Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

«Zalolatga yul yoxud ISHID fitnasi»

20.07.2016   9219   7 min.
«Zalolatga yul yoxud ISHID fitnasi»

Bugungi kunda dunyoda va Islom olamida nima bo‘layotganidan hamma xabardor bo‘lsada,  afsuski, XXI asrda tashkil topgan ayrim ekstremistik va radikal guruhlarni g‘arb OAVlari «islom» va «musulmon» nomi bilan yoritib borishmoqda. Zero, ushbu radikal guruhlar haq va muborak «La ilaha illalloh» so‘zini til o‘yiniga aylantirishgan hamda xalifalikni qaytadan joriy etish iddaosini qilishmoqda. Vaholanki, ularning shiorlarini chekkaga surib qo‘yib, ularning   fikrlari, so‘zlari va amallariga e’tibor qaratsak, Islom va diniy ahkomdan biron nishona topolmaysiz.

  Bunga  hozirda Suriya va Irok davlatlarida «xalifalik» davlatini tashkil etganini jar solayotgan «ISHID» terroristik tashkilotini yaqqol misol keltirish mumkin  va ushbu terrorchi tashkilot   Islom diniga bo‘lgan qarashlarni chalg‘ituvchi bir omilga aylantirgan xamda bir hovuch «jixodchilar» va «salafiylar» diniy ekstremistik oqimlarining nokonuniy diniy g‘oyalari tasirida vujudga kelgan.

Aytish lozimki, ruhiyatni chalg‘ituvchi salafiylar  garb OAVining diqqatini o‘ziga jalb etib va ushbu OAV lari jahon hamjiyatiga «ISHID» kabi radikal guruhlarni «Islom» dini bilan bir qatorda qo‘ygan holda qabul qildirishga urinishmoqda. Holbuki, «salafiylar» va  boshqa takfiriy  guruhlar asl Islom ta’limotidan juda uzoqdalar (ushbu mavzuga quyida to‘xtalib o‘tamiz). Aynan bu kabi guruhlar Islom chehrasini dunyoda  qora qilib ko‘rsatishmoqda.  

   Suriya va Iroq mamlakatlarida terroristik amaliyotlarni amalga oshirishni, qon to‘kish, qotilliklar, aholi yashaydigan uy-joylarni vayronalarga va xarobalarga aylantirishni o‘z oldiga maqsad qilib oldi. Hozirda ushbu fojeali va qo‘rqinchli amaliyotlarni vahshiylarcha amalga oshirishmoqda. «ISHID» nomi «Iroq va Shom islomiy davlati»ning qisqartirilgan shaklidir. «ISHID» qurollangan terroristik guruh bo‘lib, bu guruh «salafiylik» jihodi, ya’ni ekstremistik g‘oyalar va qarashlar bilan yo‘rg‘ilgandir. «ISHID» guruhi asoschilarining maqsadlari «Islomiy xalifalik va shariat ijrosi» nomini qaytadan tiklashdir.

«ISHID»ning paydo bo‘lishi va uning faoliyatlari haqida bugungi kunda dunyodagi mashhur siyosatchilar, davlat rahbarlari va dunyoning taniqli ulamolari o‘zlarining salbiy munosabatlarini bildirmoqdalar.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Iroq va Suriyadagi jangarilarining harakatlarini gunoh deb aytib o‘tdi. «Qonuniy davlat rahbariga qarshi «fitna», isyon, g‘alayonda ishtirok etish Islom dinidagi eng og‘ir gunohlardan biri hisoblanadi. Noqonuniy davlatni tan olishni xohlamagani uchun kechagina ittifoqchi bo‘lgan insonlarni qatl qilish, birgalikda    isyon ko‘targan qalloblar tomonidan saylanib, faqat shugina asos bilan o‘zini xalifa deb hisoblash-bu katta gunoh»-dedi O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi.

 Taniqli  marhum ulamo Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: «Odamlar menga tez-tez shunday savol berishadi: Iroqdagi voqealarni qanday tushunmoq kerak? Men shunday tushuntiraman: qandaydir bir «Bag‘dodiy» o‘zini «xalifa» deb e’lon qilibdi va barcha musulmonlar nomidan gapirishim mumkin, deb hisoblayapti. Biroq bu faqat uning xayolidagina shunday. Xalqaro musulmonlar ittifoqi rasman e’lon qildi: o‘zini xalifalik deb e’lon qilgan tashkilot shariatga mos kelmaydi va musulmonlar ularga quloq solmasliklari kerak.» - degan edi marhum shayx o‘z ma’ruzalaridan birida.

  Ona Vatani O‘zbekistonga xiyonat qilib, hozirgi kunda o‘zlarini «O‘zbekiston Islom harakati»  deb nom qo‘yib olgan bir to‘da xiyonatchilarni hozirgi rahbari «Usmon G‘oziy» «Iroq va Shom Islom davlati» nomli terroristik guruhning ta’sis etilishini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilib, bu terroristlar bilan bir safda ekanligini aytdi.

«ISHID»ni xalifalik e’lon qilgani, «Hizb ut-Tahrir»ni keskin munosabatiga sabab bo‘ldi. «Hizb ut-Tahrir»ni hozirgi rahnamosi «Ato ibn Xalil Abu Rashta» ayni masalaga oid javobida umuman bu xalifalikni tan olmasligini ta’kidlab o‘tgan. «Ato ibn Xalil Abu Rashta»ni «Bag‘dodiy»ga murojatida: ««Xalifalik» e’lon qilmoqchi bo‘lsa, bu tashkilotning o‘sha joyda ochiq hukumronligi (hokimiyati) bo‘lishi, bu hukmronligi uning ichi va tashqi jihatdan havfsizligini himoya qilishi «xalifalik» e’lon qilinadigan mintaqada davlat tayanchlari bor bo‘lishi zarur. Ammo «xalifalik»ni e’lon qilgan «ISHID» tashkiloti na Suriyada na Iroqda saltanat (xokimiyat)ga ega emas. Ular faqat o‘zlaridagi ichki xissiyotlarni qondirishgan, xolos... Bu e’lon bema’ni e’lon bo‘lib, bu tashkilot «xalifalik» e’lon qilishdan oldin ham bir qurolli tashkilot bo‘lgan, undan keyin ham bir qurolli tashkilot bo‘lib qoladi».

Bu ikki tashkilotni maqsadlari saxrodagi sarobga o‘xshab ko‘ringan narsaga intilish kabidir. «Abu Rashta»ni  davlat va jihod orqali xalifalik tashkil qilamiz demoqda, bu maqsadi yo‘lida hech narsadan qaytmasligi, ya’ni, «islom dini» asoslaridan, insonparvarlik tuyg‘ularidan va har qanday hunrezliklardan qaytmasdan maqsadiga yetish uchun harakat qilishga ishoradir. E’tibor qilinsa bir-birini qurolli to‘da deb atamoqdalar. Bir-birlarini kirdikorlarini ochib tashlamoqdalar. Bu bilan asl maqsadlari namoyon qilgan.

«ISHID»ni qurolli tashkilot deb atamoqda, ammo o‘zlarining «Hizb ut-Tahrir»  nomli kitobida: «Hizb ut-Tahrir» ruhiy uyushma ham, ilmiy uyushma ham, ta’lim-tarbiya bilan shug‘ullanadigan uyushma ham emas, balki, u islomiy fikrat asosiga qurilgan siyosiy uyushmadir»- deyilgan.

«Hizb ut-Tahrir»ni hozirgi rahnamosi «Ato ibn Xalil Abu Rashta»ni g‘azabi va nafrati bejiz emas chunki, xalifalikni ulardan oldin «ISHID» e’lon qilib qo‘ydi. Bu albatta o‘zlaricha kelajakda orzu qilib yurgan «xalifalik»ka soya soldi. Agar bular ham xalifalik e’lon qilsalar musulmonlarni bu masalada ikkilanishiga va shubhalanishga olib kelishidan qo‘rqmoqda.

 «Hizb ut-Tahrir» va «ISHID» kabi terrorchi tashkilotlar go‘yoki dinga xizmat qilishdek, sharafli ishni amalga oshirayotganlarini da’vo qilsalarda, aslida hukumatga va Islomga qarshi harakat qilayotganlari hozirgi kunda isbotini topmoqda.

Zero, Alloh taolo «Qur’oni karim»da marhamat qilganidek: «Ularga: «Yer yuzida buzg‘unchilik qilmanglar», deyilsa, «Biz isloh qiluvchilarmiz», deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, ular albatta buzg‘unchilardir, lekin o‘zlari buni sezmaydilar». (Baqara, 11-12).

 Hozir dunyoda va islom olamida bo‘layotgan vaziyatni e’tiborga olib yoshlarimizni mazkur xavf-xatarlardan muhofaza qilish, diniy ekstremizm bilan bog‘liq tahdidlarni anglab yetishi va bundan ogoh bo‘lishi uchun o‘quv muassassalari, tashkilotlar, diniy xodimlar, mahalla fuqarolari yig‘inlari va profilaktika nozirlari hamkorlikda yoshlarni ilmli, dunyoqarashi keng vatanparvar shaxs qilib tayyorlashga va befarqlikni salbiy oqibatlariga urg‘u berish, diniy ekstremistik oqimlar tarafdorlari tarqatayotgan g‘oyalarning aslida Islom ta’limotiga zid ekani va siyosiy maqsadlarga yo‘naltirilganini aniq dalillar bilan isbotlab berish, milliy-diniy qadriyatlar, ajdodlarimiz merosini va vatanparvarlik hissini singdirib borishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni doimiy ravishda o‘tkazib borish lozim.

 

Zaynilobiddinxon  Qudratov,

 Toshkent viloyati Piskent tumani  

“Mulla Bo‘ta Qozi”  jome masjidi  imom-xatibi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   2181   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar