O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi direktori Husniddin Ahmedovga volidai muhtaramalari Saodat ona Ahmedovaning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumaning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘zining shomil mag‘firati va rahmatiga olsin.
Musibat damlarida marhumaning ahli baytiga Alloh taoloning qazoi qadarini rozilik ila qarshi olgan chinakam mo‘minlarning maqomini so‘raymiz va barcha yaqinlariga Alloh taolo go‘zal sabr bersin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati