Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2026   |   3 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
04:59
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2026, 3 Safar, 1448

Tilovat qilinganda tinglash fazilati

21.07.2016   13363   15 min.
Tilovat qilinganda tinglash fazilati

 

وَإِذَا قُرِئَ الْقُرْآَنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَأَنْصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ  

 Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!  A’rof -204.

 Ibn Abbos roziyallohu anhudan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam namozda qiroat qilsalar u zot bilan birga as'hoblari ham qiroat qilar edi. Va sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamga xalal berishardi. Shunda “Agar Qur’on o‘qilsa...” oyati nozil bo‘ldi. Imom Sha’biy va Ato namozdagi qiroatga tegishli deganlar. Ibrohim ibn Abu Hurra Mujohiddan:”Namozga ham xutbalarga ham tegishli degan. Xutbaga ham istimo’ (tinglash) va insot (sukut saqlash) vojib”- degan. (Ibn Abbos tafsiridan.)

 Alloh taoloning ushbu amri Qur’onni namozda va undan boshqa paytda ham jim turishlikni taqozo qiladi. Shuningdek, oyat jahriy oshkor namozda imomning ortida turgan insonning qiroat qilishini man qilgani kabi maxfiy namozda ham qiroatni man qiladi. Chunki, Alloh taolo jim turishlikni vojib qilar ekan jahriy yoki maxfiy holatdami, shart qilmadi. Agar jahriy qilsa, bizga istimo’ lozim, maxfiy qilsa, insot lozim. Zero, biz uning qiroat qilayotganini bilib turamiz. (Jassos, “Ahkamul Qur’on” tafsiridan)

 “Ibrat - lafzning omligi bilan, sababning xosligi bilan emas” degan usul qoidasiga binoan namozdan boshqa payt ham tinglash vojibdir. Fathul Qodirda kelishicha: Bir kishi fiqh yozyapti, yonida esa bir kishi Qur’on o‘qiyapti. Qur’onga istimo’ qilishga faqihning imkoni yo‘qligi uchun qori gunohkor bo‘ladi (yo boshqa joyda o‘qisin, yo ichida o‘qisin). Shuningdek, tunda insonlar uxlab yotgan o‘rinda o‘qisa ham gunohkor bo‘ladi.  “Qunya”da kelishicha, yosh bola qur’on o‘qisayu oilasi ish qilayotgan bo‘lsa nima bo‘ladi degan masalada, agar oilasi bola Qur’on o‘qishga kirishishdan oldin ishga kirishgan bo‘lsa gunohkor emas, agar qiroatni boshlagandan keyin ishga kirishsa gunohkor bo‘ladi, deyilgan. (Fathul Qodir tafsiridan.)

 Tafsiri Nasafiyda esa ushbu oyatning tafsirida shunday deyiladi: “Buning zohiri namozdagi qiroatga ham, boshqa holatdagi qiroatga ham istimo’ va insotning vojibligidir. Ayrimlar “agar Payg‘ambar oyat nozil bo‘lgan paytda sizlarga tilovat qilsa unga quloq solinglar” degani, deydilar. Jumhur sahobalar roziyallohu anhum muqtadiyning tinglashi vojib, deydilar. Ayrimlar xutbani tinglash, deydilar. Ayrimlar ikkalasini ham, deydilar. Ikkisiga ham tegishli degani to‘g‘riroq”. (“Madorik at-Tanzil va Haqoiqul ta’vil” tafsiridan)

 Qur’on tilavotiga quloq solish Allohning rahmatiga erishish va shaytonning nayranglaridan himoyalanish yo‘lidir. U qachon o‘qilsa quloq solish va qiroat asnosida jim turishdir. Quloq solish eshitishdan kuchliroq. Chunki quloq solish ma’lum maqsad va niyat bilan, shu so‘zni idrok qilishim kerak degan ma’noda butun hissini unga qaratadi. Eshitish esa unday emas, u yo‘l-yo‘lakay ham bo‘lishi mumkin. Kim quloq solsa va jim tursa tushinish va tadabbur qilishga loyiq bo‘ladi. Va shundaylarga Allohning rahmatini umid qilsa bo‘ladi. Oyat mutloq qiroatga quloq solishga dalolat qiladi, hoh naomzda bo‘lsin, hoh tashqarida. Bu Hasan Basriydan rivoyat qilingan. Ahli zohirlar ham shu fikrda. Ayrimlar juma xutbasi haqida nozil bo‘lgan deydilar. Bu xato fikr. Chunki, oyat makkiydir. Juma esa  hijratdan keyin madinada farz qilingan. Ayrimlar mustahab, vojib emas deydilar. Sahobalar namozda bir birlariga gapirar edi, bu oyat nozil bo‘lgandan so‘ng namozda gapirish harom qilindi, deydilar. Ibn Munzir: Namoz va xutbadan boshqa payt istimo’ va insot voji emasligiga ijmo’ qilinganiligini aytadi. Zero, har bir qiroat qilayotgan shaxsga quloq solish katta mashaqqat. Bunda ilm olayotgan ilmdan, ishchilar ishidan qozilar hukmdan mashg‘ul bo‘lib qolishlariga olib keladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari ayrimlari nozil bo‘lgan narsani yetkazish, ayrimlari va’z va irshod bo‘lgan.  Shuning uchun bu oyatni faqat imomning qiroati orqasidan qiroat qilish mumkin emasligiga dalolat qiladilar. Qorining yonida boshqa qori qiroat qilayotgan bo‘lsa, qiroatni to‘xtatib unga quloq solishi shart emas. Qur’onni mensimasdan  beparvolik bilan quloq solmaslik mumkin emas. Ko‘p shaharlarda motamlarda kuzatilganidek, qur’on o‘qilsa bekorchi narsalarni gaplashib o‘tirish mana shu oyatning buyrug‘iga xilofdir. Shuningdek, Qur’onni eshitishdan qasddan qochish mo‘min insonning ishi emas.  (Muhammad  Rashid  Ali Rizo: “Tafsirul Manar”).

 

JALOLIDDIN

 

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jazirama issiq kunlarda sog‘liqni saqlash bo‘yicha tavsiyalar

16.07.2026   5448   3 min.
Jazirama issiq kunlarda sog‘liqni saqlash bo‘yicha tavsiyalar

Hozirgi chilla davrining jazirama kunlarida sog‘liqni asrash uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling.

Jaziramadan saqlanish uchun ko‘proq suv iching, soya-salqin joylarda bo‘ling va yengil kiyimlar kiying. Quyosh nurlari tik tushadigan vaqtda ko‘chaga chiqmaslikka harakat qiling, yog‘li va og‘ir taomlar o‘rniga yengil ovqatlarni tanlang. Och rangli, tabiiy matolardan tikilgan kiyimlar kiyish tavsiya etiladi.

Issiq kunlarda quyidagi qoidalarga amal qiling:

Suv ichish

  • Chanqamasangiz ham har soatda oz-ozdan, taxminan 1 stakandan suv iching. Suv juda muzdek bo‘lmasligi kerak.
  • Bir kunda o‘rtacha 2,5-3 litr oddiy suv iste’mol qilish tavsiya etiladi.
  • Ayron, limonli, yalpizli suv va ko‘k choy kabi salqin ichimliklar ham foydali.

Eslatma: Arterial qon bosimi past (gipotoniya) bo‘lgan kishilarga juda sovuq ko‘k choy ichish tavsiya etilmaydi, chunki u qon bosimini yanada pasaytirishi mumkin.

  • Nordon mevalardan tayyorlangan kompotlarga shakar o‘rniga oz miqdorda novvot qo‘shish ichimlikning ta’mini yaxshilaydi, quvvat beradi, ovqat hazm qilish tizimini tinchlantirishga yordam beradi.
  • Gazlangan shirin ichimliklar va energetik ichimliklarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi, chunki ular organizmning yanada suvsizlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yengil kiyining

  • Och rangli, keng va tabiiy matolardan tikilgan kiyimlar kiyishga harakat qiling. Bunday kiyimlar tananing qizib ketishini kamaytiradi.

Bosh va ko‘zlarni himoya qiling

  • Tashqariga chiqqanda albatta bosh kiyim (kepka, shlyapa yoki panama) kiying.
  • Ko‘zlarni ultrabinafsha nurlaridan himoya qilish uchun quyosh ko‘zoynagidan foydalaning.
  • Imkon bo‘lsa, soyabondan ham foydalaning.

Soyada yuring

  • Kunning eng issiq vaqti — soat 11:00 dan 17:00 gacha — to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari ostida yurmaslikka harakat qiling.

To‘g‘ri ovqatlaning

  • Yog‘li va og‘ir taomlar o‘rniga yengil sho‘rvalar, sabzavot va mevalar, ayron hamda sut mahsulotlarini iste’mol qiling.

Uyni salqin saqlang

  • Ertalab va kechqurun derazalarni ochib xonani shamollating.
  • Kunduzi esa deraza va pardalarni yopib, xonaning qizib ketishining oldini oling.

Quyoshdan himoyalaning

  • Ko‘chaga chiqishdan oldin ochiq teri qismlariga SPF himoya darajasiga ega bo‘lgan quyoshdan himoyalovchi krem surting.

Bolalar va nabiralarga alohida e’tibor bering

  • Ularning kiyimi yengil va tabiiy matodan bo‘lishiga ahamiyat bering.
  • Bolalarga tez-tez suv ichish kerakligini tushuntiring va buni nazorat qiling.
  • Sog‘lom ovqatlanishga odatlantiring. Ayniqsa, chips, gazlangan shirin ichimliklar va boshqa zararli mahsulotlarni iste’mol qilmasliklarini tushuntiring.

Agar to‘garaklarga borishsa, o‘zlari bilan olib ketishlari uchun quyidagilarni tayyorlab berish mumkin:

  • Kepakli nondan tayyorlangan, pishloq yoki tovuq filesi qo‘shilgan sog‘lom buterbrodlar.
  • Issiq havoda tez buziladigan kolbasa va mayonezdan foydalanmang.
  • Yuvilgan meva va sabzavotlar (olma, nok, banan, sabzi, bodring). Ular chanqoqni bosadi va vitaminlarga boy.
  • Yuvilib quritilgan quruq mevalar, bodom, yong‘oq, mag‘iz, turshak va novvot bo‘laklari quvvat beradi, miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda issiqda tez buzilmaydi.
  • Bolaning sumkasida doimo toza, gazlanmagan va xona haroratidagi suv bo‘lishi shart.

O‘zingizni va oila a’zolaringizni ehtiyot qiling. Sog‘lig‘ingizga befarq bo‘lmang!

Nargiza TUYCHIYEVA,
O‘MI hamshirasi.

Jazirama issiq kunlarda sog‘liqni saqlash bo‘yicha tavsiyalar
Maqolalar