Bugun yo‘l-transport hodisalari oqibatida har yili dunyoda 1,3 million odam halok bo‘ladi va 20–50 million kishi jarohatlanadi. Bunday ayanchli holatlar, afsuski, yurtimizda ham ortib bormoqda.
Islom ta’limotida insonning dini, joni, sha’ni, aqli va moli himoya qilinadi. Yo‘l harakati asnosida sodir bo‘ladigan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, ya’ni haydovchi, yo‘lovchi va piyodalarning hayotini va salomatligini saqlash, avtomobillarni turli talafotlardan asrash insonning jonini va molini muhofaza etishning bir ko‘rinishidir. Demak, yo‘l harakati qoidalari umumiy manfaatlarni, inson hayotining eminligini ta’minlashga qaratilgan. Islom shariatining talab va maqsadi ham aynan shudir.
Bugungi kunda amalda joriy qilingan yo‘l harakati qoidalari bir qancha fiqhiy qoidalarga, jumladan, “Zarar bartaraf etiladi”, “Zararni bartaraf etish va foydani jalb qilish”, “Zarar keltirish ham, zararga zarar qaytarish ham yo‘q”, “Jamiyatning manfaati yakka shaxslarning manfaatidan ustun turadi” kabi shar’iy qoidalarga hamohang asoslarga tayanganini ko‘ramiz. Ushbu zarar va manfaatlar jonga ham, molga ham birdek tegishlidir. Bu borada asosiy dalil Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadislaridir: “Zarar berish ham yo‘q, zararlanish ham yo‘q” (Imom Ahmad rivoyati).
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmagan kishi, avvalo, o‘zining jonu molini xatarga qo‘ygan bo‘ladi. Bu esa Islom dinida qat’iy haromdir. Alloh taolo aytadi: “O‘zingizni halokatga tashlamang” (Baqara surasi, 195-oyat). Qolaversa, boshqalarning hayoti va salomatligiga tahdid solgan bo‘ladi.
Shulardan kelib chiqib, faqihlar yo‘l harakati qoidalari shariatning talab va maqsadlariga xizmat qilishini, ularga hamohang ekanini ta’kidlaydilar, ularga rioya qilish vojibdir. Mazkur qoidalarga xilof ish tutish yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslikkina emas, balki vojibni tark qilganlik, musulmonlarga zarar keltirish, odamlarning hayotini tahlikaga qo‘yish jihatidan ulkan gunoh hamdir.
Shundan kelib chiqib, haydovchilar bilishi zarur bo‘lgan ba’zi diniy ko‘rsatmalarni bayon qilamiz.
1. Mashinaga minganda zarur duolarni o‘qing. Ulovga minganda duo qilishning zarurligiga Imom Hokim va Imom Bayhaqiy Abu Los Xuzoiy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan quyidagi hadisi sharif ochiq-oydin dalolat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har bir tuya o‘rkachida shayton bo‘ladi. Shu bois uni minganingizda Allohni U Zot O‘zi buyurganidek zikr qilinglar. Keyin uni o‘zingiz uchun ishlating, zero, ularni Alloh bo‘ysundirib qo‘ygandir”, dedilar».
Ulovga mingan kishi hadislarda kelgan duolarni o‘qishi sunnatdir.
2. Mashinani bolalarga, minishga layoqati bo‘lmagan kishilarga bermang. Ularga mashinani berish jon va molning zoye bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Alloh taolo aytadi: “Alloh hayotingizning tutqichi qilgan mollaringizni esipastlarga bermang” (Niso surasi, 5-oyat).
3. Agar mashinangizga biror yuk ortib olgudek bo‘lsangiz, uning boshqalarga zarar yetkazmasligini to‘liq ta’minlang.
Imom Ibn Moja Fazola ibn Ubayddan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘min – odamlar mollari va jonlarini unga ishongan odamdir”, deganlar.
4. Yo‘l harakati qoidalariga, odob va ahkomlariga rioya qiling, yo‘lning haqlarini ado eting. Imom Tabaroniy Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Musulmon musulmon birodariga qurol o‘qtalsa, to uni tushirmagunicha farishtalar unga la’nat aytadi”, deganlar.
Zamonamiz ulamolari mashinani belgilangan qoidalarga xilof ravishda boshqarish odamlarning hayotiga tahdid solayotgan haydovchi ham ushbu hadisga doxil bo‘ladi, deydilar.
5. Belgilangan tezlikka rioya qiling.
“Rahmonning bandalari Yer yuzida sokinlik ila yuradiganlardir” (Furqon surasi, 63-oyat). Ushbu oyatdagi ko‘rsatma piyodalarga ham, ulov haydovchilarga ham tegishlidir, deydi ulamolarimiz. Demak, dinimiz ta’limotiga ko‘ra, mashina haydayotgan odam belgilangan tezlikda yurishi kerak. Tezlikni oshirib o‘zining ham, boshqalarning ham hayotini xavf ostiga qo‘yishi, o‘ta sekin yurib boshqa yo‘lovchilarga xalal berishi ham joiz emas.
6. Boshqa haydovchilarga aziyat yetkazmang. Burilish chirog‘ini umuman yoqmay yoki vaqtida yoqmay burilish, noo‘rin joylarda uzoqni yorituvchi chiroqni yoqish, zaruratsiz yoxud haqorat ma’nosida signal chalish, piyodalarga suv sachratish, harakatlanishga xalal berish, noto‘g‘ri harakatlanib o‘zgalarga aziyat va zarar berishdan saqlaning. Bu ishlar musulmonga halol emas.
Imom Ibn Hibbon Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Musulmon musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni tahqirlamaydi, uni yordamsiz tashlab qo‘ymaydi”, deganlar» (Imom Buxoriy rivoyati).
7. Mahallalarda, xususan, shifoxona, masjid-madrasa va boshqa ilm dargohlari oldida, bozor va jamoat joylarida, imkon qadar signal chalmang. Zarurat bo‘lib qolsa, past va qisqa shaklda signal chalish mumkin.
8. Biror kamchilikka yo‘l qo‘ysangiz, birov sizga tanbeh bersa, uni to‘g‘ri qabul qiling, ayb o‘zingizda bo‘laturib undan xafa bo‘lmang. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘min – mo‘minning oynasidir”, deganlar.
Islom ta’limoti insonlar uchun faqat yaxshilik, baxtu saodat manbaidir. Xususan, yo‘l harakati asnosida uning ko‘rsatmalariga rioya qilish barcha insonlar uchun omonlik va mehr-oqibat garovidir.
Hasanxon Yahyo ABDULMAJID,
Yunusobod tumanidagi “Hasanboy ota”
jome masjidi imom noibi
Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.
Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.
Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.
Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.
Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.
“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.
Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.
Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati