O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent tumani «Hasanboy ota» jome masjidi imom-noibi, ustoz Yahyoxon domla Turdiyevning turmush o‘rtog‘i vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Yahyoxon domlaga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan muntazam yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqotlar fuqarolarning muammolarini tizimli hal etishda yuksak samara bermoqda.
Xususan, joriy yilning 18 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, har bir murojaatni alohida e’tibor bilan ko‘rib chiqdi.
Qabul davomida oilaviy masalalar bo‘yicha kelgan yurtdoshlarimizga shar’iy ko‘rsatma va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy yordamga muhtoj fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Ta’kidlash joizki, aholi muammolarini tinglash va ularga yechim topish jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari hamda jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati