Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Ona suti – allohning mo‘jizasi

15.08.2024   9978   4 min.
Ona suti – allohning mo‘jizasi

Qur’oni Karimda: “Onalar farzandlarini to‘liq ikki yil emizurlar. (Bu) emizishni batamom qilmoqchi bo‘lgan kishi uchundir”, deya marhamat qilinadi (Baqara surasi, 233-oyat). Bu oyat emizishning nafaqat muhimligi, balki uning muddatini ham aniq ko‘rsatma sifatida ma’lum qilmoqda.

Luqmon surasi 14-oyatda esa: “Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tarib yurgan va ikki yil davomida emizgan”, deyiladi. Bu oyatda esa ona suti va emizishning qiyinchiliklariga qaramay, onaning bolasi uchun qilgan fidoyiligi ta’kidlanmoqda.

Ona suti va emizishning haqida hadislar ham bor. Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Har bir chaqaloqning nasibasi unga sut onasidan keladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Mazkur oyatlar va hadis farzand kamolida ona sutining ahamiyati nihoyatda muhimligini qayd etilmoqda.

Afsuski, bugun ba’zi yosh onalar bolasini erta ko‘krakdan ajratishga  harakat qilib, farzandlariga sun’iy arashmalar berishga o‘tmoqdalar. Bu esa chaqaloqlar o‘sishining sekinlashishiga va mikroelementlar yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, sanitariya-gigiyena sharoitlari va toza ichimlik suvi bo‘lmagan joylarda, ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, bola hayoti uchun xavfli bo‘lishi ham mumkin. Bir so‘z bilan aytganda sun’iy ozuqalar ona sutining o‘rnini bosa olmaydi, aksincha ba’zi holatlarda murg‘ak go‘daklar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilish ehtimoli ham yo‘q emas.

Shuni alohida qayd etish kerakki, ona suti tarkibida bola o‘sishi va rivojlanishi uchun kerakli barcha ozuqalar bor. U suyuq, yengil hazm bo‘luvchi va yetarli kaloriyaga ega bo‘lgan, turli mikroblardan holi, pishirish va isitish talab qilmaydigan tayyor ozuqadir.

Ona sutida 100 dan ortiq kerakli oziq moddalar bo‘lib, faqat miqdor jihatidan bola ehtiyojini qoplamay, sifat jihatidan ham bolaning yoshiga, sog‘lig‘iga mos keladi. U turli kasalliklarni chaqiruvchi virus va mikroblarga qarshi kurashuvchi moddalarga boy bo‘ladi. Ya’ni u bolada immunitet sistemasini shakllanishda qatnashadi. Undagi immunoglobulinlar yangi tug‘ilgan chaqaloqni turli infeksiyalardan himoya qiladi, onadan-bolaga immunitet o‘tishini ta’minlaydi.

Shuningdek, chaqaloqni ko‘krak suti bilan boqish uning ruhiy holatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Ularda xarakatchanlik, sezuvchanlik, sun’iy boqilgan bolalarga qaraganda barvaqt boshlanadi. Ko‘krak suti emgan bola tetik va kasallikka kam chalinadigan bo‘ladi.

Ona sutining yana bir fazilati bolaning katta bo‘lishiga qarab sut tarkibi ham o‘zgarib boradi, ya’ni bolaning salomatligini yanada mustahkamlash uchun tarkibi takomillashadi.

Emizish nafaqat bolaga, balki onaga ham juda foydali: avvalo bolasini emizish jarayonida onalarda ruhiy xotirjamlik, asablarning bo‘shashishi kuzatiladi, shuningdek ko‘krak orqali emizish ayollarda ko‘krak va bachadon saratoni bilan kasallanish ehtimoli kamayadi, onada yurak-qon tomir va artrit kasalliklarini oldi olinadi va ortiqcha vaznni tez yo‘qotadi.

Shifokorlar onalar o‘z bolalarini emizishlari uchun bir yil kifoya qiladi, deb o‘ylashardi. Lekin oxir-oqibat suyaklarning rivojlanishi uchun emish davri to‘liq ikki yil uzluksiz davom etishi zarurligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, emizish davriga rioya qilish bronxial astma, qandli diabet kabi surunkali hamda nutqning rivojlanmasligi va vazn ortib ketishi kabi xatarli dardlardan himoya qilishda katta ta’sir kuchiga ega. Darhaqiqat, bu borada Yevropa va Amerikaning ko‘plab ishonchli tibbiyot muassasalari tomonidan aniq tavsiyalar e’lon qilingan. Qolaversa, bola organizmining sog‘lom bo‘lishida, qobiliyat va hissiyotlarini tarbiyalashda, ayniqsa, ota-onaga mehribon bo‘lishida ona sutining ta’siri beqiyosdir.

Shu boisdan xalqaro hujjatlarda go‘daklarni 6 oygacha istisnosiz ko‘krak suti bilan parvarishlashni muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarga keng urg‘u berilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, onalar o‘zlariga berilgan Alloh taoloning ulug‘ fazlu marhamatini tushunib yetishi va zimmalaridagi onalik vazifasini to‘kis ado etib, farzandlari kamoli yo‘lida fidoyi bo‘lishlari lozimdir.

Manbaalar asosida

Bobur Muhammadiyev tayyorladi.

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda Malayziya xalqaro Halal Fest ko‘rgazmasi o‘kazilishi rejalashtirilmoqda

10.08.2026   10805   1 min.
Toshkentda Malayziya xalqaro Halal Fest ko‘rgazmasi o‘kazilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.

Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.

Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari