Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qo‘lingizdagi yoki to‘plab qo‘ygan mol-dunyoingiz haqiqiy boylik emasdir. Balki, haqiqiy boylik bu – vaqtdir. Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: “Ey Odam bolasi, sen kunlardan iboratsan. Bir kun o‘tsa, sening bir bo‘laging ketadi”.
Vaqtning qadri balandligidan Alloh taolo Qur’oni karimda vaqt bilan qasam ichgan: “Tunning qoplab kelayotgan payti bilan qasam. Nahorning tajalli payti bilan qasam” (Layl surasi, 1-2-oyatlar).
Qiyomat kuni ham banda avvalo umrini nimalarga sarflagani haqida so‘raladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda “Kishi Qiyomat kuni umrini nima bilan o‘tkazgani..... haqida hisob-kitob qilinmaguncha ikki qadami jilmaydi”, deyiladi.
Agar Alloh taolo bir bandasiga yaxshilikni iroda qilsa unga vaqtni yordamchi qilib qo‘yadi. Ammo Alloh bir bandasidan yuz o‘girsa, uni foydasiz ishlar bilan mashg‘ul qilib qo‘yadi.
O‘tgan solihlar vaqtga juda haris bo‘lardilar. Masalan, Dovud Toiy rahimahulloh non bo‘laklarini ivitib qo‘yardilar va: “Ivitilgan bo‘lakni og‘izga solish bilan non yeyish orasida ellik oyat o‘qish farqi bor”, deb aytardilar.
Shogird aytadi: “Ustozim hatto bemor bo‘lsalar ham boshlarining tepasiga kitob qo‘yib olardilar. Sog‘liqlari biroz yaxshilanishi bilan uni olib o‘qirdilar. Agar sog‘liqlari ko‘tarmasa, kitobni yana qaytarib joyiga qo‘yardilar”.
Ilm yo‘lidagi talaba aslo dangasalik qilmasligi, darslarni “birozdan keyin o‘qiyman”, “yodlayman” deb ortga surmasligi kerak. Chunki har bir kechiktirish katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Shuning uchun talaba vaqtni g‘animat bilishi, bekorchi-befoyda ishlardan va gap-so‘zlardan uzoq bo‘lishi lozim. Vaqtni qadriga yetmaydigan noshukrlardan bo‘lishdan saqlanish darkor. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki ne’mat borki, odamlarning ko‘plari ularni boy berib qo‘yadilar – (ular) salomatlik va bo‘sh vaqtdir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi Turkiya ommaviy axborot vositalari diqqat markazida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Xususan, “Anadolu”, “TRT-Haber”, “TRT-Avaz”, “Haber7”, “Hibya”, “RHA Ajans”, “Türkiye”, “Yeni Şafak” kabi yetakchi turk OAV mazkur anjuman haqida turkum tahliliy maqolalar e’lon qildi.
Turk nashrlari global geosiyosiy inqirozlar, radikalizm va islomofobiya kabi tahdidlar kuchaygan hozirgi sharoitda Toshkentdan yangragan konstruktiv chaqiriqlar butun insoniyat uchun strategik sheriklik va Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi muloqot poydevori bo‘lib xizmat qilishini alohida e’tirof etgan.
Maqolalarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum delegatlariga yo‘llagan murojaati anjumanning konseptual asosini belgilab bergani hamda Yangi O‘zbekiston g‘oyasi doirasidagi “Uchinchi Renessans” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyillarini yuksak baholagan.
Sammit doirasida noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va Islom kutubxonalarining xalqaro ittifoqini tuzish kabi 70 dan ortiq aniq amaliy loyihalar ko‘rib chiqildi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning anjumanga yo‘llagan murojaatiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Turkiya yetakchisi o‘z murojaatida ushbu tashabbus nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulkan ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.
“Muhtaram Prezident janoblari, Sizning oqilona rahbarligingizda O‘zbekiston nafaqat o‘zining buyuk kelajagini barpo etmoqda, balki Islom tamaddunining tinchlik, ezgulik va birodarlik g‘oyalarini dunyoga baralla tarannum etuvchi tarixiy missiyaning peshqadami va bayroqdori bo‘lib maydonga chiqmoqda”, – deya e’tirof etgan Turkiya Prezidenti.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati