Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida

19.08.2024   11087   6 min.
Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Muqaddas islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk olim, vatandoshimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning (keyingi o‘rinlarda – Imom Termiziy) ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida:

1. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2024 yil oktyabr oyida Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish va davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tuzilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) bir hafta muddatda Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:

Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish;

Imom Termiziy hayoti va ilmiy merosining mohiyatini va bugungi kundagi ahamiyatini ochib beruvchi ilmiy-ommabop hujjatli film yaratish va sahnalashtirilgan spektakl namoyishini tashkil etish;

Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish hamda pochta markalari, taqvimlar, uning hayoti va ilmiy merosini yoritib beruvchi boshqa ko‘rgazmali axborot vositalari turkumini yaratish;

2024 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda konferensiya doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish;

Imom Termiziy ziyoratgohiga olib boruvchi yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, jumladan, yodgorlik majmuasi va unga tutash hududlarni obodonlashtirish;

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Imom Abu Iso at-Termiziy majmuasida Imom Termiziy va termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan asarlarning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari hamda kitoblarining ko‘rgazmasini tashkil etish.

4. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda 2024 yil sentyabr-oktyabr oylarida Termiz davlat universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini hamda Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ilmiy maqolalar tanlovini o‘tkazsin;

alloma va muhaddis olimlarimizning ilmiy merosi va noyob qo‘lyozma asarlarini o‘rganish bo‘yicha Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini belgilangan tartibda shakllantirib borsin.

5. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilsin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda joylarda 2024 yil davomida Imom Termiziyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlarini tashkil etsin.

7. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda:

Imom Termiziy ilmiy merosiga mansub qo‘lyozma, qadimiy kitoblar, noyob asarlar va boshqa madaniy boyliklar restavratsiya qilinishini hamda ularning lozim darajada saqlanishini ta’minlasin;

xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Termiziyning hayoti, ilmiy merosi hamda u yashagan davrga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etsin;

Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan yuqori sifatli media mahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rsin.

8. Surxondaryo viloyati hokimligi:

Kadastr agentligi va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda Termiz shahri, Shimoliy darvoza ko‘chasi, 3-uy manzilida joylashgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari uchun homiylar mablag‘i hisobidan qurib bitkazilgan 5 ta xizmat uylarining qonunchilikda belgilangan tartibda markazga mulk huquqi asosida bepul berilishini;

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tutash hududda joylashgan diniy ta’lim muassasalari uchun o‘quv va boshqa zarur binolarning qurilib, foydalanishga topshirilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va “Dunyo” axborot agentligiga Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M.Kamilov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti     
                                                                                                                                                                                                                                  Sh.MIRZIYOЕV

 

Toshkent shahri,

2024 yil 15 avgust

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

11.08.2026   48177   2 min.
“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.

1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.

2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.

Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.

Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.

Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.

Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari