Bismillahir Rohmanir Rohim.
Jobir ibn Abdulloh (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v) aytdilar: “Har bir Nabiyning havoriysi bor. Mening havoriyim Zubayrdir”. Ikki Shayx va Termiziy rivoyati.
Havoriy so‘zi “ixlosli”, “musaffo”, “eng yaqin do‘st” va “yordamchi” degan ma’nolarni anglatadi. Alloh taolo Qur’oni karimda Iyso alayhissalomga ixlos qilgan, u zotga nisbatan ko‘ngillari eng musaffo bo‘lgan hamda eng yaqin do‘st va yordamchi bo‘lgan fidokorlarni “Havoriy” deb atagan. Ularga o‘xshash saodatli kishilar har bir nabiyning ummati ichida bo‘lgan. Muhammad (s.a.v)ning ummatlari ichida ana shunday oliy unvonga sazovor bo‘lgan Zubayr ibn Avvom raziyallohu anhuning hayotlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Jannat bashorati berilgan o‘nta sahobadan biri, Rasululloh (s.a.v) mening havoriyim deb sifatlagan zot Zubayr ibn Avvom ibn Xuvaylid ibn Asad ibn Abduluzzo ibn Qusay ibn Kilob raziyallohu anhudirlar. U kishi Payg‘ambarimizning ammalari Sofiyya binti Abdulmuttolibning o‘g‘li bo‘lganlar.
Zubayr ibn Avvom (r.a) islomni birinchi bo‘lib qabul qilgan yettita sahobiydan biridirlar. O‘sha paytda 15 yoki 16 yoshda edilar. Dastlabki musulmonlarning Alloh taoloning yo‘lida tortgan barcha mashaqqat va qiyinchiliklariga barobar sherik bo‘ldilar. Zubayrning amakisi uni bo‘yraga o‘rab, osib qo‘yar va olov yoqib, unga tutunni kiritib, “Kufrga qayt”, - der edi. Zubayr bo‘lsa, “Zinhor kufr keltirmayman” – der edi.
Yoshliklaridan chavandozlik, shijoat va bahodirlik sifatlari bilan ko‘zga ko‘ringan Zubayr ibn Avvom (r.a) musulmon bo‘lganlaridan keyin anashu sifatlarini dinu diyonat yo‘lida ishga soldilar.
Sai’d ibn Musayyib aytadilar: Alloh yo‘lida birinchi bo‘lib qilich yalang‘ochlagan kishi Zubayr ibn Avvomdir. Bir kuni Nabiy (s.a.v) o‘ldirilibdi degan xabar tarqalganda, shiddat bilan qilich ko‘tarib ko‘chaga chiqdi. Yo‘lda Nabiy (s.a.v)ga duch keldilar. “Senga nima bo‘ldi ey Zubayr?!” – dedilar. - Sizni qatl qilishdi deyishdi, Allohga qasamki, Makka ahlidan duch kelganini qilichdan o‘tkazmoqchi edim – dedilar. Rasululloh uning haqqiga duo qildilar”.
Zubayr (r.a) ikki bor Habashistonga, so‘ngra Nabiy (s.a.v) bilan birga Madinaga hijrat qilganlar. Rasululloh (s.a.v) u kishini Salama ibn Salama (r.a) bilan birodar qilib qo‘yganlar.
Abu Bakr Siddiq (r.a)ning katta qizlari Asmo (r.a)ga uylanib, Nabiy (s.a.v)ga boja bo‘lganlar. Madinaga hijrat qilib kelgan paytlarida Asmo (r.a) homilador edilar. U kishi o‘g‘il farzand dunyoga keltirdilar. Payg‘ambarimizning o‘zlari uni tanglayini ko‘tarib, Abdulloh deb ism qo‘ydilar. Bu musulmonlarni juda xursand qildi. Chunki musulmonlar Madinaga kelgach, bir muddat muhojirlar oilalarida farzand dunyoga kelmagan. Shunda yahudiylar: ”Biz ularni sehrlab qo‘ydik. Ular endi farzand ko‘rmaydilar” – deb da’vo qilishgan edi.
Zubayr ibn Avvom (r.a) Nabiy (s.a.v) bilan barcha janglarda ixlos bilan ishtirok etib, o‘zlarining fidokorliklari, jasoratlari, bahodirliklari bilan Islom tarixining zarrin sahifalariga nomlarini oltin harflar ila bitdilar.
Abdulloh ibn Zubayr (r.a)dan rivoyat qilinadi: Ahzob kuni men Umar ibn abu Salama bilan birga ayollarning ichiga qo‘yilgan edim. Qarab tursam, Zubayr otini minib 2-3 marta Bani Qurayzaga borib keldi. Keyinroq bu haqda otamdan so‘radim. – Meni ko‘rdingmi o‘g‘lim, Rasululloh (s.a.v): “Kim Bani Qurayzaga borib, menga ularning xabarini bilib keladi?” – dedilar. Men borib keldim. Shunda Rasululloh (s.a.v): “Senga otam va onam fido bo‘lsin” – dedilar. Ikki Shayx va Termiziy rivoyati.
Zubayr (r.a) Ali (r.a)ning xalifalik davrlarida musulmonlar orasida ixtilof chiqib, Ali va Muoviya (r.anhum)lar o‘rtasida bo‘lgan Siffin jangida halok bo‘lganlar deyiladi. Zubayr (r.a) Muoviya tarafda turib jang qilgan edilar. Lekin aslida Siffin jangi bo‘lib turgan paytda Zubayr (r.a) bu urush noto‘g‘ri ekanini anglab, jang maydonidan chiqib ketadilar. Bir vodiyda Alloh taologa iltijo qilib, namoz o‘qiyotgan paytlarida Amr ibn Jurmuz ismli badbaxt tomonidan qatl etildilar.
Jangdan so‘ng Ali (r.a) odamlari bilan qarorgohlarida o‘tirgan edilar. Amr ibn Jurmuz mukofot ilinjida Zubayr (r.a)ni qilichlarini olib u kishining oldilariga keldi.
- Qo‘lingdagi Zubayrning qilichimi?
- Ha, uni o‘ldirganimdan keyin oldim. Ali (r.a) qilichni o‘ng qo‘llari bilan oldilar. So‘ng ikki qo‘llari bilan ushlab, og‘izlariga olib kelib, ham mehr, ham mahzunlik ila o‘pdilar. Ko‘zlaridan duv-duv yoshlar to‘kildi. Va:
- Bu qilichning egasi u bilan Rasulullohdan g‘amni ketkazgan edi. Sen esa, Ibn Sofiyyaning qotili! Do‘zaxning bashoratini olaver.
Bu voqeaning bayonini batafsil o‘qib chiqsangiz, ko‘zingizdan oqayotgan yoshlarni to‘xtata olmaysiz. Chunki u zot Ali karramollohu vajhahuni ham mahzun qilib yig‘latgan Rasululloh (s.a.v)ning havoriylari Zubayr ibn Avvom edilar. Alloh u kishidan rozi bo‘lsin.
Abdukarimov Ahrorjon
Toshkent islom instituti talabasi
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat
– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.
Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.
Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.
– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.
– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.
Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.
Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.
– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?
– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.
Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.
– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?
– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.
Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.
– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?
– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.
Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.
Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.
– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?
– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.
Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.
– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.
– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?
– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.
Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.
Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.
Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.
T.NIZOM suhbatlashdi.