O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat olib borayotgan yurtimizning barcha hududlaridan kelgan yosh iqtidorli, targ‘ibotchi imom-xatiblari tashrif buyurdi. Bu haqda Markaz Matbuot xizmati xabar berdi.
Mehmonlarga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari, O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Movarounnahrdan yetishib chiqqan ulug‘ ajdodlarimizning islom va jahon tamadduniga qo‘shgan hissalari, dinlararo va sivilizatsialararo muloqotni yo‘lga qo‘yishda markazning roli, muzey ekspozitsiyalari va kutubxona to‘g‘risida markaz katta ilmiy xodimi, falsafa doktori (PhD) I. Ibragimov tomonidan axborot berildi.
Markaz muzey ekspozitsiyani yangi mazmun bilan boyitish borasida olib borilayotgan ishlar, jumladan, joriy yil 3-4 iyul kunlari “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” Respublika olimlari forumining o‘tkazilganligi, 23-27 avgust kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) bilan hamkorlikda Toshkent va Samarqand shaharlarida “Ajdodlarning buyuk merosi – Uchinchi uyg‘onish davri asosi” VIII xalqaro kongressi o‘tkazilayotgani to‘g‘risida tashrif buyuruvchilarga atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, mehmonlar markazda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishishdi.
Mehmonlar tomonidan Bugungi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqiqatan ham Uchinchi Renessans tomon qadam tashlanayotganidan darak berishi e’tirof etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmat
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati