وَإِذَا قُرِئَ الْقُرْآَنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَأَنْصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz! A’rof -204.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam namozda qiroat qilsalar u zot bilan birga as'hoblari ham qiroat qilar edi. Va sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamga xalal berishardi. Shunda “Agar Qur’on o‘qilsa...” oyati nozil bo‘ldi. Imom Sha’biy va Ato namozdagi qiroatga tegishli deganlar. Ibrohim ibn Abu Hurra Mujohiddan:”Namozga ham xutbalarga ham tegishli degan. Xutbaga ham istimo’ (tinglash) va insot (sukut saqlash) vojib”- degan. (Ibn Abbos tafsiridan.)
Alloh taoloning ushbu amri Qur’onni namozda va undan boshqa paytda ham jim turishlikni taqozo qiladi. Shuningdek, oyat jahriy oshkor namozda imomning ortida turgan insonning qiroat qilishini man qilgani kabi maxfiy namozda ham qiroatni man qiladi. Chunki, Alloh taolo jim turishlikni vojib qilar ekan jahriy yoki maxfiy holatdami, shart qilmadi. Agar jahriy qilsa, bizga istimo’ lozim, maxfiy qilsa, insot lozim. Zero, biz uning qiroat qilayotganini bilib turamiz. (Jassos, “Ahkamul Qur’on” tafsiridan)
“Ibrat - lafzning omligi bilan, sababning xosligi bilan emas” degan usul qoidasiga binoan namozdan boshqa payt ham tinglash vojibdir. Fathul Qodirda kelishicha: Bir kishi fiqh yozyapti, yonida esa bir kishi Qur’on o‘qiyapti. Qur’onga istimo’ qilishga faqihning imkoni yo‘qligi uchun qori gunohkor bo‘ladi (yo boshqa joyda o‘qisin, yo ichida o‘qisin). Shuningdek, tunda insonlar uxlab yotgan o‘rinda o‘qisa ham gunohkor bo‘ladi. “Qunya”da kelishicha, yosh bola qur’on o‘qisayu oilasi ish qilayotgan bo‘lsa nima bo‘ladi degan masalada, agar oilasi bola Qur’on o‘qishga kirishishdan oldin ishga kirishgan bo‘lsa gunohkor emas, agar qiroatni boshlagandan keyin ishga kirishsa gunohkor bo‘ladi, deyilgan. (Fathul Qodir tafsiridan.)
Tafsiri Nasafiyda esa ushbu oyatning tafsirida shunday deyiladi: “Buning zohiri namozdagi qiroatga ham, boshqa holatdagi qiroatga ham istimo’ va insotning vojibligidir. Ayrimlar “agar Payg‘ambar oyat nozil bo‘lgan paytda sizlarga tilovat qilsa unga quloq solinglar” degani, deydilar. Jumhur sahobalar roziyallohu anhum muqtadiyning tinglashi vojib, deydilar. Ayrimlar xutbani tinglash, deydilar. Ayrimlar ikkalasini ham, deydilar. Ikkisiga ham tegishli degani to‘g‘riroq”. (“Madorik at-Tanzil va Haqoiqul ta’vil” tafsiridan)
Qur’on tilavotiga quloq solish Allohning rahmatiga erishish va shaytonning nayranglaridan himoyalanish yo‘lidir. U qachon o‘qilsa quloq solish va qiroat asnosida jim turishdir. Quloq solish eshitishdan kuchliroq. Chunki quloq solish ma’lum maqsad va niyat bilan, shu so‘zni idrok qilishim kerak degan ma’noda butun hissini unga qaratadi. Eshitish esa unday emas, u yo‘l-yo‘lakay ham bo‘lishi mumkin. Kim quloq solsa va jim tursa tushinish va tadabbur qilishga loyiq bo‘ladi. Va shundaylarga Allohning rahmatini umid qilsa bo‘ladi. Oyat mutloq qiroatga quloq solishga dalolat qiladi, hoh naomzda bo‘lsin, hoh tashqarida. Bu Hasan Basriydan rivoyat qilingan. Ahli zohirlar ham shu fikrda. Ayrimlar juma xutbasi haqida nozil bo‘lgan deydilar. Bu xato fikr. Chunki, oyat makkiydir. Juma esa hijratdan keyin madinada farz qilingan. Ayrimlar mustahab, vojib emas deydilar. Sahobalar namozda bir birlariga gapirar edi, bu oyat nozil bo‘lgandan so‘ng namozda gapirish harom qilindi, deydilar. Ibn Munzir: Namoz va xutbadan boshqa payt istimo’ va insot voji emasligiga ijmo’ qilinganiligini aytadi. Zero, har bir qiroat qilayotgan shaxsga quloq solish katta mashaqqat. Bunda ilm olayotgan ilmdan, ishchilar ishidan qozilar hukmdan mashg‘ul bo‘lib qolishlariga olib keladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari ayrimlari nozil bo‘lgan narsani yetkazish, ayrimlari va’z va irshod bo‘lgan. Shuning uchun bu oyatni faqat imomning qiroati orqasidan qiroat qilish mumkin emasligiga dalolat qiladilar. Qorining yonida boshqa qori qiroat qilayotgan bo‘lsa, qiroatni to‘xtatib unga quloq solishi shart emas. Qur’onni mensimasdan beparvolik bilan quloq solmaslik mumkin emas. Ko‘p shaharlarda motamlarda kuzatilganidek, qur’on o‘qilsa bekorchi narsalarni gaplashib o‘tirish mana shu oyatning buyrug‘iga xilofdir. Shuningdek, Qur’onni eshitishdan qasddan qochish mo‘min insonning ishi emas. (Muhammad Rashid Ali Rizo: “Tafsirul Manar”).
JALOLIDDIN
Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.
Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.
Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati