Bismillahir Rohmanir Rohiym
Uhud g‘azotidan keyin Alloh taolo musulmonlarga bunday xitob qildi:
«O‘shanda U Zotning izni ila ularni qira boshlaganingizda Alloh va’dasining ustidan chiqdi. Ammo sizlar zaiflashib, farmon borasida ixtilof qildingiz, U Zot siz yaxshi ko‘rgan narsani ko‘rsatganidan so‘ng esa osiylik qildingiz, chunki orangizda dunyoni istaydiganlar ham bor, oxiratni istaydiganlar ham bor. Keyin esa U Zot sinov uchun sizlarni chekinishga majbur qildi. Endi esa sizlarni afv etdi, zero, Alloh mo‘minlarga fazlu marhamatlidir. O‘shanda Rasul ortingizdan chaqirib tursa ham, hech kimga qaramay, tirqirab qochdingiz. Ammo U Zot qo‘ldan ketgan narsaga ham, yetgan musibatga ham mahzun bo‘lmasligingiz uchun sizni g‘am ustiga g‘am bilan mukofotladi. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir» (Oli Imron surasi, 152-153-oyatlar).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kamonchilarni bir tepalikka joylashtirib, «Mening farmonimsiz joyingizdan jilmanglar!» deb buyurdilar. Lekin ular jangning boshida musulmonlar g‘alaba qilayotganini ko‘rib, o‘ljadan benasib qolib ketmaylik deb, Payg‘ambarimiz solllallohu alayhi vasallamning buyruqlarini bajarmay, pastga tusha boshlashdi. Buni kutib turgan dushman fursatdan darhol foydalandi. Bu musibatga ana shu tortishuv, itoatsizlik sabab bo‘ldi. Mana shu jinoyatning «mevasi» o‘laroq, musulmonlar jang maydonida g‘am ustiga g‘amlarga giriftor bo‘ldilar.
Taloto‘pda dushmanlardan biri «Muhammad o‘ldi!» deb qichqirdi. Mana shu yolg‘on xabarning tarqalib ketgani birinchi musibat bo‘ldi. Bu xabar musulmonlarni qattiq tushkunlikka tushirib qo‘ydi. Ikkinchi musibat esa kofirlarning musulmonlar ustidan qo‘li baland kelib, yetmishta zabardast sahobaning shahid qilingani bo‘ldi. Qur’oniy ta’bir bu musibatni o‘zgacha uslub bilan ifodaladi. Alloh taolo «sizlarni g‘am ustiga g‘am bilan jazoladi», demadi, balki «mukofotladi», dedi. Nima uchun mukofotladi? Buning nimasi mukofot deysizmi? Axir yuqoridagi hadisda nima deyilgan edi? Har bir musibat – ajr emasmidi? Bu voqeaning mukofotligi shuki, g‘am-tashvish, musibat tufayli sababli mo‘minlarga ajr-savob berildi. Shuning uchun Alloh taolo musibatlarni, qiyinchiliklarni savob deb, mukofot deb atadi, chunki bu musibatlar sodir bo‘lgan xatolarni yo‘q qilib yuborar edi! Mo‘minlar bu qiyinchiliklarga sabr qilishsa, Alloh ulardan rozi bo‘ladi, gunohlarini mag‘firat qiladi, jannatdagi darajalarini yuksaltiradi.
Shunday ekan, mahzun bo‘lmang, opa-singillar! Alloh bizni azoblash uchun, qiynash uchun emas, balki tarbiyalash uchun sinamoqda. Balolarni yo‘llab, bizni mukofotlamoqchi, kechirmoqchi, bizdan rozi bo‘lmoqchi. Shuning uchun shu lahzalardan e’tiboran unutmangki, g‘am-tashvishlarda albatta ajru mukofotlar bor.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi.
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati