Basmala – “Bismillahir Rohmanir Rohim” – “Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman)” jumlasining qisqartma shaklidir. U Naml surasi 30-oyatining bir bo‘lagi hisoblanadi. Har bir xayrli ishni basmala bilan boshlash sunnatdir. Jumladan, Qur’oni karim qiroatini ham. Suralar boshida basmalani aytish sunnat. O‘quvchi sura o‘rtasidan boshlab qiroat qilganida esa ixtiyorlidir, xohlasa, aytadi, yo‘qsa, “istioza” bilan kifoyalanadi. Lekin basmala bilan boshlagani afzal.
Vahiy – lug‘atda “tezlik bilan maxfiy ishora qilish” degan ma’noni anglatadi. Istilohda esa, Alloh taoloning payg‘ambarlardan biriga nozil qilgan Kalomidir. Ushbu atamani payg‘ambar (alayhissalom)lardan boshqaga nisbatan qo‘llash mumkin emas. Ya’ni, payg‘ambar bo‘lmagan odamga vahiy tushdi, deyilmaydi.
Iyho’ – vahiy so‘zidan umumiyroq bo‘lib, nabiy va rasullardan biriga vahiy nozil qilish ham, payg‘ambar bo‘lmagan kishilarga ishora qilish yoki qalbiga biror narsani solish haqida gap ketganda ham qo‘llaniladi. Shuning uchun bu lafzni nabiyga va nabiy bo‘lmaganlarga nisbatan ishlatish mumkin.
Istioza – “A’uzu billahi minash shaytonir rojim” (“Quvg‘in etilgan shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini so‘rayman”) jumlasining qisqartmasidir. Lug‘atda “panoh tilash” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa qiroatni boshlashdan oldin Alloh taolodan shayton yomonligidan panoh so‘rashdir. Suraning xoh avvalidan, xoh o‘rtasidan boshlab qiroat qilganda “istioza”ni aytish mustahabdir. Ayrim ulamolar vojib deyishgan.
Qiroat – arabcha “قرأ” so‘zi o‘zagidan olingan bo‘lib, “Qur’on tilovat qilish, o‘qish” kabi ma’nolarni ifodalaydi.
Qori – arabcha “قرأ” so‘zi o‘zagidan olingan bo‘lib, “Qur’on qiroat qiluvchi, o‘quvchi” ma’nolarni anglatadi.
Qur’on – arabcha “قرأ” so‘zi o‘zagidan olingan bo‘lib, “o‘qish, jamlash” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa, Qur’on Alloh taoloning Jabroil (alayhissalom) vositasida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga tushirgan, tilovati ibodat hisoblangan Kalomidir.
Madaniy – hijratdan keyin Madina va boshqa joylarda nozil bo‘lgan curalar. Bu atama 26 ta suraga nisbatan qo‘llaniladi. Madaniy oyatlar adadi 1456 ta bo‘lib, Qur’onning 37 foizini tashkil etadi. Ma’lumki, Qur’oni karim oyatlari bir joyda emas, balki Makka, Madina, Toif, Juhfa, Baytul Maqdis, Hudaybiya kabi shaharlarda va Mino, Arafot, Badr, Uhud kabi yerlarda tushirilgan.
Makkiy – Makkada hijratgacha nozil bo‘lgan suralar. Bu atama 88 ta suraga nisbatan qo‘llaniladi. Makkiy oyatlar adadi 4780 ta bo‘lib, ular Qur’onning 63 foizi tashkil etadi.
Mus'haf – lug‘atda “sahifalangan” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, o‘zida bir qancha sahifani jamlagan kitobga “mus'haf” deyiladi. “Mus'haf” iborasi asosan Qur’oni karimga qo‘llaniladi. Bu Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu)ning Mus'hafi bo‘lib, qolgan Mus'haflar undan ko‘chirilgan. U zot xalifalik davrida vahiy kotibi bo‘lmish Zayd ibn Sobit va bir qancha sahobalar (roziyallohu anhum)ga bir necha Mus'haf ko‘chirishni buyuradi. Mus'haflar tayyor bo‘lgach, birini o‘zi va Madina ahli uchun saqlab, qolganlarini Makka, Shom, Kufa, Basra kabi joylarga yuboradi. Ana shu Mus'haflar “Usmon Mus'hafi, Imom Mus'hafi” deyiladi.
Oyat – lug‘atda “mo‘jiza, alomat, ibrat, dalil” singari ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa, suralarning tugallangan ma’noga ega bo‘lagi “oyat” deyiladi. Qur’oni karim 6236 oyatdan iborat.
Pora – forscha so‘z bo‘lib, “qism, juz, bo‘lak” kabi ma’nolarni anglatadi. Qur’oni karim 30 poradan iborat. Har bir pora 20 betni, ya’ni 10 varaqni tashkil etadi. Pora ma’lum sura yoki oyatlar adadi bilan belgilanmaydi. Misol uchun, Baqara surasi 2 poradan ziyodroqdir. Ayrim poralar esa o‘z ichiga bir necha surani olgan, jumladan, 30-porada 37 ta sura joy olgan.
Rub’ – Bir poraning to‘rtdan bir qismi, ya’ni 5 bet. Qur’oni karim 240 rub’dan iborat.
Sura – lug‘atga ko‘ra, “sharaf, maqom, qo‘rg‘on” kabi ma’nolarni bildiradi. Istilohda esa, “sura” deb Qur’oni karim oyatlarining boshlanishi va tugashi belgilangan qismiga aytiladi. Qur’oni karim 114 suradan iborat.
Tajvid – lug‘atda, “chiroyli qilish, sifatini oshirish” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa, tajvid deb, har bir harfning maxraj, sifat, mad, tarqiq, tafxim kabi tajvid qoidalaridan iborat haqini berish tushuniladi. Tajvidni nazariy jihatdan bilish farzi kifoya, unga amal qilish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzi ayndir. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “...Qur’onni «tartil» bilan (dona-dona qilib) tilovat qiling!” (Muzzammil surasi, 4-oyat).
Tafsir – lug‘atda “ochib berish, bayon qilish, sharhlash” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa, Qur’oni karim lafzlarini talaffuz etish kayfiyati (qiroatlar), ularning (lug‘aviy) ma’nolari, mufrad va tarkibiy hukmlari (sarf, nahv va balog‘at qoidalari), tarkib holatida dalolat qiladigan (haqiqiy va majoziy) ma’nolari va u ilmning to‘ldiruvchilari (nosix, mansux, nozil bo‘lish sabablari va qissalar)dan bahs qiladigan ilmdir. Bu ilmga lug‘at, sarf, nahv, balog‘at, usulul fiqh va qiroat ilmlarini chuqur o‘rganish bilan erishiladi.
Hizb – Qur’oni karimning oltmishdan bir qismi, ya’ni yarim pora.
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati