Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Arab tilidagi kontentni yaxshilash bo‘yicha vebinar o‘tkazildi

06.09.2024   18823   3 min.
Arab tilidagi kontentni yaxshilash bo‘yicha vebinar o‘tkazildi

Podshoh Salmon nomidagi arab tili global akademiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) “Arab tilida so‘zlashmaydigan IHTga a’zo davlatlar axborot agentliklarida arabcha mazmunni oshirish” mavzusida vebinar tashkil etdi.

Akademiya bosh kotibi doktor Abdulloh bin Solih Al-Vashmiy anjumandan turli media platformalarda arab tilidagi kontentni boyitish maqsadi ko‘zlanganini ta’kidladi. Bu sa’y-harakat tegishli xodimlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va kasbiy imkoniyatini oshirishga yordam beradi.

UNA-OIC bosh direktori Muhammad bin Abd Rabbo Al-Yamiy arabcha gapirilmaydigan yurtlardagi axborot agentliklari tarkibida arab tili bo‘yicha bo‘limlar, raqamli platformalarda sahifalar ochishga intilish ortayotganini e’tirof etdi. 

– Bunday tashabbus ishonchli ma’lumot manbasi yaratish orqali madaniy muloqot ko‘prigini barpo etish va mustahkamlashga qaratilgan, – dedi u.

Vebinarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Xalqaro axborot  tahririyati bosh muharriri o‘rinbosari O‘tkir Alimov va Tarjima tahririyati yetakchi muharriri Fathiddin Samariddinov ham ishtirok etdi.

– Respublikamiz hayotiga oid ijtimoiy-siyosiy axborotlarni tarqatuvchi yetakchi rasmiy axborot agentligi hisoblangan O‘zA bugungi kunda o‘z faoliyatini zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirish yo‘lida izchil ish olib bormoqda, – dedi agentligimiz arab tilidagi sahifasi mas’ul xodimi F.Samariddinov. – O‘zA davlat idoralari faoliyati, mamlakatimiz va jahonda yuz berayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarni batafsil yoritib kelmoqda. Agentligimiz 9 tilda, jumladan 2010 yildan arab tilida ham tezkor, xolis axborot uzatib keladi. Chunonchi, O‘zbekiston so‘nggi yillarda xorijiy davlatlar bilan do‘stona munosabatni rivojlantirish borasida sezilarli natijaga erishayotgani, mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlar dunyo hamjamiyatida yurtimizga nisbatan jiddiy qiziqish uyg‘otayotgani, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi oshishiga xizmat qilayotganidan birinchilardan bo‘lib ommani xabardor qiladi. O‘z navbatida, tuzilmamiz jahonning yetakchi axborot agentliklari bilan hamkorlikni muntazam rivojlantirish, muntazam axborot almashishni yo‘lga qo‘yish, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida aholini xolis, haqqoniy axborot bilan tezkor ta’minlash imkoniyatini izchil kengaytirmoqda. Xususan, arab tilidagi axborotlarimizda Ko‘rfaz davlatlari bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalar jadal rivojlanayotgani yaqqol aks etmoqda.

Vebinarda “Arab tilida so‘zlashmaydigan IHTga a’zo davlatlar axborot agentliklarida arabcha mazmun muammosi” va “Podshoh Salmon nomidagi arab tili global akademiyasining arab tilida so‘zlashmaydigan davlatlar axborot agentliklarida arabcha mazmunni yaxshilashga qarashi” mavzulari muhokama qilindi.

Sessiyalarda tilshunoslikni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan mexanizm va dasturlar, tegishli axborot agentliklari duch kelayotgan masalalar ham ko‘tarildi. Ayni muammolarni bartaraf etishning maqbul yo‘llari, yechimi ko‘rib chiqildi. Institutsional tilshunoslik bo‘yicha o‘quv dasturlari va rejalar ishlab chiqish, arab tilidan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga hissa qo‘shadigan uslubiy yondashuvlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Vebinar yakunida tilni targ‘ib qilishda OAV ahamiyatini inobatga olgan holda, xorijiy axborot agentliklarida arab tilidagi kontentni ko‘paytirish bo‘yicha tavsiya berildi. Podshoh Salmon Global akademiyasi va UNA raqamli makonda arab tili mavjudligini qo‘llab-quvvatlash, arab tilida so‘zlashmaydigan davlatlarda ayni masalaga bag‘ishlangan forumlar tashkil etish uchun hamkorlikni rivojlantirishga chaqirildi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA

Arab tilidagi kontentni yaxshilash bo‘yicha vebinar o‘tkazildi Arab tilidagi kontentni yaxshilash bo‘yicha vebinar o‘tkazildi Arab tilidagi kontentni yaxshilash bo‘yicha vebinar o‘tkazildi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

19.08.2026   72303   2 min.
Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.

Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.

Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.

Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari