Ma’lumki bugungi kunda ba’zi toifalar kufr so‘zini ko‘p ishlatmoqda. Iymon keltirgan va o‘zini musulmon deya da’vo qilayotgan kishini ham kufrda yani dindan chiqqanlikda ayblamoqdalar.
Aslida bu “Kufr” o‘zi nima degani? Qanday odamga kofir deyiladi? Bu savollarga quyidagi maqolamiz orqali javob berishga harakat qilamiz.
Kufr so‘zi lug‘atda “yopish”, “berkitish” ma’nosini anglatadi.
Kufr shar’iy istilohda imonning ziddi bo‘lib, “tonish”, “bosh tortish” ma’nolaridadir. Bu haqda Alloh taolo bunday deydi: «Bizlar (bu ikki kitobning) har biriga kofirdirmiz», dedilar (Qasos, 48).
Shu e’tibordan shar’iy ma’nosi va lug‘aviy ma’nosi o‘zaro uzviy bog‘liqdir. “Kofir” degani “kufr egasining qalbi kufr sababli yopilgan” degan ma’nodadir. “Durrur muxtor” asarida bunday deyiladi: “Kufr shariatda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni dinga oid olib kelgan narsalarida yolg‘onchiga chiqarishdir”.
Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb o‘ylanayotgan u gapirgan so‘zi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab o‘rganish shartdir. Zero, barcha fosid so‘z yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar o‘zgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala bo‘lgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa, gapiruvchining o‘ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday bo‘lmasa, gaplari o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyati).
Agar bir musulmon odam kufrga o‘xshash so‘zni gapirib qo‘ysa, modomiki uning so‘zini boshqa bir yaxshi ma’noga yo‘yishning imkoni bo‘lsa, uni kofir deyilmaydi. Shuningdek, u gapirgan so‘zni kufr so‘z ekanligida olimlar o‘rtasida ixtilof bo‘lsa, agarcha u ixtilof zaif rivoyatda kelib, rivoyatda u so‘zni kufr ekanligi shak qilingan bo‘lsa-da, u musulmon kofirga chiqarilmaydi.
Zero, musulmonni nima narsa imonga olib kirgan bo‘lsa, ana o‘shandan tonishgina imondan chiqarib yuboradi. Chunki kishidagi mavjud islom shak bilan yo‘q bo‘lmaydi. Islom shak bilan yo‘q bo‘ladigan narsa emas. Agar bir kishi bir so‘zni aytib qo‘ysa yo qilib qo‘ysa va bir qancha ta’villarga ko‘ra u kofir bo‘lishi kerak bo‘lgan vaqtda bittagina ta’vilga ko‘ra u kofir bo‘lmasligi chiqsa, bu masala nozik bo‘lgani va musulmon haqida yaxshi gumon qilish lozimligi e’tiboridan ana shu bir ko‘rinishga ko‘ra, u kofir emas deyiladi. Olimlar shunga fatvo berishgan. Bundan tashqari kufr jinoyatning eng yuqorisi bo‘lib, u jazoning ham eng yuqorisini taqozo qiladi. Endi shak va ehtimol bilan esa bir odamga eng katta jazo qo‘llanmaydi ( Raddul muxtor xoshiyasi. III jild. 385 bet).
Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatar sababidan Qur’oni karim va Sunna o‘zga birovni kufrga chiqarishdan qaytargan.
Manbalar asosida tayyorlandi.
Komiljon Otamirzayev,
Uychi tumani «Dahyak-ota» jome
masjidi imom xatibi
Ramazon hayiti va Qurbon hayiti Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.
Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.
Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.
Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.
Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.
Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.
Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.
Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.
Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi