Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hayotlik davrlarida sahobalar u zotga murojaat qilar va bilmaganlarini so‘rab olar edilar.
U zotdan keyin kichik sahobalar katta sahobalarga murojaat qilar va bilmaganlarini so‘rab olar edilar. Ular oralarida ixtilof sodir bo‘lganda katta sahobalar tomonidan masalaga yechim berilardi.
Tobein va tabaa tobeinlarda, ya’ni sahobalardan keyingi davrlarda Islom ahli yetuk ulamolarga murojaat qilar, bilmaganlarini ulardan so‘rashardi. Urva ibn Zubayr, Said ibn Musayyab, Ato ibn Abu Raboh, Muhammad ibn Siyrin, Hasan Basriy, Sufyon Savriy, Abu Hanifa, Molik ibn Anas kabilar shular jumlasidan.
Demak, bugun ham biror masalada ixtilof paydo bo‘lsa, albatta, ahli ilmlar, yurtimiz ulamolaridan so‘rash lozim. Ammo ayrim yoshlar yetuk ulamolarga emas, balki ustoz darajasiga ham yetmagan yoki ilm o‘qisa ham, aqidasi o‘nglanmagan kimsalarga murojaat etib, aldanib qolishyapti.
Xavotirlisi, ba’zi g‘o‘r xotin-qizlar ham o‘z yurtlarida asrlar davomida amal qilib kelingan mazhablarni tark etib, mutaassiblik bilan xorijdagi “Sodiq Samarqandiy”, “Abdulloh Zufar”, “Yusuf Davron”, “Ahliddin Novqatiy”, “Mahmud Abdulmo‘min”, “Abu Muoviya”, “Abu Saloh” kabi nomlar ostiga yashiringan soxta da’vatchilarga ishonib, o‘z e’tiqodi, joni, moli va sha’nini xatarga qo‘ymoqdalar.
Bu nobakor kimsalar turli uslublar bilan ayollarni ham o‘z domiga tortishmoqda. Ularning ayollardan bo‘lgan malaylari ham qizlarni “ovlashda” usta bo‘lib ketishgan. Ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlari orqali dastlab “Muallimi soniy”dan dars beramiz, deb qizlarning ishonchiga kirgach, o‘zlarining risolalarini o‘qita boshlaydilar. Ular g‘o‘r qizlarni tuzoqqa ildirishda tap tortmay yolg‘on gapiradi, g‘iybat-bo‘htonni qalashtiradi, hatto sehr-jodu kabi kufr amallarni qilishdan ham toymaydi. Holbuki, “jihod” qilaman, deb xorijga borgach, bu qizlarning ahvoli qanday ayanchli bo‘lishini juda yaxshi bilishadi.
Shunday ekan, farzand tarbiyasiga, ularning yurish-turishiga befarq bo‘lmaylik. Kim farzandida salbiy o‘zgarishni sezsa, shubhali shaxslarning ma’ruzalarini tinglayotganiga guvoh bo‘lsa, fursat borida rasmiy imom-domlalar oldiga olib borib, yosh avlodga oqu qorani tanitsin.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Yo‘qsa, u kechalari ibodat qilib, sajda etgan, bedor holida oxiratdan qo‘rqib, Rabbi rahmatidan umidvor bo‘lgan odamga tengmi?! Sen: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!” deb ayt. Albatta, aql egalarigina eslarlar» (Zumar surasi, 9-oyat).
Alloh taolo ilm ahllarini ulug‘lab, darajalarini yuksaltirib, bilmaganlarimizni biladigan olimlardan so‘rashga buyurgan.
Ixtilof qilish dinimizga zarar keltiradi, fitna uyg‘otadi, bizni zaiflashtiradi, qalblarimizni xira qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qiladilar: “Agar ixtiloflarni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Darhaqiqat, to‘rt mazhab egalari, ahli sunna val jamoa yo‘lidagilar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Demak, biz ko‘pchilik tomonidamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam da’vatlariga binoan to‘g‘ri yo‘lda bardavom bo‘lishni Yaratgan Rabbimiz barchaga nasib etsin!
Jobir ELOV,
Buxoro viloyati
bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun ham keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan