«Idda» so‘zi lug‘atda «sanash», «hisoblash» ma’nolarini bildiradi. Shariatda esa, ayol kishi erining vafotidan keyin yoki eri bilan ajrashgandan keyin boshqa yerga tegmay o‘zini saqlashi lozim bo‘lgan muddatga aytiladi.
Idda muddatlari:
Alloh taolo:
«Taloq qilingan ayollar, o‘zlaricha uch quru’ kutadilar. Ularga Alloh ularning rahmlarida xalq qilgan (yaratgan) narsani yashirishlari halol emas. Agar, Allohga va oxirat kuniga iymonlari bo‘l-sa», degan (Baqara, 228).
Alloh taolo ayollarning bachadonlarida yaratgan narsadan murod esa, hayz yoki homiladir. Mo‘mina-muslima ayol bu narsalarni berkitmasligi kerak. Misol uchun, yeri taloq qilgan bo‘lsa, taloqdan keyin homila aniq bo‘lsa homilasini yashirib, uch marta hayz (oy ko‘rmoq, uzrli bo‘lmoq) ko‘rdim, deb boshqa erga tegishga shoshmasligi lozim.
Hanafiy mazhabimiz ulamolari eri taloq qilgan xotin taloqdan so‘ng uch marta hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan iddasi tugaydi, deydilar.
Alloh taolo:
« Xotinlaringiz orasidagi (keksayib) hayz ko‘rishdan umid uzganlari, agar sizlar (iddalari xususida) shubhalansangiz, bas, (bilingizki) ularning iddalari uch oydir, yana (biror marta) hayz ko‘rmaganlarning (iddalari) ham», degan. (Taloq, 6)
Alloh taolo:
«Sizlardan vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari o‘zlaricha to‘rt oy o‘n kun kutarlar», (Baqara, 234) degan.
Yani, Bu eri o‘lgan ayollarning idda muddatidir. Eri o‘lgan har bir ayol umr yo‘ldoshilik hurmatidan to‘rt oy o‘n kun idda o‘tirishi vojib. Eri o‘lgan homilador ayolning iddasi homilasini tug‘ishidir.
Alloh taolo:
«Homiladorlarning (idda) muddatlari homilalarini qo‘yishlari (ko‘z yorishlari)dir», degan. (Taloq, 6)
Bundan tashqari, idda o‘tirish shart bo‘lmagan o‘rin ham mavjud. Fuqaholar bunga quyidagi oyatni dalil qiladilar:
Alloh taolo:
«Qachonki mo‘minalarni nikohlab olsangiz, so‘ng ularga (qo‘l) tegizmay turib taloq qilsangiz, siz uchun ular idda saqlash majburiyatida emaslar», degan. (Azhob, 49)
Yer-xotin nikohlangandan so‘ng birga yashamay, er ayolini taloq qilgan bo‘lsa ayol idda o‘tirishi vojib emas. Chunki homila bo‘lishining ehtimoli yo‘q. Oilaviy turmush hurmati ham yo‘q.
Iddani shariatga kiritilishining bir necha hikmatlari bor:
Birinchisi, eridan ajragan ayol homiladormi, yo‘qmi aniqlanadi. Shu bilan nasl-nasab aralash-quralash bo‘lib ketishining oldi olinadi.
Ikkinchisi, o‘lgan erning hurmati bajo keltiriladi.
Uchinchisi, er bilan birga o‘tkazilgan oilaviy hayotning hurmati yuzasidan ham darrov boshqa erga tegib ketmay, idda o‘tiriladi.
Bundan tashqari, ilm fan taraqqiy etgan hozirgi kunda boshqa hikmatlari ham aniqlanmoqda. Angliyalik olimlar bir erkak bilan yashab turib, keyin bevosita, orada tanaffus qilmay ikkinchi er bilan jinsiy hayotni davom ettirgan ayollarning bachadonlarida og‘ir kasallik paydo bo‘lishini isbot qildilar.
Alloh taolo bizlarga O‘z amri ilohilariga amal qilib hayot kechirishni nasib etsin. Zero U zot har bir narsaga qodirdir.
Imom Buxori nomli Toshkent islom instituti talabasi Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bemor shifokorning huzuriga bordi. Qabul bo‘limida o‘tirgan xodima undan navbatsiz kiritish evaziga qo‘shimcha 50 ming so‘m oldi.
Shifokor bemorga muayyan bir kompaniya ishlab chiqargan dorini yozib berdi, chunki uning sotuvdan o‘z ulushi bor edi.
Hamshira bemorga dorini yon atrofdagi dorixonadan sotib olishni tayinladi, chunki bundan unga ham vositachilik haqqi (komissiya) berilardi.
Shifokor bilan til biriktirgan o‘sha farmatsevt (dorixonachi) ishini tugatib, uyiga qaytish uchun taksiga o‘tirdi. Vaqt kech bo‘lib qolgani sababli, haydovchi undan ikki baravar haq talab qildi.
Haydovchining guvohnomasi muddati o‘tgan edi. Yo‘lda YPX (yo‘l patrul xizmati) to‘sig‘iga duch keldi. YPX xodimi unga 500 ming so‘m jarima solmaslik evaziga undan 50 ming so‘m oldi.
Ertasi kuni YPX xodimi kasal bo‘lib qoldi va o‘sha shifokorning huzuriga bordi... va shu tariqa voqea qaytadan takrorlandi.
Mana shunday qilib, harom topilgan pul bebaraka va besamar ishlarga sarf bo‘lishi bilan birga, haromdan hazar qilmaydigan kimsalarning kundalik hayoti ana shunday muammolar girdobi ichida qoladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV