Shu yil 14 avgust chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaatlarini tingladi.
Qabul jarayonida bildirilgan shar’iy masalalar, diniy ta’lim, masjidlar holati, oilaviy munosabatlar, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriq berildi.
Bugungi qabul davomida Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo, Buxoro, Toshkent, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan har bir fuqaroning muammo va takliflari tinglandi.
Mana shunday qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, yosh diniy soha xodimlari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, yosh imomlarga quyidagi yo‘nalishlarda muhim tavsiyalar berildi:
Aholi va jamoatchilik bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish;
Ta’sirchan va mazmunli ma’ruzalar tayyorlash hamda voizlik odobiga rioya qilish;
Masjidlar faoliyatini zamon talablari darajasida to‘g‘ri tashkil etish.
Muloqotda yosh diniy soha vakillarining jamiyatda tutgan o‘rni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, sof ma’rifat va ezgulik ruhida tarbiyalashdagi mas’uliyati yuqori ekani ta’kidlandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Tadbir yakunida yosh mutaxassislar viloyat vakilligi va soha mutasaddilarining ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati