Bismillahir Rohmanir Rohiym
23-26 avgust kunlari Toshkent va Samarqandda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamkorligida «Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori» VIII xalqaro kongressining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi X. Sultonov o‘qib eshittirdi. Prezidentimiz tabrigida O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilinib, yurtimiz va chet ellardagi eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va muzeylar, nufuzli ilm-ma’rifat maskanlariga yetkazib berilganini ta’kidlandi.
Xalqaro tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, dunyoning 35 ta mamlakatidan 200 ga yaqin olimlar, muzey va kutubxona mutasaddilari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari, Respublikamizning yuzdan ortiq fan doktori va proffessorlari hamda tadqiqotchilari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bosh imom-xatiblari ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro madaniy anjumandan asosiy maqsad – Islom sivilizatsiyasi hamda Imom Buxoriy muzeylarining kutubxona va muzeylari fondini xalqaro andozalarga mos, bugungi kun talablaridan kelib chiqib boyitish, markaz faoliyatini yanada kengaytirishdan iboratdir.
Kuni kecha Kongress qatnashchilari Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari va «O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi» loyihasi taqdimotida ishtirok etishdi. Loyihalar ko‘rgazmasi hamda markazning ko‘rgazma maketi bilan tanishishdi.
Tushdan so‘ng Samarqand shahriga yetib bordi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan islom olamining yirik mutafakkiri, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy majmuasida olib borilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirishdi.
Mazkur tadbir yakunlangach, ekspertlar yettita sho‘baga bo‘linib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom al-Buxoriy muzeylarining ekspozitsiyalari bo‘yicha taqdim qilingan loyihalarni muhokama qilishadi.
Kongress kun tartibidan Sharq renessanslarining buyuk olimlari va faoliyati asosida O‘zbekistonning boy madaniy va ilmiy merosini keng o‘rganish hamda ommalashtirish, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitish kabi masalalar ham o‘rin olgan. Shu bilan birga dunyoning nufuzli olim va mutaxassislari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasi, faoliyati hamda WOSCU tomonidan amalga oshirilayottan loyihalar muhokama qilinadi.
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati