Ikki yo‘ldan odatda chiqadigan bavl, axlat, yel, maziy, vadiy, maniy hamda noodatiy chiqadigan qurt, tosh, ozgina qon singari narsalar tahoratni buzuvchi ekanligida jumhur ulamolar ittifoq qilishgan. Faqatgina Imom Molik rohimahulloh odatdan tashqari holda ikki yo‘ldan chiqadigan qurt, tosh, istihoza qoni va doimiy siydik tomim turishi, ich ketishi, tinmay yel kelib turishi singari narsalar tahoratni buzuvchilarga kirmasligini aytganlar.
Ikki yo‘ldan boshqa joydan chiqqan narsalar borasida esa mazhabboshilar o‘rtasida ham ixtiloflar mavjud.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra ikki yo‘ldan boshqa joydan chiqqan narsa najosat bo‘lsa va u tananing poklanishi lozim bo‘ladigan qismiga oqib o‘tsa tahorat buziladi. Bularga qon, yiring kabilar kiradi. Bunday najosatlar tahoratni buzishi uchun oquvchi bo‘lishi darkor.
Oquvchi bo‘lish sharti jarohat doirasidan tashqariga oqib chiqadigan bo‘lishligidir. Ko‘zdan va jarohatdan chiqqan qon ko‘z va jarohat doirasidan chiqmasa tahorat buzilmaydi.
Mazhabimizga ko‘ra oquvchi qon tahoratni buzuvchi sanaladi. Boshqa mazhablarda va ayrim toifalarda esa ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiqqan qon tahoratni buzmasligini aytishadi. Imom Ahmad rohimahulloh “ko‘p qon chiqsa tahoratni buzadi”, deganlar.
Keling, mazhabimizni qo‘llab quvvatlovchi dalillardan ba’zilarini keltirib o‘taylik:
1) Rosulloh sollallohu alayhi vasallam:
الوضوء من كل دم سائل
ya’ni, “Har bir oquvchi qondan tahorat qilish bor”, deganlar (Doroqutniy rivoyati, 581).
2) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Tahorat yetti narsadan qayta qilinadi”, deganlar. Og‘iz to‘la qayt qilishni, oquvchi qonni, qahqaha otib kulishni (namozda) va uxlashni ular jumlasidan sanab o‘tganlar (Bayhaqiy rivoyati).
3) Oisha onamiz roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda onamiz aytadilar: “Fotima bintu Abu Hubaysh Payg‘ambar alayhissalom oldilariga kelib: “Ey Allohning rosuli men istihoza qoni ko‘raman. Hech pok bo‘lmayman. Namoz o‘qishni tark qilib turayinmi?”, deb so‘radi. Payg‘ambar alayhissalom: “Yo‘q, bu narsa hayz emas, faqatgina tomirdan keluvchi qondir. Qachon odatda hayz ko‘radigan kunlaring kelsa, namoz o‘qimay turasan. U kunlar tugasa o‘zingdan qonni yuvib tashlab, (g‘usl qilgach) har bir namoz (vaqti) uchun alohida tahorat olasan ”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim).
Bu hadisda Payg‘ambar sollallohu alayh vasallam tahorat qilishni vojib qiluvchi illatni bayon qilib berganlar. U esa ayoldan chiqqan qon tomirdan chiquvchi qon ekanligidir. Tomirdan chiquvchi deb ifodalanishi ikki yo‘ldan chiquvchi qonni ham ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiquvchi qonni ham o‘z ichiga qamrab oladi. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayh vasallam Fotima bintu Abu Hubayshga har bir namoz uchun tahorat qilishga buyurdilar.
Shu va shunga o‘xshash dalillar hamda ibodat masalalarida ehtiyotini olish afzalligi sababli mazhabboshilarimiz ikki yo‘ldan boshqa o‘rindan chiquvchi qon poklanishi lozim bo‘lgan joyga oqib o‘tsa tahoratni buzishligiga hukm qilganlar. Boshqa o‘ringa oqishligi chiquvchi qon ko‘pligi ma’nosidadir. Zero, ukol qilishda shpritsga qon tortilsa, poklanishi lozim bo‘lgan joyga oqmasada tahorat buziladi. Chunki tortilgan qon oquvchi hukmiga o‘tadi.
A’zamjon Saminov,
“Hidoya” madrasasi mudarrisi
Savol: Direktorimiz menga 15 soat dars yozgan. Lekin men 10 soat dars o‘taman. Direktor o‘tilmayotgan 5 soatning pulini menga berasiz, men u pulni maktabning turli to‘lovlarga ishlataman, dedi. Uning bu gapi qanchalik rost bilmayman. Shu vaqtgacha uning aytgani bo‘yicha 5 soatning pulini unga berib kelyapman. Direktorning ortiqcha ish soati yozib, pulini olishi halolmi, mening bu ishga rozi bo‘lganim-chi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu ish o‘zganing haqini nohaq o‘zlashtirish bo‘lib, buni Alloh taolo O‘z kalomida ochiq-oydin taqiqlagan:
﴿وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ﴾
“Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi” (Abu Ya’lo, Bazzor va boshqalar rivoyati).
Direktoringizning maktab chiqimlarini ro‘kach qilib olayotgan pullari halol emas. Darhol bu ishni tark etib tavba qilishi, sizga o‘tadigan dars soatlaringizni to‘g‘ri yozishi lozim.
Sizning uning taklifiga rozi bo‘lishingiz ham gunoh sanaladi. Chunki shariatimizda ma’siyatlarga yordam berish ham gunoh sanaladi. Shuning uchun siz unga qilayotgan ishini xato ekanini bir ilojini qilib tushuntiring va bu ish uning boshiga dunyoda ham, oxiratda ham ulkan musibatlar olib kelishini ayting. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi