Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Avgust, 2026   |   3 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:19
Shom
19:25
Xufton
20:49
Bismillah
16 Avgust, 2026, 3 Rabi`ul avval, 1448

Nafs tarbiyasi insonni saodatga yetaklaydi!

21.08.2024   12265   4 min.
Nafs tarbiyasi insonni saodatga yetaklaydi!

Ma’lumki, dinimizda insonni saodatga yetishtirishning ko‘plab ko‘rsatmalari mavjud. Shunday amallardan biri – bu o‘z nafsini poklashidir. Inson qalbining xastaligi va uning sabablaridan o‘ta ziyraklik bilan ogoh bo‘lishga muhtoj. Nafsni har xil yomon yo‘llarga kirib ketishdan asrab, ertangi kunga nima hozirlab qo‘yayotganiga e’tibor qilgan inson chin baxt egasi hisoblanadi. Nafsini tarbiya qilmas ekan, oqibati ayanchli bo‘ladi.

Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan olima-avliyolarimizning barchasi doimo nafsini tergab turgan. Hammasi yaxshiliklarning asosi – nafs tarbiyasi, yomonliklarniki – unga tobe bo‘lish ekanini ta’kidlagan.

Nafs mavzusi hamisha dolzarb mavzulardan bo‘lib, uning to‘g‘risida ko‘plab risolalar, hikmatli so‘zlar bitilgan.

Nafs tarbiyasi borasida Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Darhaqiqat, uni (ya’ni o‘z nafsini-jonini iymon va taqvo bilan) poklagan kishi najot topdi” (“Shams” surasi, 9-oyat). Demak, taqvo bilan hayot kechirgan kishi saodatga erishar ekan.

Nafsni taqvo ila tarbiya qilish haqida hadisi sharifda bunday deyiladi.

 Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim, nafsimga taqvosini ber, Sen uning egasi va mavlosisan, uni poklaydiganlarning eng yaxshisisan”, der edilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Nafsni dushmanlarning ichida ko‘rinmas dushmanga o‘xshatish mumkin. Bu xususda Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan bunday hadis keltiriladi: “Dushmanlarning ichida eng ashaddiy ichki dushman – o‘z nafsingdir”. Inson tafakkur qiladigan bo‘lsa, sirtdan kelayotgan dushmanni ko‘rishi va unga qarshi tayyorgarlik ko‘rishi mumkin.  Lekin ichidagi dushmanini yengishi ancha mushkul. Chunki u insonning hamma sir-asroridan xabardor bo‘ladi. Insonni yomon ishlarga undaydi, gunohga targ‘ib etadi. Shu sababli har kim o‘z nafsini taftish qilib, uni kuzatishdan hargiz beporvo bo‘lmasligi kerak. Inson hayot ekan, nafs bilan bo‘lgan savol-javoblar va ba’zan g‘alayonlar sira ham to‘xtamaydi. Nafs tinimsiz tarbiyaga muxtoj, biroz bo‘sh qo‘ysa, darhol ishratga moyil qiladi. Nafs tufayli odam bolasi kayfu safoga, yomon xayollarga g‘arq bo‘ladi. Zero, insonning o‘z vujudini idora qiluvchi bir boshqaruvga ehtiyoji bordir. Nafs insonning shu ehtiyojini qondiradi.

Nafs insonga dushman ekani to‘g‘risida Sufyon Savriy bunday dedi: “O‘zimga nafsimdan ko‘ra ashaddiyroq dushmanni ko‘rmadim”. Abu Abbos Musiliy nafsiga qarata derdi: “Ey nafs, ne’matlarga burkangan boyvachchalar bilan bo‘lib, dunyodan nima topding? Oxirat g‘amida obidlar bilan ibodatlar qilding, yana nega norozisan? Men sen bilan go‘yo jannat va do‘zax orasida tutqundayman. Ey nafs, qachon fursatni g‘animat bilasan?” Demak, nafsini jilovlay olmaganlar bu dunyoga aldanib qolar, qimmatli vaqtini behuda narsalarga sarf etgan bo‘lar ekan.

Haqiqatan sabr bilan tarbiya qilinmagan nafs insonni har ko‘yga soladi. Nafs tinmasdan insonni ayshu-ishratga, mol-dunyoga, shariat harom qilgan narsalar iste’moli va hokazoga targ‘ib etadi. Bularni faqat sabr va kuchli iroda ila bartaraf qilish mumkin.

Nafs tarbiyasidan umidi bor inson, avvalo, kattayu kichik gunohlardan o‘zini asrashi, savobli amallarni ko‘paytirishi lozim. Zero, shayton uning ochiq dushmanidir. U nafsga qul bo‘lib, gunoh ishlarga undaydi. Inson toatda tanballik qilsa, oqibat gumrohlik bo‘ladi. Shu bois har kim o‘z ichki dushmani bilan doimo hisoblashib turishi kerak. Insonning o‘zi anglab yetishi mushkul bo‘lgan bir qancha dushmanlari bo‘lib, ular dunyo, shayton va nafsdir. Taqvo bilan dunyodan ehtiyot bo‘linadi.

Yaratgan barchamiz n i odobda go‘zal xulqda aylasin.


Kenjabek Soliyev, 
Chust tumani "G‘oyib  eronlar" jome  
masjidi i mom xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

14.08.2026   19096   1 min.
YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.

YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.

YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.

Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari