Bugungi kunda dunyoda va Islom olamida nima bo‘layotganidan hamma xabardor bo‘lsada, afsuski, XXI asrda tashkil topgan ayrim ekstremistik va radikal guruhlarni g‘arb OAVlari «islom» va «musulmon» nomi bilan yoritib borishmoqda. Zero, ushbu radikal guruhlar haq va muborak «La ilaha illalloh» so‘zini til o‘yiniga aylantirishgan hamda xalifalikni qaytadan joriy etish iddaosini qilishmoqda. Vaholanki, ularning shiorlarini chekkaga surib qo‘yib, ularning fikrlari, so‘zlari va amallariga e’tibor qaratsak, Islom va diniy ahkomdan biron nishona topolmaysiz.
Bunga hozirda Suriya va Irok davlatlarida «xalifalik» davlatini tashkil etganini jar solayotgan «ISHID» terroristik tashkilotini yaqqol misol keltirish mumkin va ushbu terrorchi tashkilot Islom diniga bo‘lgan qarashlarni chalg‘ituvchi bir omilga aylantirgan xamda bir hovuch «jixodchilar» va «salafiylar» diniy ekstremistik oqimlarining nokonuniy diniy g‘oyalari tasirida vujudga kelgan.
Aytish lozimki, ruhiyatni chalg‘ituvchi salafiylar garb OAVining diqqatini o‘ziga jalb etib va ushbu OAV lari jahon hamjiyatiga «ISHID» kabi radikal guruhlarni «Islom» dini bilan bir qatorda qo‘ygan holda qabul qildirishga urinishmoqda. Holbuki, «salafiylar» va boshqa takfiriy guruhlar asl Islom ta’limotidan juda uzoqdalar (ushbu mavzuga quyida to‘xtalib o‘tamiz). Aynan bu kabi guruhlar Islom chehrasini dunyoda qora qilib ko‘rsatishmoqda.
Suriya va Iroq mamlakatlarida terroristik amaliyotlarni amalga oshirishni, qon to‘kish, qotilliklar, aholi yashaydigan uy-joylarni vayronalarga va xarobalarga aylantirishni o‘z oldiga maqsad qilib oldi. Hozirda ushbu fojeali va qo‘rqinchli amaliyotlarni vahshiylarcha amalga oshirishmoqda. «ISHID» nomi «Iroq va Shom islomiy davlati»ning qisqartirilgan shaklidir. «ISHID» qurollangan terroristik guruh bo‘lib, bu guruh «salafiylik» jihodi, ya’ni ekstremistik g‘oyalar va qarashlar bilan yo‘rg‘ilgandir. «ISHID» guruhi asoschilarining maqsadlari «Islomiy xalifalik va shariat ijrosi» nomini qaytadan tiklashdir.
«ISHID»ning paydo bo‘lishi va uning faoliyatlari haqida bugungi kunda dunyodagi mashhur siyosatchilar, davlat rahbarlari va dunyoning taniqli ulamolari o‘zlarining salbiy munosabatlarini bildirmoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Iroq va Suriyadagi jangarilarining harakatlarini gunoh deb aytib o‘tdi. «Qonuniy davlat rahbariga qarshi «fitna», isyon, g‘alayonda ishtirok etish Islom dinidagi eng og‘ir gunohlardan biri hisoblanadi. Noqonuniy davlatni tan olishni xohlamagani uchun kechagina ittifoqchi bo‘lgan insonlarni qatl qilish, birgalikda isyon ko‘targan qalloblar tomonidan saylanib, faqat shugina asos bilan o‘zini xalifa deb hisoblash-bu katta gunoh»-dedi O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi.
Taniqli marhum ulamo Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: «Odamlar menga tez-tez shunday savol berishadi: Iroqdagi voqealarni qanday tushunmoq kerak? Men shunday tushuntiraman: qandaydir bir «Bag‘dodiy» o‘zini «xalifa» deb e’lon qilibdi va barcha musulmonlar nomidan gapirishim mumkin, deb hisoblayapti. Biroq bu faqat uning xayolidagina shunday. Xalqaro musulmonlar ittifoqi rasman e’lon qildi: o‘zini xalifalik deb e’lon qilgan tashkilot shariatga mos kelmaydi va musulmonlar ularga quloq solmasliklari kerak.» - degan edi marhum shayx o‘z ma’ruzalaridan birida.
Ona Vatani O‘zbekistonga xiyonat qilib, hozirgi kunda o‘zlarini «O‘zbekiston Islom harakati» deb nom qo‘yib olgan bir to‘da xiyonatchilarni hozirgi rahbari «Usmon G‘oziy» «Iroq va Shom Islom davlati» nomli terroristik guruhning ta’sis etilishini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilib, bu terroristlar bilan bir safda ekanligini aytdi.
«ISHID»ni xalifalik e’lon qilgani, «Hizb ut-Tahrir»ni keskin munosabatiga sabab bo‘ldi. «Hizb ut-Tahrir»ni hozirgi rahnamosi «Ato ibn Xalil Abu Rashta» ayni masalaga oid javobida umuman bu xalifalikni tan olmasligini ta’kidlab o‘tgan. «Ato ibn Xalil Abu Rashta»ni «Bag‘dodiy»ga murojatida: ««Xalifalik» e’lon qilmoqchi bo‘lsa, bu tashkilotning o‘sha joyda ochiq hukumronligi (hokimiyati) bo‘lishi, bu hukmronligi uning ichi va tashqi jihatdan havfsizligini himoya qilishi «xalifalik» e’lon qilinadigan mintaqada davlat tayanchlari bor bo‘lishi zarur. Ammo «xalifalik»ni e’lon qilgan «ISHID» tashkiloti na Suriyada na Iroqda saltanat (xokimiyat)ga ega emas. Ular faqat o‘zlaridagi ichki xissiyotlarni qondirishgan, xolos... Bu e’lon bema’ni e’lon bo‘lib, bu tashkilot «xalifalik» e’lon qilishdan oldin ham bir qurolli tashkilot bo‘lgan, undan keyin ham bir qurolli tashkilot bo‘lib qoladi».
Bu ikki tashkilotni maqsadlari saxrodagi sarobga o‘xshab ko‘ringan narsaga intilish kabidir. «Abu Rashta»ni davlat va jihod orqali xalifalik tashkil qilamiz demoqda, bu maqsadi yo‘lida hech narsadan qaytmasligi, ya’ni, «islom dini» asoslaridan, insonparvarlik tuyg‘ularidan va har qanday hunrezliklardan qaytmasdan maqsadiga yetish uchun harakat qilishga ishoradir. E’tibor qilinsa bir-birini qurolli to‘da deb atamoqdalar. Bir-birlarini kirdikorlarini ochib tashlamoqdalar. Bu bilan asl maqsadlari namoyon qilgan.
«ISHID»ni qurolli tashkilot deb atamoqda, ammo o‘zlarining «Hizb ut-Tahrir» nomli kitobida: «Hizb ut-Tahrir» ruhiy uyushma ham, ilmiy uyushma ham, ta’lim-tarbiya bilan shug‘ullanadigan uyushma ham emas, balki, u islomiy fikrat asosiga qurilgan siyosiy uyushmadir»- deyilgan.
«Hizb ut-Tahrir»ni hozirgi rahnamosi «Ato ibn Xalil Abu Rashta»ni g‘azabi va nafrati bejiz emas chunki, xalifalikni ulardan oldin «ISHID» e’lon qilib qo‘ydi. Bu albatta o‘zlaricha kelajakda orzu qilib yurgan «xalifalik»ka soya soldi. Agar bular ham xalifalik e’lon qilsalar musulmonlarni bu masalada ikkilanishiga va shubhalanishga olib kelishidan qo‘rqmoqda.
«Hizb ut-Tahrir» va «ISHID» kabi terrorchi tashkilotlar go‘yoki dinga xizmat qilishdek, sharafli ishni amalga oshirayotganlarini da’vo qilsalarda, aslida hukumatga va Islomga qarshi harakat qilayotganlari hozirgi kunda isbotini topmoqda.
Zero, Alloh taolo «Qur’oni karim»da marhamat qilganidek: «Ularga: «Yer yuzida buzg‘unchilik qilmanglar», deyilsa, «Biz isloh qiluvchilarmiz», deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, ular albatta buzg‘unchilardir, lekin o‘zlari buni sezmaydilar». (Baqara, 11-12).
Hozir dunyoda va islom olamida bo‘layotgan vaziyatni e’tiborga olib yoshlarimizni mazkur xavf-xatarlardan muhofaza qilish, diniy ekstremizm bilan bog‘liq tahdidlarni anglab yetishi va bundan ogoh bo‘lishi uchun o‘quv muassassalari, tashkilotlar, diniy xodimlar, mahalla fuqarolari yig‘inlari va profilaktika nozirlari hamkorlikda yoshlarni ilmli, dunyoqarashi keng vatanparvar shaxs qilib tayyorlashga va befarqlikni salbiy oqibatlariga urg‘u berish, diniy ekstremistik oqimlar tarafdorlari tarqatayotgan g‘oyalarning aslida Islom ta’limotiga zid ekani va siyosiy maqsadlarga yo‘naltirilganini aniq dalillar bilan isbotlab berish, milliy-diniy qadriyatlar, ajdodlarimiz merosini va vatanparvarlik hissini singdirib borishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni doimiy ravishda o‘tkazib borish lozim.
Zaynilobiddinxon Qudratov,
Toshkent viloyati Piskent tumani
“Mulla Bo‘ta Qozi” jome masjidi imom-xatibi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati