Bismillahir Rohmanir Rohiym
Doktor Muhammad Rotib Nobulusiy yozadi:
“Agar insonlarning eng baxtlisi bo‘lishni istasangiz, odamlarni xursand qiling, ularning qalbiga shodlik ulashing. Shunda siz ham baxtli bo‘lasiz. Zero, Robbimizning go‘zal ismlaridan biri “Ash-Shakur” ya’ni ko‘p shukr qiluvchi bo‘lib, U Zot qilingan bitta yaxshilikka o‘ntadan yetti yuz barobargacha, hattoki undan ko‘proq ham savob beradi.
Insonlarga, hayvonot va nabotot olamiga qanchalik ko‘p yaxshilik qilsangiz, shuncha o‘zingizni baxtli his qilasiz. Ayniqsa, bir qiynalgan oilaga yaxshilik qilsangiz, oila a’zolarining, ayniqsa yosh bolakaylarning tabassumi sizni qanchalik xursand qiladi.
Bir kam ta’minlangan oilani bilaman. Oila boshlig‘i – ota og‘ir betob edi. Yuragini operatsiya qilish uchun katta mablag‘ talab qilardi. Har gal uni ko‘rgani uyiga borar ekanman, oila a’zolarining g‘am-qayg‘uga botgani, jajji bolajonlarning mayus ko‘zlariga guvoh bo‘lardim.
Bir badavlat odam muolaja pulini to‘lab berdi. Muolaja yaxshi o‘tdi, oila boshlig‘i sog‘ayib ketdi. Ziyorat qilgani borsam, uydagi holat butkul boshqacha, ayniqsa, bolajonlar nihoyatda xursand va quvnoq edi. Buni ko‘rib ko‘zlarim quvnab ketdi.
Odamlarning og‘irini yengil qiluvchi, ularga dalda bo‘lib, ularning qalbiga xursandchilik kiritadiganlarning Alloh taoloning huzurida martabasi balanddir.
Agar eng baxtli inson bo‘lishni istasangiz, odamlarning qalbiga xursandchilik kiriting. Shunda Alloh taolo ham sizni xursand etadi. Zero, Robbimiz – Ash-Shakurdir.
Unutmangki, baxt – mol-dunyoning ko‘pligida emas. Baxt – Alloh bilan bo‘lgan aloqangizdir.
Do‘stlarimdan biri o‘ziga guvoh bo‘lgan ushbu voqeani so‘zlab bergan edi. Xizmat safari bilan xorijdan yarim kechasi soat 12 larda uyga qaytar ekanman, yo‘l chekkasida bolasini ko‘tarib yig‘lab o‘tirgan ayolga ko‘zim tushdi. Ularga yaqin borib, nima bo‘lgani haqida surishtirdim. Ayol farzandi bemorligi, isitmasi 42ga ko‘tarilganini, turmush o‘rtog‘i vafot etgani va yaqin tanishi yo‘q musofir ekani haqida aytdi. Imkon qadar yordam berdim. Bir kasalxonadan boshqa shifoxonaga olib bordim, bir qancha dorixonalarga yugurdim. Nihoyat bolakayning issig‘i tushdi. Soat ertalabgi 5 bo‘lgandi. Bir qiynalgan odamga yordam berganimdan o‘zimni nihoyatda baxtli his qildim. Go‘yoki jannatda yurgandek bo‘ldim.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida e’tikofda o‘tirardilar. Ko‘zlari bir tushkunlikka tushgan kishiga tushdi. Uning oldiga borib: “Nega mahzun ko‘rinasiz?” deb so‘radilar.
U: “Qarzlarim ko‘payib ketdi, qaytarishga mablag‘im yo‘q, shuni o‘ylab g‘amga botdim”, dedi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: “Men qarz bergan odam bilan senga muhlat berishini so‘rab gaplashib ko‘raymi?” dedilar. Haligi kishi boshini qimirlatib, rozilik bildirdi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu darhol o‘rinlaridan turib, tashqariga chiqdilar. Odamlar: “Ey, ibn Abbos e’tikof o‘tirganingiz yodingizdan chiqdimi?” dedilar.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: “Yo‘q aslo unutmadim. Lekin Allohga qasamki bir birodarimning hojatini oson qilish, uning qalbiga xursandchilik kiritish yo‘lida sa’y-harakat qilishim men uchun bir oylik nafl ro‘za va masjidda e’tikof o‘tirishdan afzaldir”, dedidar”.
Davron NURMUHAMMAD
2 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Islom Karimov mamlakatimiz tarixining g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrida O‘zbekistonga rahbarlik qildi. Uning nomi mustaqillikning qo‘lga kiritilishi, milliy davlatchiligimizning tiklanishi va yurtimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqishi bilan uzviy bog‘liq.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimiz, muqaddas dinimiz, ona tilimiz, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Shu ma’noda, mustaqilligimizning poydevorini yaratishga, mamlakatimiz tinchligi va barqarorligini ta’minlashga, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishga katta hissa qo‘shgan insonlar xotirasini e’zozlash muhim ma’naviy qadriyatdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan Birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi.
Samarqandga tashriflar chog‘ida uning maqbarasini ziyorat qilish ezgu an’anaga aylandi.
Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning mamlakatimiz mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.
Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qo‘ydi.
Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.