Poytaxtimizning Olmazor tumanida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ishtirokida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tumandagi "Olimpiya" to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvda hozirgi kunda yoshlar tarbiyasi, farzandlarni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda yoshlarni ta’lim olishi muhimligi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ma’ruza davomida farzandlarni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash, ularni qadriyatlarimizga mos ravishda sog‘lom e’tiqodli qilib tarbiyalashdagi har bir ota-onaning o‘rni kabi muhim mavzularda ham fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati