27 mart kuni O'zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonamiz Malayziya Yutara universiteti bilan hamkorlikda O'zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy, ta'lim va turizm salohiyati bag'ishlangan qo'shma tadbir o'tkazildi. Unda Malayziya oliy ta'lim vaziri Mohamed Halid Nordin, Yutara universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Shahimi Moxtar, ushbu davlat siyosiy, ilmiy-akademik va ishbilarmon doiralari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar bermoqda.
Tadbirda O'zbekistonda olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar, O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari bo'yicha batafsil axborot berildi.
Shuningdek, uchrashuvda Yutara universiteti rektori vazifasini bajaruvchi Shahimi Moxtar O'zbekiston Bank-moliya akademiyasi (BMA) bilan islom moliyasi bo'yicha mutaxassislarni tayyorlash sohasida o'rnatilgan hamkorlikni olqishladi va ushbu aloqalarni kelajakda yanada kengaytirishga qiziqish bildirdi.
Tadbir davomida Malayziya Yutara universiteti qoshidagi Islom biznes maktabi 10 kunlik maxsus islom moliyasi bo'yicha o'quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan 21 ta BMA tinglovchilariga tegishli sertifikatlar topshirildi. Shuni ta'kidlab o'tish kerakki, joriy yilning boshidan jami bo'lib respublikaning 42 ta mutaxassislari Malayziyada islom moliyasi bo'yicha malakasini oshirdi.
Malayziya Yutara universitetining Islom biznes maktabi 2011 yilda tashkil etilgan bo'lib, u dunyoda birinchi bo'lib Universitetlar qoshidagi biznes maktablarni rivojlantirish xalqaro assosiatsiyasi (Association to Advance Collegiate Schools of Business) tomonidan ro'yxatga olingan Islom biznes maktabi hisoblanadi.
Tadbir yakunida joriy yil iyun' oyida Malayziya Yutara universiteti huzuridagi Islom biznes maktabi delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifini amalga oshirish va respublika mutaxassislari uchun seminar hamda treninglar o'tkazish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#Yangi_o‘quv_yili
Bugun, 3 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining barcha kurslari va oliy diniy ta’lim muassasalarining 1-kurs talabalari uchun yangi 2025-2026 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosimlarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, hududiy hokimlik mas’ullari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar, shuningdek, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirlar Qur’oni karim tilovati, xayrli duolar va davlat madhiyasi bilan boshlandi.
So‘zga chiqqan mutasaddilar barchani mustaqilligimizning 34 yilligi va yangi o‘quv yili boshlanishi bilan qutladi. Mamlakatimizda Yurtboshimiz tomonidan barcha sohalarda bo‘lgani singari diniy-ma’rifiy sohaga alohida e’tibor qaratilayotgani, xususan, bunga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va bir guruh ulamolar “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlangani yorqin dalil ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, o‘tgan yili magistratura bosqichi ochilib, endilikda doktaranturani tashkil etish rejalashtirilayotgani kabi qator yangiliklar aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, diniy ta’lim muassasalari faoliyati yildan-yilga takomillashayotgani, jumladan, o‘quv dasturlari zamon talabiga qarab yangilab borilayotgani, kirish imtihonlari elektron test shaklida o‘tkazilib, eng munosib talabalar saralab olinayotgani, muddaris va talabalarga har jihatdan sharoitlar hozirlanayotgani, ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, talabalar astoydil o‘qib-o‘rganib, yaxshi mutaxassis bo‘lishga harakat qilishi lozimligiga urg‘u qaratildi.
Tadbirlar davomida diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalari o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Marosimlar yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchligi va farovonligi, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishi hamda yangi o‘quv yili xayrli va manfaatli bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Bayram tadbirlaridan so‘ng o‘quv auditoriyalarida “Mustaqillik darslari” boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati