Qur’oni Karimda: “Onalar farzandlarini to‘liq ikki yil emizurlar. (Bu) emizishni batamom qilmoqchi bo‘lgan kishi uchundir”, deya marhamat qilinadi (Baqara surasi, 233-oyat). Bu oyat emizishning nafaqat muhimligi, balki uning muddatini ham aniq ko‘rsatma sifatida ma’lum qilmoqda.
Luqmon surasi 14-oyatda esa: “Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tarib yurgan va ikki yil davomida emizgan”, deyiladi. Bu oyatda esa ona suti va emizishning qiyinchiliklariga qaramay, onaning bolasi uchun qilgan fidoyiligi ta’kidlanmoqda.
Ona suti va emizishning haqida hadislar ham bor. Nabiy sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Har bir chaqaloqning nasibasi unga sut onasidan keladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Mazkur oyatlar va hadis farzand kamolida ona sutining ahamiyati nihoyatda muhimligini qayd etilmoqda.
Afsuski, bugun ba’zi yosh onalar bolasini erta ko‘krakdan ajratishga harakat qilib, farzandlariga sun’iy arashmalar berishga o‘tmoqdalar. Bu esa chaqaloqlar o‘sishining sekinlashishiga va mikroelementlar yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, sanitariya-gigiyena sharoitlari va toza ichimlik suvi bo‘lmagan joylarda, ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, bola hayoti uchun xavfli bo‘lishi ham mumkin. Bir so‘z bilan aytganda sun’iy ozuqalar ona sutining o‘rnini bosa olmaydi, aksincha ba’zi holatlarda murg‘ak go‘daklar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilish ehtimoli ham yo‘q emas.
Shuni alohida qayd etish kerakki, ona suti tarkibida bola o‘sishi va rivojlanishi uchun kerakli barcha ozuqalar bor. U suyuq, yengil hazm bo‘luvchi va yetarli kaloriyaga ega bo‘lgan, turli mikroblardan holi, pishirish va isitish talab qilmaydigan tayyor ozuqadir.
Ona sutida 100 dan ortiq kerakli oziq moddalar bo‘lib, faqat miqdor jihatidan bola ehtiyojini qoplamay, sifat jihatidan ham bolaning yoshiga, sog‘lig‘iga mos keladi. U turli kasalliklarni chaqiruvchi virus va mikroblarga qarshi kurashuvchi moddalarga boy bo‘ladi. Ya’ni u bolada immunitet sistemasini shakllanishda qatnashadi. Undagi immunoglobulinlar yangi tug‘ilgan chaqaloqni turli infeksiyalardan himoya qiladi, onadan-bolaga immunitet o‘tishini ta’minlaydi.
Shuningdek, chaqaloqni ko‘krak suti bilan boqish uning ruhiy holatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Ularda xarakatchanlik, sezuvchanlik, sun’iy boqilgan bolalarga qaraganda barvaqt boshlanadi. Ko‘krak suti emgan bola tetik va kasallikka kam chalinadigan bo‘ladi.
Ona sutining yana bir fazilati bolaning katta bo‘lishiga qarab sut tarkibi ham o‘zgarib boradi, ya’ni bolaning salomatligini yanada mustahkamlash uchun tarkibi takomillashadi.
Emizish nafaqat bolaga, balki onaga ham juda foydali: avvalo bolasini emizish jarayonida onalarda ruhiy xotirjamlik, asablarning bo‘shashishi kuzatiladi, shuningdek ko‘krak orqali emizish ayollarda ko‘krak va bachadon saratoni bilan kasallanish ehtimoli kamayadi, onada yurak-qon tomir va artrit kasalliklarini oldi olinadi va ortiqcha vaznni tez yo‘qotadi.
Shifokorlar onalar o‘z bolalarini emizishlari uchun bir yil kifoya qiladi, deb o‘ylashardi. Lekin oxir-oqibat suyaklarning rivojlanishi uchun emish davri to‘liq ikki yil uzluksiz davom etishi zarurligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, emizish davriga rioya qilish bronxial astma, qandli diabet kabi surunkali hamda nutqning rivojlanmasligi va vazn ortib ketishi kabi xatarli dardlardan himoya qilishda katta ta’sir kuchiga ega. Darhaqiqat, bu borada Yevropa va Amerikaning ko‘plab ishonchli tibbiyot muassasalari tomonidan aniq tavsiyalar e’lon qilingan. Qolaversa, bola organizmining sog‘lom bo‘lishida, qobiliyat va hissiyotlarini tarbiyalashda, ayniqsa, ota-onaga mehribon bo‘lishida ona sutining ta’siri beqiyosdir.
Shu boisdan xalqaro hujjatlarda go‘daklarni 6 oygacha istisnosiz ko‘krak suti bilan parvarishlashni muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarga keng urg‘u berilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, onalar o‘zlariga berilgan Alloh taoloning ulug‘ fazlu marhamatini tushunib yetishi va zimmalaridagi onalik vazifasini to‘kis ado etib, farzandlari kamoli yo‘lida fidoyi bo‘lishlari lozimdir.
Manbaalar asosida
Bobur Muhammadiyev tayyorladi.
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati