Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hayotlik davrlarida sahobalar u zotga murojaat qilar va bilmaganlarini so‘rab olar edilar.
U zotdan keyin kichik sahobalar katta sahobalarga murojaat qilar va bilmaganlarini so‘rab olar edilar. Ular oralarida ixtilof sodir bo‘lganda katta sahobalar tomonidan masalaga yechim berilardi.
Tobein va tabaa tobeinlarda, ya’ni sahobalardan keyingi davrlarda Islom ahli yetuk ulamolarga murojaat qilar, bilmaganlarini ulardan so‘rashardi. Urva ibn Zubayr, Said ibn Musayyab, Ato ibn Abu Raboh, Muhammad ibn Siyrin, Hasan Basriy, Sufyon Savriy, Abu Hanifa, Molik ibn Anas kabilar shular jumlasidan.
Demak, bugun ham biror masalada ixtilof paydo bo‘lsa, albatta, ahli ilmlar, yurtimiz ulamolaridan so‘rash lozim. Ammo ayrim yoshlar yetuk ulamolarga emas, balki ustoz darajasiga ham yetmagan yoki ilm o‘qisa ham, aqidasi o‘nglanmagan kimsalarga murojaat etib, aldanib qolishyapti.
Xavotirlisi, ba’zi g‘o‘r xotin-qizlar ham o‘z yurtlarida asrlar davomida amal qilib kelingan mazhablarni tark etib, mutaassiblik bilan xorijdagi “Sodiq Samarqandiy”, “Abdulloh Zufar”, “Yusuf Davron”, “Ahliddin Novqatiy”, “Mahmud Abdulmo‘min”, “Abu Muoviya”, “Abu Saloh” kabi nomlar ostiga yashiringan soxta da’vatchilarga ishonib, o‘z e’tiqodi, joni, moli va sha’nini xatarga qo‘ymoqdalar.
Bu nobakor kimsalar turli uslublar bilan ayollarni ham o‘z domiga tortishmoqda. Ularning ayollardan bo‘lgan malaylari ham qizlarni “ovlashda” usta bo‘lib ketishgan. Ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlari orqali dastlab “Muallimi soniy”dan dars beramiz, deb qizlarning ishonchiga kirgach, o‘zlarining risolalarini o‘qita boshlaydilar. Ular g‘o‘r qizlarni tuzoqqa ildirishda tap tortmay yolg‘on gapiradi, g‘iybat-bo‘htonni qalashtiradi, hatto sehr-jodu kabi kufr amallarni qilishdan ham toymaydi. Holbuki, “jihod” qilaman, deb xorijga borgach, bu qizlarning ahvoli qanday ayanchli bo‘lishini juda yaxshi bilishadi.
Shunday ekan, farzand tarbiyasiga, ularning yurish-turishiga befarq bo‘lmaylik. Kim farzandida salbiy o‘zgarishni sezsa, shubhali shaxslarning ma’ruzalarini tinglayotganiga guvoh bo‘lsa, fursat borida rasmiy imom-domlalar oldiga olib borib, yosh avlodga oqu qorani tanitsin.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Yo‘qsa, u kechalari ibodat qilib, sajda etgan, bedor holida oxiratdan qo‘rqib, Rabbi rahmatidan umidvor bo‘lgan odamga tengmi?! Sen: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!” deb ayt. Albatta, aql egalarigina eslarlar» (Zumar surasi, 9-oyat).
Alloh taolo ilm ahllarini ulug‘lab, darajalarini yuksaltirib, bilmaganlarimizni biladigan olimlardan so‘rashga buyurgan.
Ixtilof qilish dinimizga zarar keltiradi, fitna uyg‘otadi, bizni zaiflashtiradi, qalblarimizni xira qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qiladilar: “Agar ixtiloflarni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Darhaqiqat, to‘rt mazhab egalari, ahli sunna val jamoa yo‘lidagilar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Demak, biz ko‘pchilik tomonidamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam da’vatlariga binoan to‘g‘ri yo‘lda bardavom bo‘lishni Yaratgan Rabbimiz barchaga nasib etsin!
Jobir ELOV,
Buxoro viloyati
bosh imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati