Alloh taolo Kalomi sharifida ilmning naqadar ulug‘ligi, ilm olish fazilati haqida ko‘p oyatlar nozil qilgan. Jumladan:
قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ
«Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» mazmunli oyati karima mohiyatini teran tafakkur qilsak, hozir jamiyat hayotida imom-xatiblarning o‘rni yuqori va mas’uliyati og‘ir ekani ma’lum bo‘ladi.
Darhaqiqat, Islom dini imom-xatiblar zimmasiga katta vazifalar yuklaydi. Imom-xatib Alloh taoloning marhamati bilan diniy va dunyoviy ilmlardan bahramand bo‘lib, ulug‘ ustoz, mudarris va muallimlardan yetarli va zarur bilimlarni oladi. Shuningdek, xalqimiz ibodatlarni to‘g‘ri ado etishida, marosimlarni risoladagidek o‘tkazishida va dinimizning ezgu ta’limotlarini mo‘min-musulmonlarga to‘g‘ri yetkazishda imom-xatiblarning xizmatlari juda kattadir.
«Imom» arabcha so‘z bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, oldinda turuvchi, rahbarlik qiluvchi va peshvo kabi ma’nolarni anglatadi. Shuningdek, faqat savob ishlarni qiluvchi inson ma’nosini ham beradi. Bir so‘z bilan aytsak, imom kishilarni dunyo va oxiratda ham foydali ezgu amallarga chaqiruvchi, hidoyatga yetaklovchidir. Qur’oni karimda ayni shu ma’noni ifoda etuvchi bir qancha oyatlar bor:
وَإِذِ ابْتَلَى إِبْرَاهِيمَ رَبُّهُ بِكَلِمَاتٍ فَأَتَمَّهُنَّ قَالَ إِنِّي جَاعِلُكَ لِلنَّاسِ إِمَاماً
«Eslang, Ibrohimni bir necha so‘zlar bilan Rabbi imtihon qilganida, ularni mukammal ado etdi. Shunda (Alloh): «Albatta, Men seni odamlarga imom (peshvo) qilaman», dedi...» (Baqara, 124).
وَوَهَبْنَا لَهُ إِسْحَاقَ وَيَعْقُوبَ نَافِلَةً وَكُلّاً جَعَلْنَا صَالِحِينَ وَجَعَلْنَاهُمْ أَئِمَّةً يَهْدُونَ بِأَمْرِنَا وَأَوْحَيْنَا إِلَيْهِمْ فِعْلَ الْخَيْرَاتِ وَإِقَامَ الصَّلَاةِ وَإِيتَاء الزَّكَاةِ
«Biz (Ibrohimga) Is'hoqni hadya etdik va Ya’qubni ham (nabira qilib) qo‘shib berdik hamda barchalarini solih kishilar qildik. Yana ularni Bizning amrimiz bilan (odamlarni) hidoyat etadigan peshvolar qildik va ularga yaxshi amallar qilishni, namozni barkamol ado etishni va zakot berishni vahiy qildik» (Anbiyo, 72–73).
Oyatlar mazmunidan shunday xulosa chiqarish mumkin – imomlik vazifasi yuqori martabadir. Ibrohim alayhissalom ko‘p imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tganlaridan keyin Alloh taolo inoyat qilib, imomlikni ato etgan. Ma’lum bo‘ladiki, har qanday kishiga ham imom deb ergashib bo‘lmaydi. U albatta, solih inson bo‘lishi lozim. Imom odil, qalbi pok, butun vujudi bilan kishilarga xizmat qilishi, ilm sohibi bo‘lishi, molu dunyoga o‘ch bo‘lmasligi, oyog‘i yerdan uzilib qolmasligi kerak. Imomlik mansab ham, lavozim ham emas, balki ulkan mas’uliyatdir.
Qur’oni karim oyatlarida «imom» yaxshilikka boshlovchi ma’nosida qo‘llanganini ham alohida ta’kidlash lozim. Shu bois ko‘p oyatlarda keltirilgan «imom» so‘zi rasullar va payg‘ambarlarga yo‘naltirilgan. Rasullar va payg‘ambarlarning tabiatida esa faqat hidoyat, itoat, imon kabi fazilatlar bor, xolos.
Ulamolar tasnif etgan kitoblarda imomlik masalalariga maxsus boblar bag‘ishlangan. Abul Hasan Ali ibn Muhammad Movardiy shunday deydi: «Barcha kishilar imomning fikrini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu tariqa, imomlik ularga bir poydevor kabi bo‘ladiki, elu yurt va din qoidalari o‘sha poydevor asosida barqarorlikka erishadi...» Mufassir Faxriddin Roziy esa imom juda ko‘p kishilar orasidan tanlangan bir shaxs ekanini yozadi.
Ibn Xaldun imomlar mo‘min-musulmonlar ibodatiga rahbarlik qilish bilan birga dunyoviy ishlarida ham, madaniy va ijtimoiy hayot mazmun-mohiyatini to‘la ochib berishda ham o‘ziga xos o‘ringa ega ekanini bayon qiladi. Abbosiylar davrida ibodatlarga maxsus diniy ta’lim olgan kishi boshchilik qilishi belgilab qo‘yilgan. Shu tariqa, ushbu odat mustahkam qoidaga aylanadi.
Yuqoridagi keltirilgan oyatlar va fikr-mulohazalardan xulosa qilib aytsak, imom – diniy o‘quv yurtlaridan birini bitirgan, diyonatli, yaxshi axloqli, ilmli, adolatli, shariat ahkomlariga og‘ishmay amal qiluvchi va mamlakatdagi islohotlarni to‘g‘ri tushungan hamda diniy soha rahbariyati tavsiyasi asosida vazifaga tayinlangan mas’ul kishidir.
Shuni ham ta’kidlash joiz, jamiyatimizda «imom» va «imomlik» tushunchalari ko‘p qo‘llaniladi. Biz bu tushunchalarni aynan insonlarni Qur’oni karim va hadisi sharifda belgilab berilgan ko‘rsatmalar mazhabimizga mos ravishda to‘g‘ri bayon etib, og‘ishmay amal qilishga chorlovchi, xayrli ishlarga undovchi va yurtda kechayotgan islohotlarni ongli tushunuvchi kishi ma’nolarida ishlatamiz.
Mamlakatimizda imom-xatiblarning har tomonlama malakali, namunali bo‘lishlari va ular mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini to‘la qondirishlarini ta’minlash maqsadida juda ko‘p xayrli ishlar qilinmoqda. Avvalo, ular diniy o‘quv yurtlarida o‘qitiladi.
Hozirgi davr imomlari nafaqat diniy, balki dunyoviy bilimlarga ham ega bo‘lishlari lozim. Zamon talabi shuni taqozo etmoqda. Shuning uchun ham imom o‘z ustida muntazam ishlashi, kasb mahorati, bilim saviyasini oshirib borishi zarur. Shuningdek, mamlakatimizda kechayotgan turli islohotlar, qo‘shni mamlakatlar va uzoq xorijda yuz berayotgan voqea va hodisalar, xalqaro hayotdan doimiy ravishda xabardor bo‘lishi hamda bularni keng xalq ommasiga to‘g‘ri yetkazish kerak. Shundagina imom haqiqiy peshvo maqomini oladi va xalq hurmatini qozonadi.
Mo‘min-musulmonlar uchun imom-xatibning har bir so‘zi va ishi ibratdir. Shuning uchun imomlar jamoat joylarida, xalq orasida namuna bo‘lishlari lozim. Hayot shunday, oddiy odamda har qancha kamchilik bo‘lsa, boshqalar unga katta e’tibor bermaydi. Ammo elga pandu nasihat qiladigan imom-xatiblarda andak nuqson sezilsa, xalq ko‘nglida, darrov: «Bu imom xalqni bir ishga da’vat qilar ekan-u, o‘zi boshqa ishni qilarkan», degan shubha paydo bo‘ladi. Shuning uchun imom-xatiblar barcha yaxshi ishlarda namuna, kamtarlik, saxiylik kabi fazilatlarga ega bo‘lishlari lozim.
Shunday ekan, bugungi kun imom-xatiblari zimmalaridagi yuksak mas’uliyatni chuqur his qilgan holda asl va ezgu diniy ma’rifatni, moturidiya ta’limoti, hanafiy mazhabi hukmlarini ommaga chiroyli ravishda yetkazishlari, Vatan ravnaqi, yurt tinchligini ta’minlash va xalq farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shishlari zarur.
Xulosa qilib shuni bilmoq va idrok etmoq kerakki, imom-xatiblarimiz olgan bilim va tajribalarini kun sayin oshirib borishlari lozim. Zero, biz hozir XXI asrda yashamoqdamiz. Dunyo xalqlarining madaniyatlari bir-birlariga yaqinlashib, uyg‘unlashib bormoqda. Barcha sohalarda yangilik va kashfiyotlar paydo bo‘lmoqda. Ilmu fan, texnika va axborot almashuvlari jiddiy sur’atlar bilan kuchayib bormoqda. Mana shunday sharoitda imom-xatiblarimiz, diniy ulamolarimiz o‘z ustilarida ishlab, ilmiy saviyalarini oshirishlarini zamonning o‘zi taqozo qilmoqda.
Agar hozirgi asr kishisi bir kun axborot vositalaridan bexabar qolsa, zamondan ancha orqada qolgan bo‘ladi.
Binobarin, imom-xatiblarimiz har kuni diniy bilimlarini ziyoda qilish harakatida bo‘lish bilan birga dunyoda ro‘y berayotgan har qanday voqea va hodisalardan xabardor bo‘lishlari masjid qavmi bilan muloqat qilganda ularning barcha diniy savollariga asosli javob bera olishlari talab etiladi. Mana shunday mas’uliyatli va sharafli ishlarda barcha imom-xatiblarimizga Alloh taolodan tavfiqu inoyatni so‘rab qolaman.
Shayx Abdulaziz MANSUR
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM