Ilm kelajakka tikilgan eng yaxshi sarmoya. Yosh avlodni bilimli qilish millat buyukligiga xizmat qiladi. Shu maqsadda yoshlarning ilm olishi va jamiyat uchun foydali inson bo‘lishiga mamlakatimizda juda katta e’tibor qaratilmoqda.
Mana shunday ezgu niyatlar yo‘lida yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan respublikamizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar saxovatpesha insonlarni jalb qilgan holda ehtiyojmand oilalarning 10 ming nafar farzandiga qariyb 3 milliard so‘mlik maktab formasi, o‘quv qurollari va sumkalar hadya qildilar.
Ta’kidlash joizki, bunday xayrli tadbirlar ko‘plab ehtiyojmand oilalar mushkulini oson qilib, farzandlarini ko‘nglini shod etishi barobarida ilm olishlari uchun juda katta ko‘mak bo‘ldi.
Darhaqiqat, Alloh taolo so‘nggi payg‘ambari Muhammad alayhissalomga birinchi nozil qilgan vahiysi, Qur’oni karimning eng avvalgi oyatlarida butun insoniyatni o‘qish, ilm olish va yozishga buyurib: “O‘qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Rabbingiz esa karamlidir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o‘rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi”, degan (Alaq, 1-5).
Shuningdek, barchamizga ma’lum bo‘lgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, ilm olmoqchi bo‘lgan o‘quvchi yoshlarning ta’lim olishiga kitob va daftarlar olib berish, zaruriy o‘quv qurollari bilan ta’minlash ham ulkan savobli amallardandir. Ayniqsa, kimki moddiy yordamga muhtoj o‘quvchiga homiylik qilsa, unga ham talabaning savobidek, ajr-mukofot beriladi, deya umid qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshilikka dalolat qiluvchi-undovchi o‘sha yaxshilikni qiluvchi kabi ajr olur”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Azizlar, qo‘li ochiq kishilar ilm oluvchi yoshlardan xabar olib, ularni moddiy jihatdan ta’minlab tursalar, ajr ustiga ajr bo‘ladi. Ma’lumki, ilm rivoji uchun sarflangan mablag‘lar kuni kelib, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligiga xizmat qilishi barobarida ikki dunyo saodatiga omil bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati