Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446

9.09.2024   452   1 min.
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qozilar qozisi bo‘lgan alloma

24.01.2025   212   3 min.
Qozilar qozisi bo‘lgan alloma

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Dunyo tamadduni beshigini tebratgan buyuk sharq  yuzlab, minglab ulamolarni yetishtirgani hech kimga sir emas. Mazkur  ulamolarning ko‘pchiligi Markaziy Osiyoda, xususan Movarounnahr diyorlarida yashab ijod qilgani ham inkor qilib bo‘lmas tarixga aylangan. Ana shunday ulamolardan biri Abul-Yusr Pazdaviydir. Moturidiya ta’limotining yirik namoyondalaridan biri bo‘lgan bu zotning to‘liq ismlari Abul-Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim Pazdaviy bo‘lib, milodiy 1030 yilda hozirgi Qarshi shahri o‘rnida joylashgan Nasaf hududida dunyoga keladi. Unga berilgan “Pazdaviy” nisbasi esa Nasafdan Buxoroga ketish yo‘lida undan olti farsax masofada joylashgan “Pazda” yoki “Bazda” degan qo‘rg‘on nomidan olingan.

Nasaf X-XI asrlarda hadis, kalom va fiqh ilmlari bo‘yicha O‘rta Osiyoda yirik markazlardan biri sifatida sanoqli shaharlar qatoridan o‘rin olgan. Chunki  IX  asrdayoq Nasaf va undan uncha uzoq bo‘lmagan Pazdada, shuningdek Kesh vohalarida ham hadis ilmlari, aqida va fanning boshqa sohalariga oid maktablar shakllana boshlagan edi.

 U dastlabki saboqni otasi Abul-Hasan Muhammad Pazdaviydan oladi. Shu bilan bir qatorda u bir qancha hanafiy olimlaridan ham tahsil olib Islom asoslarini chuqur o‘rganadi. 

Abdulkarim Sam’oniy  alloma haqida shunday deydi: “Pazdaviy xalq orasida qozilar peshvosi sifatida tanilgan bo‘lib, Buxoroda bir qancha vaqt hadis imlo qildirgan, fiqh sohasida talabalarga dars bergan zabardast nazariyotchi olim edi”.

Islom asoslarini chuqur o‘rgangan alloma hayoti davomida ko‘pgina kitoblar ta’lif qiladi. Olimning yozgan kitoblari turli sohalarga oid bo‘lib, ular orasida “Usul ad-din” asari muhim ahamiyatga ega. Alloma mazkur asarini to‘qson oltita masala ko‘rinishida bayon qilgan bo‘lib, bularning birinchisida kalom ilmini o‘rganish va o‘rgatish hukmi haqida bahs yuritgan, oxirgi masalada esa moturidiylarga muxolif mazhablarni bayon qilib o‘tgan. Mazkur asar mazmun-mohiyati jihatidan ahli sunna val-jamoa yo‘nalishi va moturidiya maktabi fikrlarining butun mohiyatini ochib berish va Movarounnahrda tarqalgan “Ahluz-zayg‘ val-bida’ – adashganlar va bid’atchilar”ning ta’sirini kamaytirish uchun yozilgan.

Abul-Yusr Pazdaviy Movarounnahrda, ayniqsa Buxoroda hanafiya mazhabi hamda moturidiya kalom maktabining rivojlanishida ulkan xizmat ko‘rsatgan. Binobarin, uning poytaxti hisoblangan Samarqandga ko‘chib kelishi ham, hanafiya ta’limoti rivojlanishining yo‘nalishlarini sezilarli darajada o‘zgartirib yuboradi. Ulamolar orasida katta obro‘ga erishgan  Abul-Yusr Pazdaviy Samarqandda “Qoziyul-quzot” unvoniga erishadi. Lekin saljuqiylardan Malikshohning Movarounnahrga qarshi yurishi natijasida allomaning Samarqanddagi muvaffaqiyatli faoliyatlariga yakun yasaladi.

Pazdaviyning eng mashhur shogirdlari sifatida  Abul-Muin Nasafiy, Ruknul-aimma Abdulkarim ibn Muhammad Sanoiy, “Aqoid an-Nasafiy” asarining muallifi Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy, Alouddin Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy (Tuhfat al-fuqaho kitobi sohibi) kabi olimlarni sanab o‘tish mumkin.

Abul-Yusr Pazdaviy 69 yoshida Buxoroda vafot etadi.

Abul-Yusr Pazdaviy o‘z davridagi moturidiylik aqida maktabi ta’limotini puxta o‘rgangan va boshqa noto‘g‘ri aqidadagilar bilan ham ilmiy bahs-munozaralar olib borgan. Demak, Alloma Pazdaviyning boy ilmiy merosini xususan “Usul ad-din” asarini moturidiya ta’limotini himoya qiluvchi asar sifatida baholash juda ham o‘rinlidir. Shuningdek, bu asar bugungi kunda paydo bo‘lgan ayrim ekstremistik adashgan oqimlarga qarshi kurashda ham katta ahamiyat kasb etadi.

Asadulloh Qudratulloh,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Maqolalar