday murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va ma’rifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barchamizga ayonki, bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va ma’naviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan.
Shu ma’noda, 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan O‘zbekiston ilgari surgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan konseptual g‘oya oddiy, ammo o‘zgarmas bir haqiqatni tasdiqlaydi: bugungi notinch va tahlikali dunyoda faqat ilm-fan, ta’lim va tarbiya, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlargina yer yuzida tinchlik, o‘zaro tushunish, ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanish uchun ishonchli poydevor bo‘la oladi.
Muqaddas islom dinimiz insonni aziz va mukarram bilib, haqiqatni izlashga, ilm-ma’rifatga intilish, ilmiy kashfiyotlar qilishga, bunyodkor mehnatga, ta’lim, san’at va madaniyatni rivojlantirishga ilhomlantirib keladi.
Butun insoniyatning umumiy boyligi bo‘lgan bu noyob merosda mintaqamizning ham munosib hissasi bor. Ushbu bepoyon hudud jahon ilm-fani, ma’rifat va ma’naviyatining e’tirof etilgan yirik markazlaridan hisoblanadi. Ana shu muborak zaminda asrlar davomida matematika, astronomiya, geodeziya, tibbiyot, kimyo, tarix, falsafa, kalom, hadisshunoslik va boshqa ko‘plab ilm sohalari yuksak taraqqiy etgan. Xususan, ulug‘ vatandoshlarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy singari mumtoz allomalarning bebaho merosi jahon tafakkur xazinasidan munosib o‘rin egallaydi.
Yurtimiz tarixida amalga oshirilgan, Birinchi va Ikkinchi Renessans deb nom olgan buyuk yuksalish davrlarida erishilgan noyob ilmiy-madaniy yutuqlar hozirgi kunda ham insoniyatni yangi marralar sari ruhlantirib kelmoqda. Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidan qat’iyat bilan bormoqda.
Biz bu yangi Uyg‘onish davrini ilm-fan, innovatsiyalar, zamonaviy ta’lim, jamiyatning ma’naviy-intellektual o‘sishi, boy tarixiy merosimizga chuqur hurmat va har bir insonning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga asoslangan yangi taraqqiyot bosqichi sifatida ko‘ramiz.
Shu bois, mamlakatimizda islom sivilizatsiyasining boy va betakror merosini qayta tiklash, asrab-avaylash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu tizimli ishlar, avvalo, islom merosini chuqur tadqiq etish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, fundamental ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu jarayonda islom sivilizatsiyasining buyuk namoyandalari hayoti va faoliyati bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar hamda tarixiy-madaniy majmualarni qayta tiklash va obodonlashtirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Samarqand viloyatida buyuk muhaddis Imom Buxoriy memorial majmuasining qaytadan barpo etilishi nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olamida eng yirik ma’naviy, ilmiy va ma’rifiy markazlardan biri sifatida e’tirof etilayotgani bizni albatta quvontiradi. Azaldan buyuk sivilizatsiyalar, madaniyat va dinlar tutashgan O‘zbekiston zamini bugungi kunda ham turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari tinchlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhitida yashaydigan ezgulik diyoriga aylanib bormoqda. Ana shu ochiqlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik an’analari davlat siyosatimizning asosiy tamoyillarini tashkil etib, mamlakatimizning xalqaro gumanitar hamkorlik, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash yo‘lidagi intilishlarining mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Muqaddas Qur’oni karimning “Iqro!” ya’ni “O‘qi!” degan abadiy da’vati dunyodagi barcha ezgu niyatli kishilarning bugungi va kelajak avlodlar baxt-saodatini ko‘zlab amalga oshirayotgan olijanob harakatlari uchun yo‘lchi yulduz vazifasini bajaradi. Oradan necha asrlar o‘tganiga qaramasdan, ushbu ilohiy chorlovning teran ma’no-mazmuni o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Aksincha, jadal o‘zgarishlar va texnologiyalar mislsiz sur’atlarda rivojlanayotgan hozirgi davrda bu chaqiriq yanada baralla yangrab, aynan ilm-ma’rifat, ma’naviy va intellektual taraqqiyot jamiyat ravnaqining hal qiluvchi kuchi ekanini butun bashariyatga eslatib turibdi.
Bu muborak kalom O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy darvozasi peshtoqiga bitilgan bo‘lib, uning oliy maqsadini – islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrash va chuqur o‘rganish, shu asosda dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashdek ulug‘ missiyasini aniq belgilab beradi. Biz uchun mazkur Markaz xalqimizning tarixiy xotirasi ramzi, buyuk ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan chuqur ehtirom ifodasi, ayni paytda Yangi O‘zbekistonning kelajakka qaratilgan shiddatli intilishining yorqin timsolidir.
Shu bilan birga, u ochiq intellektual makon bo‘lib, o‘z hayotini ilm-fanni rivojlantirish, umuminsoniy qadriyatlarni asrash va kelgusi nasllarga bezavol yetkazishga bag‘ishlagan dunyodagi barcha ma’rifatparvar insonlarni, olim va tadqiqotchilar, diniy arboblar va mutaxassislarni birlashtirishga xizmat qiladi.
E’tiborlisi shundaki, Markaz qisqa vaqt ichida o‘tmish bilan kelajakni, Sharq bilan G‘arbni, qadim an’analar bilan zamonaviy ilmiy yutuqlarni o‘zaro bog‘laydigan intellektual ko‘prikka aylandi. Shu bois, biz Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumini turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar, universitetlar va muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot institutlarining intellektual salohiyatini birlashtiruvchi global hamkorlikning yangi bosqichi deb baholaymiz va bu borada qo‘shma harakatlar dasturi qabul qilinishiga umid bildiramiz.
O‘zbekiston xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor. Buning uchun Islom sivilizatsiyasi markazida fundamental ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro forum va konferensiyalar tashkil etish, qo‘shma nashrlar tayyorlash, ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda jahonning yetakchi ilmiy va madaniy markazlari bilan keng ko‘lamli gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Biz ilm va ma’rifat zamonamizning eng buyuk birlashtiruvchi kuchi ekaniga, uning bunyodkorlik asosi, tinchlik va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori bo‘lib qolishiga qat’iy ishonamiz va barchangizni shu ezgu maqsad yo‘lida hamkorlikka chaqiramiz.
Muhtaram do‘stlar!
Sizlar forum doirasida Samarqand va Termiz singari tarixiy shaharlarimizda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan anjumanlarda ishtirok etar ekansiz, yurtimizda diniy-ma’rifiy qadriyatlarni tiklash va asrash, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, umuman, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz bilan yaqindan tanishasiz. Mehnatkash va mehmondo‘st xalqimiz vakillari bilan bo‘ladigan samimiy uchrashuv hamda muloqotlar sizlarni yangi ilmiy tadqiqotlar va badiiy asarlar, madaniy-gumanitar loyihalar yaratishga ilhomlantiradi, deb ishonaman.
Sizlarni yana bir bor chin qalbdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizga rivoj, forum ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti