Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qo‘lingizdagi yoki to‘plab qo‘ygan mol-dunyoingiz haqiqiy boylik emasdir. Balki, haqiqiy boylik bu – vaqtdir. Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: “Ey Odam bolasi, sen kunlardan iboratsan. Bir kun o‘tsa, sening bir bo‘laging ketadi”.
Vaqtning qadri balandligidan Alloh taolo Qur’oni karimda vaqt bilan qasam ichgan: “Tunning qoplab kelayotgan payti bilan qasam. Nahorning tajalli payti bilan qasam” (Layl surasi, 1-2-oyatlar).
Qiyomat kuni ham banda avvalo umrini nimalarga sarflagani haqida so‘raladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda “Kishi Qiyomat kuni umrini nima bilan o‘tkazgani..... haqida hisob-kitob qilinmaguncha ikki qadami jilmaydi”, deyiladi.
Agar Alloh taolo bir bandasiga yaxshilikni iroda qilsa unga vaqtni yordamchi qilib qo‘yadi. Ammo Alloh bir bandasidan yuz o‘girsa, uni foydasiz ishlar bilan mashg‘ul qilib qo‘yadi.
O‘tgan solihlar vaqtga juda haris bo‘lardilar. Masalan, Dovud Toiy rahimahulloh non bo‘laklarini ivitib qo‘yardilar va: “Ivitilgan bo‘lakni og‘izga solish bilan non yeyish orasida ellik oyat o‘qish farqi bor”, deb aytardilar.
Shogird aytadi: “Ustozim hatto bemor bo‘lsalar ham boshlarining tepasiga kitob qo‘yib olardilar. Sog‘liqlari biroz yaxshilanishi bilan uni olib o‘qirdilar. Agar sog‘liqlari ko‘tarmasa, kitobni yana qaytarib joyiga qo‘yardilar”.
Ilm yo‘lidagi talaba aslo dangasalik qilmasligi, darslarni “birozdan keyin o‘qiyman”, “yodlayman” deb ortga surmasligi kerak. Chunki har bir kechiktirish katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi. Shuning uchun talaba vaqtni g‘animat bilishi, bekorchi-befoyda ishlardan va gap-so‘zlardan uzoq bo‘lishi lozim. Vaqtni qadriga yetmaydigan noshukrlardan bo‘lishdan saqlanish darkor. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki ne’mat borki, odamlarning ko‘plari ularni boy berib qo‘yadilar – (ular) salomatlik va bo‘sh vaqtdir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws