Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Avgust, 2026   |   4 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:06
Quyosh
05:34
Peshin
12:27
Asr
17:18
Shom
19:24
Xufton
20:47
Bismillah
17 Avgust, 2026, 4 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

IJTIMOIY TARMOQLARDAGI FITNACHILARDAN EHTIYOT BO‘LAYLIK!

10.09.2024   6637   3 min.
IJTIMOIY TARMOQLARDAGI FITNACHILARDAN EHTIYOT BO‘LAYLIK!

Jamiyatimiz hayoti, ayniqsa insonlar o‘rtasida o‘zaro axborot almashish, ma’lumot olishda internet tarmog‘ining ahamiyati kundan kunga ortib bormoqda. 

Inson salomatligi u oziqlanayotgan suv va ne’matlar sofligiga bog‘liq bo‘lganidek, shaxs dunyoqarishining sog‘lomligi va ilm saviyasi o‘zlashtirayotgan ma’lumot va bilimlarining manbalariga bog‘liqdir. Shu nuqtayi nazardan, davrimizda internet tarmog‘idan foydalanish odobi ijtimoiy odoblarning eng ahamiyatlilaridan biri hisoblanadi.   Biroq, har narsaning yaxshi va yomon tarafi bo‘lganidek, so‘ngi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning ham jiddiy xatarlari yuzaga chiqmoqda. Jumladan, ayni davrda ayrim buzg‘unchi oqimlarning internetdan o‘z g‘arazi yo‘lida keng foydalanayotgani, yoshlarni o‘z domiga tortayotgani, ayrim saytlarda behayolik, o‘z joniga qasd qilish kabi ayanchlik illatlar targ‘ib etilayotgani, ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda turli fitnalar, jamiyatni beqarorlashtiruvchi yolg‘on ma’lumotlar berilayotganini kuzatishimiz mumkin.Shuning uchun ham xalqimiz, xususan yoshlarni ana shunday xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning eng dolzarb vazifasiga aylanib bormoqda. Quyida ijtimoiy tarmoqlarning ana shunday xatarlaridan eng asosiylarini sanab o‘tamiz:  

Yolg‘on va asossiz xabarlarning tarqalishi va Fitnalar uyushtirish makoni” ekani:      Hozirgi globallashuv davrida eng asosiy muammoga aylangan illatlardan biri – yolg‘on axborotdir. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz ma’lumotlarni tarqatish, turli bo‘htonlar va uydirmalarni urchitish holatlari ko‘plab uchramoqda. Ayrim soddadil musulmonlar mana shunday uydirmalarga ishonib, yolg‘on va bo‘htonga sherik bo‘lib qolmoqdalar. Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga quyidagi hadis ham yaqqol dalil hisoblanadi. Bu borada Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kishiga gunoh bo‘lishi uchun eshitgan narsasini gapirishining o‘zi kifoyadir”, – deganlar (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyati).   

So‘nggi yillarda internet siyosiy kurashlar maydoni, turli xil manfaatlarning kuchli quroliga ham aylanib bormoqda. 

Har qanday to‘siq, cheklov va taqiqlarni aylanib o‘tishga moslashtirilgan ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda chinakamiga jilovlab bo‘lmas kuchga aylandi.  

Terrorchi to‘dalar, adashgan firqalar va boshqa buzg‘unchi kuchlar ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalangan holda odamlarni, ayniqsa yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish, ulardan o‘zlarining manfur maqsadlari yo‘lida foydalanish, jamiyatda nifoq chiqarish hamda eng achinarlisi urush olovini yoqishga urinishmoqda va bunga ma’lum ma’noda erishishmoqdalar ham. Aslida turli fitnalar uyushtirish, insonlar o‘rtasida adovat urug‘ini sochish – dinimizda eng katta jinoyatlardan biri ekani ta’kidlangan.  

Alloh taolo Qur’oni karimda:  “Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir...” deb marhamat qiladi. (Baqara surasi 217-oyat)   Hammamiz ham yangiliklardan xabardor bo‘lish, dunyoqarashimizni o‘stirish maqsadida internet tarmoqlariga murojaat qilamiz. Muhimi – ulardan oqilona foydalansak, xususan yoshlarni aqlan va ruhan to‘g‘ri tarbiya topishida, turli yot qarashlar ta’siriga tushib qolmasliklariga xushyor bo‘lsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.  Alloh taolo yurtimizni turli xil fitna-fasodlardan panohida saqlasin... 

Zokirjon G‘apporov,

Kosonsoy tumani “Abdulhayxon”  jome  
masjidi imom-noibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   21625   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV