Bugun, 6 avgust kuni Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2024-2025 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari o‘tkaziladigan 6 ta hududning uchinchisi bo‘lgan
Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, 1-sonli kasb-hunar maktabi binosida navbatdagi kirish imtihon jarayonlari boshlandi.
Erta tongdan mazkur dargohga 533 nafar abituriyent test sinovlarini topshirish uchun yetib keldi. Bu yerda abituriyentlar va ularning ota-onalariga barcha zarur sharoitlar hozirlangan.
Imtihon boshlanish oldi o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri o‘rinbosari Akbar Do‘smatov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ul xodimi Elyor Alimqulov, Shahrisabz shahar bosh imom-xatibi Fazliddin Muxtorov, "Xoja Buxoriy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri O‘tkir G‘uzarov, soha vakillari, o‘qituvchi-murabbiylar, ota-onalar va abituriyentlar ishtirok etdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan marosimda so‘zga chiqqanlar yurtimizda diniy ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor to‘g‘risida so‘zlash barobarida imtihonlardagi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish tartib-qoidalari to‘g‘risida abituriyentlarga batafsil tushuncha va tavsiyalar berib o‘tdi.
Ushbu jarayonni soha mutasaddilari va hamkor tashkilot vakillaridan iborat kuzatuvchilar nazorat qilib bormoqda.
Imtihon topshiryotgan barcha abituriyentlarga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati