Muqaddas islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk olim, vatandoshimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning (keyingi o‘rinlarda – Imom Termiziy) ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida:
1. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2024 yil oktyabr oyida Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish va davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tuzilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) bir hafta muddatda Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:
Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish;
Imom Termiziy hayoti va ilmiy merosining mohiyatini va bugungi kundagi ahamiyatini ochib beruvchi ilmiy-ommabop hujjatli film yaratish va sahnalashtirilgan spektakl namoyishini tashkil etish;
Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish hamda pochta markalari, taqvimlar, uning hayoti va ilmiy merosini yoritib beruvchi boshqa ko‘rgazmali axborot vositalari turkumini yaratish;
2024 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda konferensiya doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish;
Imom Termiziy ziyoratgohiga olib boruvchi yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash, jumladan, yodgorlik majmuasi va unga tutash hududlarni obodonlashtirish;
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Imom Abu Iso at-Termiziy majmuasida Imom Termiziy va termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan asarlarning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari hamda kitoblarining ko‘rgazmasini tashkil etish.
4. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda 2024 yil sentyabr-oktyabr oylarida Termiz davlat universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini hamda Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ilmiy maqolalar tanlovini o‘tkazsin;
alloma va muhaddis olimlarimizning ilmiy merosi va noyob qo‘lyozma asarlarini o‘rganish bo‘yicha Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini belgilangan tartibda shakllantirib borsin.
5. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda joylarda 2024 yil davomida Imom Termiziyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlarini tashkil etsin.
7. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda:
Imom Termiziy ilmiy merosiga mansub qo‘lyozma, qadimiy kitoblar, noyob asarlar va boshqa madaniy boyliklar restavratsiya qilinishini hamda ularning lozim darajada saqlanishini ta’minlasin;
xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Termiziyning hayoti, ilmiy merosi hamda u yashagan davrga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etsin;
Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan yuqori sifatli media mahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rsin.
8. Surxondaryo viloyati hokimligi:
Kadastr agentligi va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda Termiz shahri, Shimoliy darvoza ko‘chasi, 3-uy manzilida joylashgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari uchun homiylar mablag‘i hisobidan qurib bitkazilgan 5 ta xizmat uylarining qonunchilikda belgilangan tartibda markazga mulk huquqi asosida bepul berilishini;
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tutash hududda joylashgan diniy ta’lim muassasalari uchun o‘quv va boshqa zarur binolarning qurilib, foydalanishga topshirilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va “Dunyo” axborot agentligiga Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M.Kamilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOЕV
Toshkent shahri,
2024 yil 15 avgust
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati