Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

"Ixlos" surasi

18.07.2016   76644   19 min.

Jabroil alayhissalom Tabukda tushib: «Ey Rasululloh, Muoviya al-Muzaniy Madinada vafot etdi. Unga namoz o‘qishingiz uchun yerni bukib beraymi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha», dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom ikki qanoti bilan yerga va tog‘ cho‘qqilariga urgan edilar, yer itoat qildi va uning tobuti ko‘rsatildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga namoz o‘qidilar. Ortlarida farishtalar ikki saf bo‘lib, har bir safda yetmish ming farishta bor edi. O‘qib bo‘lib, «Tarji’ni (Inna lillahi va inna ilayhi roji’un) aytdilar. So‘ng: «Bu darajaga nima sababli erishdi?» deb so‘radilar. Jabroil alayhissalom: قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni yaxshi ko‘rgani va uni kelganda ham, ketganda ham, turganda ham, o‘tirganda ham va har bir holatda ham o‘qigani uchun», dedilar»[1].Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim uch narsani iymon bilan ado etsa, jannatning xohlagan eshigidan kiradi va xohlagan hurga uylanadi: kim qotilni afv qilsa, maxfiy ravishda  birovning qarzini to‘lasa va har farz namozidan so‘ng قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni o‘n marta o‘qisa», dedilar. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu: «Bittasini qilsa-chi, ey Allohning Rasuli?» deb so‘radilar. U zot: «Bittasini qilsa ham», dedilar»[2].

 

«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, kambag‘alligi va nochorligidan shikoyat qildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Qachon manzilingga kirsang, odam bo‘lsa-bo‘lmasa, salom bergin, so‘ng menga salom yo‘llagin va قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni bir marta o‘qigin», dedilar. Haligi kishi shunday qildi. Natijada Alloh taolo unga shu darajada rizq berdiki, hatto qo‘shnilariyu qarindoshlariga ham mo‘l-ko‘l yog‘dirdi»[3].

 

«Kim قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni har kuni ellik marta o‘qisa, qiyomat kuni: «Tur, ey Allohni maqtovchi! Jannatga kir!» deyiladi»[4].

 

«Kim vafot bilan nihoya topadigan kasalligida قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni o‘qisa, qabrida fitnalanmaydi, qabr siqishidan omonda bo‘ladi va farishtalar uning qo‘lidan tutib, sirot ko‘prigidan jannatga olib o‘tadilar»[5].

 

FOYDA:

 

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «To‘planinglar! Men sizlarga Qur’onning uchdan birini o‘qib beraman», dedilar. To‘planganlar to‘plandi, so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqib, قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni o‘qidilar-da, kirib ketdilar. Shunda hammamiz bir-birimizga: «Bu samodan kelgan xabar bo‘lsa kerak, shuning uchun kirib ketdilar», dedik»[6].

 

– Ayrim ulamolar: «Buning Qur’onning uchdan biriga tengligiga sabab, unda الصَّمَدAllohning Somad ismi borligi uchun, chunki boshqa suralarda bu ism topilmaydi», deydilar. Shuningdek, أَحَدٌ«axad» borligi uchun ham.

 

– Ba’zilar: «Qur’onning o‘zi uchga bo‘lingani uchun: uchdan biri hukmlar, uchdan biri va’da va va’idlar (qaytariqlar), yana uchdan biri ism va sifatlar. قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad» shu uch bo‘lakning bir bo‘lagi, ya’ni ism va sifatlar bo‘lagidir. Shu ma’noda bu sura «Ixlos» deb nomlanadi», deydilar.

 

 

 

 

 


 


 

[1]Tobaroniy Anas roziyallohu anhudanrivoyat qilgan.

 

[2] Abu Ya’lo Musiliy Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.

 

[3] Hofiz Abu Muso Madiniy Sahl ibn Sa’ddan rivoyat qilgan.

 

[4] Tobaroniy Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilgan.

 

[5] Tobaroniy va Abu Nu’aym Abdulloh ibn Shixxirdan rivoyat qilganlar.

 

[6] Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.

 

 

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   48966   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari