Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qo‘lingizdagi yoki to‘plab qo‘ygan mol-dunyoingiz haqiqiy boylik emasdir. Balki, haqiqiy boylik bu – vaqtdir. Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: “Ey Odam bolasi, sen kunlardan iboratsan. Bir kun o‘tsa, sening bir bo‘laging ketadi”.
Vaqtning qadri balandligidan Alloh taolo Qur’oni karimda vaqt bilan qasam ichgan: “Tunning qoplab kelayotgan payti bilan qasam. Nahorning tajalli payti bilan qasam” (Layl surasi, 1-2-oyatlar).
Qiyomat kuni ham banda avvalo umrini nimalarga sarflagani haqida so‘raladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda “Kishi Qiyomat kuni umrini nima bilan o‘tkazgani..... haqida hisob-kitob qilinmaguncha ikki qadami jilmaydi”, deyiladi.
Agar Alloh taolo bir bandasiga yaxshilikni iroda qilsa unga vaqtni yordamchi qilib qo‘yadi. Ammo Alloh bir bandasidan yuz o‘girsa, uni foydasiz ishlar bilan mashg‘ul qilib qo‘yadi.
O‘tgan solihlar vaqtga juda haris bo‘lardilar. Masalan, Dovud Toiy rahimahulloh non bo‘laklarini ivitib qo‘yardilar va: “Ivitilgan bo‘lakni og‘izga solish bilan non yeyish orasida ellik oyat o‘qish farqi bor”, deb aytardilar.
Shogird aytadi: “Ustozim hatto bemor bo‘lsalar ham boshlarining tepasiga kitob qo‘yib olardilar. Sog‘liqlari biroz yaxshilanishi bilan uni olib o‘qirdilar. Agar sog‘liqlari ko‘tarmasa, kitobni yana qaytarib joyiga qo‘yardilar”.
Ilm yo‘lidagi talaba aslo dangasalik qilmasligi, darslarni “birozdan keyin o‘qiyman”, “yodlayman” deb ortga surmasligi kerak. Chunki har bir kechiktirish katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Shuning uchun talaba vaqtni g‘animat bilishi, bekorchi-befoyda ishlardan va gap-so‘zlardan uzoq bo‘lishi lozim. Vaqtni qadriga yetmaydigan noshukrlardan bo‘lishdan saqlanish darkor. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki ne’mat borki, odamlarning ko‘plari ularni boy berib qo‘yadilar – (ular) salomatlik va bo‘sh vaqtdir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV